Yil boshidan buyon TSA 26,5 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil etdi

Joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26 milliard 733 million dollarni tashkil etgan. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida aytilgan.

Agentlik hisobotidan kelib chiqilsa, TSA o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga (769,5 million dollar) oshgan.

Qariyb 27 milliard dollarlik TSAda 10 milliard 856 million 500 ming dollari eksport (1,9 foizga oshgan), 15 milliard 876 million 500 ming dollari esa import (3,7 foizga ko‘paygan) ulushiga to‘g‘ri kelgan.

Hisobotda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi eng ko‘p ulushga ega bo‘lgan mamlakatlar beshligiga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya kiritilgan. Bunda TSAdagi Xitoy ulushi 18,9 foizga, Rossiya ulushi 17,9 foizga, Qozog‘iston ulushi 5,9 foizga, Turkiya ulushi 4,5 foizga, Janubiy Koreya ulushi esa 3,4 foizga teng bo‘lgan.