O‘zbekistonda 2024-yil mobaynida transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazishiga olib kelishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha 40 ming 119 nafar shaxsga nisbatan 39 ming 270 ta ish ko‘rib chiqilgan.
Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shundan 26 ming 63 nafar shaxsga nisbatan jarima va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish kabi ma’muriy jazolar qo‘llangan.
Jamoat faollari mamlakatda YTHlar va ular oqibatida o‘lim holatlari ko‘payib borayotgani haqida bong urmoqda.
Jumladan, 2024-yilda ro‘y bergan 9364 ta YTH oqibatida 2203 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohatlangan.
Tahlillarga qaraganda, piyodalarni urib ketish holatlari ko‘paygan.
Yo‘llardagi bevaqt o‘limlar sabab soha mas’ullarining iste’fosi ham talab etilgani ma’lum.