YTTB eksperti: O‘zbekiston hukumatiga aloqador shaxs va shirkatlar bilan ishlamaymiz

Samarqanddagi yig‘in YTTBning 20 yildan keyin O‘zbekistonda o‘tkazgan ilk yillik anjumani bo‘ldi.

YTTB rasmiylari O‘zbekistonni iqtisodiy jihatdan potensiali katta va istiqboli porloq davlat sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, 2017-yildan beri mamlakatga kiritilgan 3 milliard dollar atrofidagi sarmoyalar natijasi haqida gapirishga hanuz erta, ammo shu kunga qadar "favqulodda katta o‘zgarishlarni kuzatishmoqda".

Ayni paytda barcha xalqaro investorlar va ekspertlar ham O‘zbekiston borasida bunchalik umidbaxsh emas. Ular mamlakatda hanuz biznes muhitining shaffof emasligi, hukumat mulozimlari o‘ziga afillangan bizneslar manfaatlarini himoya qilishi, ularga arzon kredit va imtiyozlar taqdim etish hollari keng tarqalganini aytishadi.

Jahon banki o‘tgan yilgi hisobotida O‘zbekistonda oligarxiyalashuv kuchayib borayotganidan ogohlantirgan.

Ozodlik va hamkorlarining qator surishtiruvlari shubhali biznes aloqalari hukumatning eng yuqori doiralari, shaxsan prezident Mirziyoyev oilasi a’zolariga ham borib taqalishini o‘rtaga chiqargan. O‘zbekiston rasmiylari bu surishtiruvlar xulosalarini javobsiz qoldirib keladi.

Ozodlikning O‘zbekistonda energetika, qishloq xo‘jaligi va qator sohalardagi xususiy shirkatlar ortida aslida hukumat bo‘g‘inlaridagi yuqori lavozimli amaldorlar o‘tirganiga oid savollariga javoban YTTBning mintaqa bo‘yicha yetakchi eksperti Erik Livni “bo‘lishi mumkin emas” deb javob berdi.

Erik Livni bilan suhbat YTTBning shu yil 16-18-may kunlari Samarqandda o‘tgan 32-yillik anjumani paytida yozib olingan.

-O‘zbekistonda YTTB orqali moliyaviy yordam olayotgan xususiy sektordagi eng muhim o‘yinchilar kimlar?

Erik Livni: Xususiy sektor haqida gapiradigan bo‘lsak, bu biz investitsiya kiritayotgan yirik kompaniyalar, bizning ulushimiz bo‘lgan kompaniyalardir. [Masalan], oziq-ovqat sotuvchisi “Korzinka”. Bu ajoyib muvaffaqiyat, o‘sish tarixiga misol. Yana bir juda qiziq keys bu O‘zbekistonda faoliyat boshlagan birinchi to‘liq raqamli bank bo‘lmish TBC bankidir.

-Bu bank haqida ko‘proq so‘zlab bera olasizmi?

Erik Livni: Iste’molchilar kredit olishini tubdan o‘zgartiradi, chunki TBC xodimlarining menga aytishicha – yaqinda ulardan intervyu oldim – odamlar uxlaydi, ammo bank ishlashda davom etadi. Bu juda sodda izoh. Hamma narsa avtomatlashtirilgan. Sababi, sun’iy intellektga tayanuvchi algoritm asosida har bir iste’molchini ko‘rib chiqadi, ishlayotgani yoki yo‘qligi, qancha daromad topayotgani, soliq to‘laydimi, yo‘qmi, kredit tarixi yaxshimi yoki uncha yaxshi emasmi, qancha sarflay oladi – hammasini hisoblab chiqadi. Mana shu ma’lumotlar asosida odamlar emas, bank xodimlari emas, balki sun’iy intellekt, algoritm, kompyuter kredit berish yoki bermaslik va qanday stavka bilan berish borasida qaror chiqaradi. Ya’ni, hatto foiz stavkasini kompyuter hisoblaydi.

-Shunda kredit YTTB tomonidan...

Erik Livni: Yo‘q, yo‘q, kreditni TBC bank beradi. Biz butunlay parda orqasidamiz. Biz TBC ulushiga egamiz. Ular qanday ishlashiga umuman aralashmaymiz. TBC o‘z biznes modeliga ega bank. O‘zbekiston uchun TBC bankning kirib kelishi muhim voqea bo‘ldi. Mamlakat zamonaviy bankingga nisbatan ko‘nikmagan. Bu degani mana shunaqa banklar kirib kelganida ko‘plab qonun va protseduralar o‘zgarishi kerak bo‘ladi. Hozirda O‘zbekistondagi regulyator - Markaziy bank TBC bilan yaqindan ishlamoqda.

Tabiiyki, boshqa yirik loyihalarimiz ham bor. Yana bir misol keltiraman: Indorama. Bu qarorgohi Singapurda joylashgan kompaniya bo‘lib, O‘zbekistonda ancha vaqtdan beri faoliyat yuritib keladi. Indorama muvaffaqiyati vertikal o‘sish mahsulidir. Ular [o‘z faoliyatlarini] asosidan paxtani qayta ishlashdan boshlashgan. Boshida mahalliy yetishtiruvchilar paxtasini qayta ishlashgan. Bugunga kelib o‘zlari ham paxta yetishtirishyapti.

YTTBning mintaqa bo‘yicha etakchi eksperti Erik Livni

Ularning o‘z yirik, zamonaviy va tabiatga zarar keltirmaydigan fermerlik xo‘jaliklari bor. Bundan tashqari, bugunga qadar O‘zbekistonning ikki tumanida yetishtirilgani paxtani xarid qilishadi. Shuningdek, qiymat zanjirida yuqoriga ko‘tarilib, ikki o‘g‘it zavodini sotib olishgan. Bittasini yaqinda olishdi. Endilikda paxta yetishtirish uchun o‘g‘itni o‘zlari ishlab chiqarishyapti. Qayta ishlash uchun paxta xarid qilishadi, paxtani yigirishadi. Buning barchasini eksport qilishadi yoki mahalliy to‘qimachilik sanoatini [xomashyo bilan] ta’minlashadi. Lekin aksar qismini eksport qiladi.

- Ya’ni, bu ish bilan boshdan-oyoq shug‘ullanishadi?

Erik Livni: Deyarli to‘liq vertikal integratsiya[ni yo‘lga qo‘yishgan].

- Indoramani tilga olganingiz yaxshi bo‘ldi. Indorama haqida biz ko‘pdan beri yozib kelamiz. Indorama bilan ishlashadigan fermerlar bilan suhbatlashganmiz. Tabiiyki, mamnun fermerlar ham bor, ammo bizga fermerlarning o‘zlaridan kelib tushadigan shikoyatlarda fermerlar huquqlari poymol qilinayotgani iddao qilinadi. Bundan tashqari, yaqinda sizning O‘zbekistondagi loyihalaringizni kuzatib keladigan Banktwatch tashkiloti huquqlar buzilayotgan holatlar bo‘yicha hisobot yozdi. Bulardan xabardormisiz?

Erik Livni: Yetarlicha ma’lumotga ega emasman. Ayrim publikatsiyalardan xabarim bor, lekin tafsilotlarini bilmaganim uchun bu haqda gapirmagan bo‘lardim.

- Indorama zavodlarida bo‘lganmisiz?

Erik Livni: Zavodlarida bo‘lganim yo‘q, qarorgohlarida bo‘lganman. Umumiy amaliyot hamda qishloq xo‘jaligi operatsiyalari rahbarlaridan intervyu oldim.

Ishlash oson emasligini bilaman, ayniqsa, shartnoma asosida ishlaydigan fermerlar bor holatlarda. Oson emas. Bunday munosabatlar har qanday mamlakatda ham oson kechmaydi. Buni hal qilishning bir yo‘li – fermerlar tanlash huquqiga ega bo‘lgan vaziyatni yaratish. Ideal vaziyatda fermerlar kimga sotish bo‘yicha qaror chiqara olishlari kerak. Mazkur holatda agar ularga Indorama yoqmasa, boshqa birovga sotishlari mumkin.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

YTTB etakchi mintaqaviy eksperti Erik Livni bilan suhbat

- Ularda mana shunday tanlash imkoniyati bor deb o‘ylaysizmi?

Erik Livni: Qarang, bu imkoniyat ularga rad etilgani yo‘q. Ammo gap ular buni ko‘tara olishlari yoki yo‘qligida, chunki ular joylashgan joylarini o‘zgartira olmaydilar. Shunday ekan, mahsulotni boshqa viloyatga, boshqa qayta ishlab chiqarish [zavodiga] olib borish logistikasi qimmatroqqa tushishi mumkin. Qolaversa, boshqa joyda ular yaxshiroq shartlarga yo‘liqadilarmi yoki yo‘qmi, buni aytish qiyin. Bilasizmi, bu erkin bozor. Shunday ekan, hamma optimal yo‘lini izlaydi. Tabiiyki, xaridorlar ozroq to‘lashni xohlaydilar, sotuvchilar esa daromadlarini maksimallashtirishni istaydilar. Bunday vaziyatda doim shikoyatlar bo‘ladi.

- Sizda fermerlar yoki ishchilar bilan uchrashish imkoniyati bo‘ldimi?

Erik Livni: Juda ko‘p fermer bilan ko‘rishdim. Aynan Indorama uchun ishlayotganlar bilan emas. Bir necha marta Farg‘ona vodiysiga bordim.

- Indorama mato fabrikalari bor [u yerda], to‘g‘rimi?

Erik Livni: Indoramaniki emas. Ko‘plab fermaga bordim, nafaqat paxta [fermalariga], balki boshqa ko‘plab fermaga. Issiqxonalarni ko‘rish uchun. Uzum qanday yetishtirilyapti, ajoyib o‘zbek giloslari qanday yetishtirilyapti, ko‘rib keldim.

Men sezon boshlanganda bordim. Agrologistika markazlari mana shu ajoyib giloslarga to‘la edi. Muammo ularni qayta ishlashda edi.

- Iloji boricha tez sur’atda.

Erik Livni: Tezkorlik bilan ularni saralash, yuvish kerak edi. Meva barra saqlanishi uchun buning barchasini tezda qilish kerak. Men borgan agrologistika markazlaridan biri Janubiy Koreyaga havo [transporti] orqali gilos eksport qilishga muvaffaq bo‘libdi. Menimcha bu ajoyib muvaffaqiyat.

Yaxshi narxda sotishgan. Shunday ekan, hamma foyda ko‘ra bundan: fermerlar, agrologistika kompaniyasi. O‘zbekiston esa mamlakat o‘laroq qattiq valyuta qozonadi.

- Avvalgi mavzuni nihoyasiga yetkazsak. YTTB mutaxassislari, rasmiylari, ma’muriyati barcha iddaolarni jiddiy qabul qilayotgan bo‘lsa kerak. Bu iddaolarni qay yo‘sinda tekshirasizlar?

Erik Livni: Bankimizda ijtimoiy ishtirok uchun mas’ul maxsus jamoa bor. Ular “front liniyasida” desak bo‘ladi. Ular nodavlat tashkilotlarni kuzatadilar, ulardan kelib tushayotgan shikoyatlarni tinglaydilar, muammo nimada ekanligini tushunishga harakat qiladilar, keyin o‘sha [shikoyatlarni] ko‘rib chiqadilar. Shunday ekan, biz bunga jiddiy qaraymiz. Reputatsiyamiz haqida juda qayg‘uramiz. Shunday ekan, har qanday iddao ko‘rib chiqilishi kerak. Aytib o‘tganimdek, bu masala bilan shug‘ullanuvchi maxsus jamoamiz bor.

  • 2023-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 23 mlrd dollardan oshdi.
  • Asosiy kreditorlar uzoq yillardan buyon OTB ($5,4 mlrd), JB ($4,4 mlrd) va ITB (0,9 mlrd), 2017-yildan buyon esa YTTB (0,9 mlrd) hisoblanadi.
  • O‘zbekistonning tashqi qarzi aholi (2023-yil 1-yanvar holatiga 36 million) jon boshiga taqsimlansa, 650 dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

- 2003-yilda YTTB Toshkentda yillik yig‘inini o‘tkazgan edi.

Erik Livni: Roppa-rosa yigirma yil oldin.

- Roppa-rosa yigirma yil oldin. Marhum Karimov davrida, inson huquqlari, so‘z erkinligi, iqtisodiy muammolar bilan bog‘liq vaziyat murakkab edi. YTTBning yillik sammitida bu ko‘p tanqid qilingan edi. Bu safar – ikki kundan beri kuzatyapman – bugungi tuzumga nisbatan jiddiy tanqid eshitmadik. Tanqid qiladigan yoki hech bo‘lmasa o‘rtaga tashlaydigan narsa qolmadi deb o‘ylaysizmi? Yoki hech kim bu masalalarni ko‘tarmayotgani muammolimi?

Erik Livni: Agar 2003-yildagi O‘zbekistonga bugungisini solishtiradigan bo‘lsak, bu qariyb ikkita alohida davlat, deyish mumkin. Agar O‘zbekistonni ichida yashasangiz, bu o‘zgarishlarni ko‘rishingiz ancha qiyin. Ammo, agar siz har 5 yilda kelsangiz, har 10 yilda kelsangiz har safar ulkan o‘sishni ko‘rasiz. Bu o‘sish hayotning har bir sohasida - jamoat hayoti, davlat boshqaruvi va biznes faoliyatida kuzatilyapti. Tanib bo‘lmaydigan darajadagi o‘zgarishlar. Men xususiy sektor nuqtai nazaridan aytadigan bo‘lsam, misol uchun Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon yoki biror shaharga borsak, birinchi bo‘lib tadbirkorlardan o‘z shirkatingiz haqida gapirib bering, deb so‘raymiz va ular nima deb javob berishadi bilasizmi. Shirkatimiz 2017 yoki 2018, 2019-yilda ochilgan, deb gap boshlaydi. Buning sababi bizning bank O‘zbekistonga qaytgani emas, balki O‘zbekiston biznesga ochilganidir”.

-Bu holatlar 2017-yildan beri sodir bo‘lmayapti, deb o‘ylaysizmi?

- Mutlaqo. Hech kim hech kimning biznesini tortib olmayapti. Tadbirkorlar mulki tortib olingan holatlar haqida eshitganim yo‘q. Menda O‘zbekistonga qaytgan ko‘plab tadbirkor o‘zbek do‘stlarim bor. Ayrimlari Moskvadan, ayrimlari Yevropadan [qaytdi]. Ular O‘zbekistonni 2010-yilda, 2012-yilda tark etishgan, chunki bizneslarini tortib olishgan. Endi esa qaytishyapti. Ijtimoiy kapital, pul, tajribalari bilan qaytishyapti, chunki O‘zbekiston biznes uchun ochildi. Hayotning barcha jabhasida bunga guvoh bo‘lyapmiz. Savolingizga javobimning mag‘zi shu.

Bu forum jamoatchilik oldida [O‘zbekistonni] tanqid qilish uchun yaxshi fursat deb o‘ylamayman. Yechilishi kerak muammolar har doim bo‘ladi. Sizga biz qo‘llab kelayotgan Xorijiy investorlar kengashidan misol keltirishim mumkin. O‘tgan yilning noyabrida ularning [yig‘inini] uyushtirishni qo‘lladik. O‘sha yerda yuzma-yuz gaplashildi.

-O‘zbekiston tomonidan kim qatnashganini ochiqlay olasizmi?

Erik Livni: Prezident. Prezident Mirziyoyev rahbarimiz Odil [Reno-Basso] bilan birgalikda bu kengashga rasman raislik qildi. Ikkisi Toshkentda barcha yirik xorijiy investorlar bilan bir stol atrofida o‘tirishdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bo‘ldi. U yerda xohlagan gapingizni ayta olasiz.

[Aytaylik], siz byurokratiya, soliq, infratuzilmadan foydalanish bilan bog‘liq muammoga yo‘liqdingiz. Muammo nimada ekanligini [oshkora] ayta olasiz. Prezident buni qayd etadi, uning yordamchilariga ko‘rsatma beriladi. Eshitish, muammolarni hal qilish xohishi bor. Siyosiy yoki boshqa ochko to‘plash uchun qilinmayapti bu. Mamlakatda juda konstruktiv muhit hukm surmoqda. Dialog olib borishingiz mumkin…

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

YTTB anjumani O‘zbekistonga qaytdi. Qiynoqlar ham

- Xalq bilishni xohlaydi, bilasiz.

Erik Livni: Odamlar bilishni xohlaydi va bu yaxshi. Agar muammo bo‘lsa… Masalan, mamlakatda amalga oshirilgan ayrim xususiylashtirish amaliyotlari bizga xush kelmadi. Ayrimlari, qaytaraman. Aksar xususiylashtirish amaliyotlari kitobdagidek amalga oshirilmoqda. Lekin bizga ma’qul kelmagan bir-ikki holat bor edi. Biz buni aytdik. Biz buni ko‘tardik, chunki…

- Bu haqida ko‘proq tafsilot bera olasizmi? Hech bo‘lmasa qaysi sohada ekani haqida biror umumiy ma’lumot?

Erik Livni: Juda konkret misollarni bermagan bo‘lardim…

- Qaysi sohalarda? Masalan, energetika yoki…

Erik Livni: Yo‘q, yo‘q, yo‘q, energetika sohasida emas, balki qurilish materiallari sohasida. Ammo aytmoqchi bo‘layotganim, biz hukumatga xususiylashtirish bo‘yicha juda yaxshi, zamonaviy qonunni ishlab chiqishda ko‘maklashdik. DABA, ya’ni Davlat Aktivlarini boshqarish agentligi salohiyatini oshirish, protseduralarni uyushtirish, davlat mulki sotilishi mumkin bo‘lgan kim oshdi savdolarini uyushtirish bo‘yicha treninglar o‘tkazdik.

Ular odatda ko‘rsatmalarga amal qilishadi va ayrim mulklarni juda yaxshi narxlarda sotishyapti. Yaqinda Toshkentda ayrim mehmonxonalar, yer uchastkalari va boshqalar yaxshi narxlarda sotildi. Ayrim holatlarda xususiylashtirish kim oshdi savdosisiz amalga oshirilganini ko‘rdik. Bu xavotir tug‘diradi, chunki jarayon qanchalik shaffof, qanchalik raqobat asosida o‘tkazilsa, xorijiy va mahalliy investorlar shunchalik ko‘proq ishtirok etadi.

- Asosiy masala ham shu, shaffoflikni ta’minlash.

Erik Livni: Aynan. Hukumatni bu masalalarda yanada qat’iyroq bo‘lishga undayapmiz. Yana takrorlayman, eshitish, yaxshiroq natija ko‘rsatish istagi bor deb o‘ylayman.

- Mirziyoyevning ikkinchi muddati o‘rtasidamiz. Ko‘pchilik faqat eshitish bilan cheklanmay, islohotlarni amalga oshirish kerak deyapti. Prezident xususiy sektor bo‘yicha islohotlarini haqiqatan amalga oshiryapti deb o‘ylaysizmi?

- Qarang, yana... Sizga aniq bir misol keltiraman. Yaqindagina advokatlar bilan suhbatlashdim, chunki shaxsan o‘zbek advokatlarini, investitsiya muhitini, ayniqsa, qonun ustuvorligi nuqtai nazaridan anglab yetmoqchi edim. Tabiiyki, yaxshilash mumkin narsalar har doim bo‘ladi. Ammo allaqachon qanchalik ish qilinganini ko‘rib turibmiz. Masalan, sudyalarni moliyaviy mustaqillik bilan ta’minlash, sud tizimidagi korrupsiya riskini ozaytirish uchun maoshlar keskin oshirilgan. Sudyalarni nodavlat [tashkilotlar] vakillarini o‘z ichiga oluvchi kengashlar, advokatlar uyushmasi tayinlamoqda va hokazo.

- Transparency International tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hanuz juda korrupsiyalashgan davlat. Qator mustaqil matbuot nashrlari, shu jumladan Ozodlikning surishtiruvlari - Ukrainadagi urush fonida Kremlning ortib borayotgan bosimi ostida - O‘zbekistondagi energetika zahiralari Rossiyaga suvtekinga sotilganini o‘rtaga chiqardi. Sizning bundan xabaringiz bormi va YTTB kreditlarining bunday shirkatlar qo‘liga o‘tishi oldini olish uchun konkret choralaringiz bormi?

Erik Livni: Biz bu masalada juda qat’iy munosabatdamiz. Ya’ni, siyosatga aralashgan shaxslarga har qanday ko‘rinishda aloqasi bo‘lgan shirkatlar bilan mutlaqo ishlamaymiz. Bunday shaxslar boshqaruv kengashida, menejmentda bo‘lgan, benefitsiari bo‘lgan, qarindosh yoki oilaviy aloqalarini ishga solgan yoki hokimiyatdagi hozirgi yoki avvalgi siyosiy aloqalarini ishga solishdan foyda ko‘rgan shaxslarga aloqador biznes vakillari bilan ishlamaymiz. Albatta, bu biz ishlashimiz mumkin bo‘lgan shirkatlar sonini cheklaydi hatto. Ya’ni, odatan yirik shirkatlar emas, balki o‘zini o‘zi yaratgan biznes vakillari bilan ishlaymiz. Biz buning uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazamiz va maxsus guruhimiz tekshiruvi bilan korrupsiya va siyosatdan holi biznes vakillarini tanlaymiz. Bunda biror shubhani e’tibordan chetda qoldirmaymiz. Chunki, bu bizning nufuzimizga zarar yetkazishi mumkin. Biz har bir shirkatni alohida tekshiramiz. Agar bu borada ayblov yoki faktlar bo‘lsa, ishoning buni albatta tekshiramiz”.