Yunusobodni suv bosdi. Suvsozlarning bayonotiga energetiklar raddiya berdi

Yunusobod tumanidagi suv toshqiniga oid lavha (Gazeta.uz fotosi)

Joriy yilning 3-iyul kuni Toshkent shahri Yunusobod tumani mavzelarini suv bosdi. Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, bunga Qoraqamish hamda Moyqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasidagi quvurda yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda ko‘p qavatli uylarning yo‘laklarigacha suv ostida qolganini ko‘rish mumkin.

“Gazeta.uz” nashri xabariga ko‘ra, odamlar uydan tashqariga chiqa olmaganidan shikoyat qilgan.

FVV avariya sababli tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘qligi haqida bayonot berdi.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari maxsus texnikalar yordamida suvni ko‘p qavatli uylarning hovlilaridan chiqarib tashlashga, suv ta’minoti tizimi vakillari quvurlarni ta’mirlashga jalb etilgan.

“Toshkent shahri suv ta’minoti” MCHJ matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov 800 mm hajmli quvurda nosozlik yuzaga kelganini bildirdi.

“Buning asosiy sababi yaqin joydagi qozonxonada elektr energiyasi vaqtincha uzilganidir. Shu sababli quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgan va ularning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan”, dedi u voqea joyida poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga bergan izohida.

Energetika vazirligi esa nosozlikning elektr energeyasiga aloqasi yo‘qligi, suv ta’minoti korxonasi bayonoti haqiqatga mos emasligi haqida rasmiy bildirgi tarqatdi. Raddiyaga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi 4-sonli qozonxonada 2-3-iyul kunlari elektr ta’minotida hech qanday uzilish yuz bermagan.

“Kun.uz” nashri hodisadan bir necha soat o‘tib xabar berishicha, avariya ro‘y bergan chorrahada transport harakati va bir necha mavzeda suv ta’minoti qisman tiklangan.