Zarina, Halima va prezident kuyovlari. Tarmoqni titratgan trendlar

"Yaltiroq qatlam"

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka SMM-menedjer Noila Qutliyeva hamrohlik qildi.

"Sardoba to‘g‘onini kemirgan baliq"

Qutliyevaga ko‘ra, kechgan xafta ichida barcha platformalar asosan ikki mavzuni muhokama qilgan:

“To‘dako‘lda topilgan, hali fanga ma’lum bo‘lmagan yirik va o‘ta yirtqich baliq asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. Tarmoqlar bu baliq "Sardoba to‘g‘onini yeb yutib To‘dako‘ldan siyosiy boshpana oldi", deya hajv qildi. Ikkinchi eng ko‘p muhokama qilingan mavzu, bu - Toshkent shahar hokimining o‘zbek tili haqidagi gapi. Shu paytgacha tarmoqda salbiy qahramon obrazida namoyon bo‘lib kelgan Ortiqxo‘jayev bu safar o‘zbek tili himoyachisiga aylandi”.

Uzbekistan - Mayor Tashkent Jahongir Ortikxojaev

Keyingi paytda shakllangan odatga ko‘ra, tarmoq muhokamasi ortidan tegishli vazirlik yoki tashkilot bunga munosabat bildiradi. O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarmoqlarda tarqagan baliqning Sardoba to‘g‘oniga aloqasi yo‘qligi haqida bayonot bilan chiqdi. Qo‘mita xabarnomasida aytilishicha, bu baliq haqiqatan ham "duch kelgan narsani kemirishga qodir yirtqich"dir.

“Bu Kamarbaliqdir. Tinch, Atlantika va Hind okeanlarining iliq suvlarida, asosan, tropik mintaqa havzalarida uchraydi. Baliq uzunligi 3 metrgacha boradi. Yelka suzgichining tugash qismidagi shakli “toj” kabu ko‘ringani bois bu baliq “Seldlar qiroli” degan nom olgan".

«Istiqlol» majmuasining qurilishi masalasida “Markaziy univermag” yonidagi xiyobonda jamoatchilik bilan uchrashgan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat tilini bilmagan fuqarolarga rus tilida gapirishga majbur emasligini bildirgan edi.

Ortiqxo‘jayevdan rus tilida gapirishni so‘ragan yig‘in qatnashchilariga «O‘zbekcha gapiryapman, O‘zbekistonda yashayapman, o‘zbekcha gapiryapman. Xohlasangiz «perevodchik» oling yoningizga», deya javob qaytargan.

Ortiqxo‘jayevning gapidan so‘ng, TikTokda til mavzusi hajv qilingan o‘nlab videolar qo‘yildi. Shulardan biri “Toshkent 2030 - yilda” deb nomlanadi. Kadrda bir yigit Toshkent markazida paydo bo‘lib, “Rus tilida gaplashadigan bormi?” deb baqiradi...

TikTok O‘zbekistonda keng taraqlgan platforma

Prezident kuyovi va Zarina

Noila Qutliyevaga ko‘ra¸ keyingi bir xafta mobaynida Moskvada istiqomat qiladigan Zarina Nizomiddinovaning Instagramda qo‘ygan suratlari tarmoqlarda "qo‘lma-qo‘l" bo‘lgan:

“Yalla” ansamblining marhum qo‘shiqchisi Shahboz Nizomiddinovning qizi Zarinaning rasmlari har doimgidan ham ko‘p muhokama qilindi. Bultur o‘g‘li tug‘ilgan edi. Tarmoqda bu o‘g‘ilning otasi mamlakat boshqaruv olimpidagi mashhurlardan biri, degan gap yuradi. Bu haftada prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov mototsiklda avariya bo‘lgani bir oz ehtiyotkorlik bilan muhokama qilindi. Asosan, duo qilishdi. Ba’zi gruppalar bu infoni birpas qo‘yib, keyin olib tashlashdi.

TikTokda qo‘yilgan videoda Zarina Nizomiddinova qo‘lida bola ushlab turgani aks etgan. Tasvirdagi bola kompyuter yordamida yoshi kattalashib borayotgani aks ettiriladi. Bola taxminan 35 yasharlik erkak qiyofasiga kiradi. Kadrda "siz uni taniysiz" degan yozuv chiqadi.

Otabek Umarov

Prezident Mirziyoyev TikTokda

SMM-menedjer Noila Qutliyevaga ko‘ra, TikTok tarmog‘ining o‘zbekcha kontentida prezident Mirziyoyev bilan bog‘liq mavzular tomoshabop bo‘lmoqda:

O‘zbekiston prezidenti dehqonlar bilan uchrashuv paytida “asbobingiz soz bo‘lsa, ishingiz yurishadi” deya dehqon-fermerlar uchun qishloq xo‘jalik texnikasi bilan ta’minlash sohasiga e’tibor qaratdi. Bu mavzu darrov TikTokda trendga aylandi. O‘spirinlar yoki sal kattaroqlar ham bu trend asosida video qo‘yishdi. Yaqinda O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning TikTokdagi rasmiy kanali ish boshladi. TikTok tarmog‘idagi eng g‘arib kanal shu. Uchta video turibdi. 10ta obunachi va 34ta yoqtirish belgisi.

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar idorasiga tashrifi chog‘ida

Qoidasiz urush. Halima nega shoirni do‘pposladi?

Hafta davomida komik aktrisa Halima Ibrohimovaning shoir turli piar tadbirlar kunda-shundasi, so‘nggi paytlarda aktyor va rejissyor Ahad Qayumni do‘pposlagani tarmoqning barcha lentalarida aylandi. Bundan boshqa yana nimalar tarmoqda ovoza bo‘ldi? Yana Qutliyevadan eshitamiz:

“Ahad Qayum nom chiqaraman, deb Halimaga tashlangani va oqibatda do‘pposlangani videosi yaxshi aylandi. Shu bilan birga, Komil Allamjonovning “she’r o‘qish o‘rniga ilm fanni rivojlantiraylik", degan gapi asosan katta yoshdagilardan iborat FB da muhokama bo‘ldi. Zulfiya mukofoti olgan qizning shafqatsiz qotil va talonchiga aylanib qamalgani voqesi esa, Instagramning asosiy mavzularidan edi. Instagram platformasidagi yuzerlar pora evaziga Zulfiya mukofoti olish jarayonini tanqid qilishdi”.

Tarmoq ijtimoiy ong formasiga aylandi

General bo‘lishni orzu qilgan askar

To‘rt haftadirki, tarmoqning olti platformasi O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini qo‘ygan yagona o‘zbek¸ o‘tgan yil oxirida diniy e’tiqodi bois qo‘shiqchilikni tark etganini aytgan Jahongir Otajonovning har bir qadamini muhokama qilmoqda. Bu safar Otajonov Yulduz Usmonovaga javob qaytardi:

“Zotan, uning kimligini 30 yildan beri hamma biladi. Yaloqilarga ta’rif bermayman. General bo‘lishni orzu qilmaydigan askar askar emas. Harakat bilan shu mavqega erishdim. Hech kim yordam bermadi. Kerak bo‘lsa, ota-onam qarshi chiqdi”, dedi sobiq xonanda o‘zining Telegram kanalida.

Qo‘shiqchilikdan ketgan Jahongir Otajonov kelayotgan prezident saylovlari munosabati bilan hanuz trendda

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com