Zelenskiy: Putin eng ko‘p Rossiya jamiyati noroziligidan qo‘rqadi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabr oyi oxirida Vashingtonda AQSH prezidenti Jo Baydenga taqdim etmoqchi bo‘lgan va uning fikricha, Rossiya bilan urushda Ukraina g‘alabasiga olib boradigan o‘z rejasida to‘rtta band borligini bildirdi. “Beshinchi band ham bor – unisi urushdan keyin kerak bo‘ladi”, degan Zelenskiy AQSHning CNN telekanaliga bergan intervyusida. Intervyuning to‘liq videosi Ukraina prezidenti ofisi tomonidan 15-sentyabr kuni yoyinlangan.

Zelenskiy CNNga bergan suhbatida rejadagi bandlarga oid tafsilotlarni ochiqlagan emas. Ukraina prezidentiga ko‘ra, ulardan birinchisi xavfsizlikka, ikkinchisi Ukrainaning geosiyosiy o‘rniga, uchinchisi Kiyevga “u yoki bu narsadan foydalanishni o‘zi tanlashi”ga ruxsat berilishi doxil “juda kuchli harbiy dastak”ka, to‘rtinchisi iqtisodiy qo‘llovga taalluqli.

Zelenskiyning so‘zlaridan kelib chiqilsa, g‘arb qurol-aslahasi bilan Rossiya hududining ichkarisiga zarba berishga ruxsat etilishi bu rejaning bir qismi bo‘lib hisoblanadi. Ayni paytda u hozirda Kiyev AQSH va boshqa mamlakatlardan hali bunday ruxsat ololmaganini urg‘uladi.

Ukraina prezidenti bu aslahadan Rossiyadagi harbiy obyektlar, xususan aerodromlarga qarshi foydalanish rejalanayotganini ta’kidladi. Zelenskiyga ko‘ra, bunday ruxsatning cho‘zilishi Ukrainaga zarba berayotgan uchoqlarning rossiyalik harbiylar tomonidan mamlakat ichkarisiga ko‘chirilishiga olib kelgan va endilikda ularni yo‘q qilish uchun yanada uzoqroqqa uchadigan raketalar lozim bo‘ladi.

Ukraina prezidenti rossiyalik harbiylar boshqariluvchi aviabombalar yordamida mamlakat energetika infratuzilmasining 80 foiziga shikast yetkazganiga e’tibor qaratgan.

Ukraina Donbassda mudofaani mustahkamlash o‘rniga nima uchun o‘tgan oyda Kursk viloyatiga hujum boshladi?” degan savolga Zelenskiy: “Bu amaliyot tavakkalchilikka asoslangan edi, biroq baribir maqsadga erishildi, chunki Rossiya o‘z harbiylarning bir qismini Kursk ostiga tashlashga majbur bo‘ldi va Donetsk viloyatidagi hujumlar sekinlashdi”, deya javob bergan.

Ayni paytda Zelenskiy Ukrainaga g‘arb harbiy yordamini yetkazish sur’atidan shikoyat qilgan. U yordam kechikishi frontda snaryad yetishmasligi va tashkil qilinayotgan brigadalar kerakli darajada ta’minlashga imkon bermayotganini qayd etgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida gapirar ekan, Zelenskiy, agar G‘arb davlatlari va ularning ittifoqchilari birdamlikni saqlamaydigan bo‘lishsa, Putin va unga o‘xshagan arboblar “butun dunyoni o‘zaro bo‘lib olish”ga qodir bo‘lishini aytgan.

Shu bilan birga, Zelenskiy taxminicha, Putin xorijdan bo‘lgan bosimdan ko‘ra Rossiya jamiyatidan ko‘proq qo‘rqadi.

Agar Rossiya xalqi badastir hayotga ega bo‘lmasligi, Ukrainadagi xalq kabi energetikasiz qolishi xavfini his qilsa, u urush nimaligini biladi, bundan xursand bo‘lmaydi va Putinga ta’sir o‘tkazishni boshlaydi”, deb hisoblaydi Ukraina prezidenti.

Agar shunday bo‘lsa, Zelenskiy fikricha, Putin Ukraina bilan “kelisha boshlaydi”, Rossiya jamiyatining bunday reaksiyasiga erishish uchun esa “Ukrainani kuchli qilish” zarur.

Hozir esa Putin muhtamal muzokaralar haqida gapirganida ikkiyuzlamachilik qilmoqda”, dedi Zelenskiy.

Avvalroq Rossiya prezidenti Ukraina o‘zining qator hududlaridan voz kechsa, ikki o‘rtada tinchlik muzokaralari boshlanishi mumkinligini bildirgan. Kiyev bu shartlar maqbul emasligi haqida bir necha bor bayonot bergan.