Zelenskiy: Rossiyada egallangan hududlar muzokaralar uchun kerak

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida, 2024-yil 27-avgusti

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 3-sentyabr kuni NBC News telekanaliga avgust oyi boshidagi kutilmagan hujum amaliyoti natijasida egallab olingan Rossiya hududlarini muddatsiz ushlab turishni rejalayotganini bildirdi. Shu tariqa Kiyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muzokara stoliga o‘tqazishga urinmoqda.

“Bizga ularning yeri kerak emas. Biz u yoqqa Ukrainaning turmush tarzini ko‘chirishni xohlayotganimiz yo‘q”, degan Zelenskiy.

Ukraina egallab olingan hududlarni bundan buyon ham nazorat qilmoqchi, chunki, prezidentga ko‘ra, bu urushni tugatish va “g‘alaba rejasi”ning bir qismidir. Zelenskiy bu rejani Kiyevning ittifoqchilari va xalqaro hamkorlariga taqdim etish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Qariyb bir oy muqaddam Ukraina qo‘shinlari maxfiy amaliyot chog‘ida Rossiyaning Kursk viloyatiga kirishgan. Endilikda Kiyev Rossiyaning qariyb 500 kvadrat millik hududini nazorat qilayotgani va rossiyalik yuzlab asirni qo‘lga olganini iddao qilmoqda.

Zelenskiyga ko‘ra, 6-avgustdagi hujum amaliyotining maqsadi rossiyaliklar tomonidan Ukraina chegarasi bo‘ylab bufer hududi barpo etilishiga to‘sqinlik qilish bo‘lgan. Avvalroq Putin Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaning chegaraoldi yerlariga hujum qilinishining oldini olish uchun Ukrainaning chegara hududini egallab olishni va’da qilgan edi.

NBC News telekanali jurnalistining “Ukraina rejasiga hujumlarni davom ettirib, Rossiyaning yanada ko‘proq hududini egallab olishga urinish ham kiradimi?” degan savoliga Zelenskiy “bu mavzuda gapirolmayman”, deya javob bergan.

Zelenskiy NBC News'ga Bayden ma’muriyati Kursk yo‘nalishida amaliyot o‘tkazilishini bilmagani, chunki bu hatto Ukraina ichida ham qattiq qo‘riqlangan sir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Vashington bir necha marta Kiyevning Kursk viloyatiga oid rejalaridan xabardor bo‘lmaganini bildirgan edi.