Zelenskiy ukrainlar va ruslar tarixi haqida maqola yozgan Putinni trolling qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin ruslar va ukrainlar tarixini o‘rganish uchun vaqt topa olganiga “hasad qilishini” aytib, rossiyalik hamkasbini trolling qildi.

Zelenskiy bu gapni 13 - iyul kuni unga Putinning ukrainlar va ruslar bir xalq, degan fikr ilgari surilgan 5 mingdan ortiq so‘zli maqolasi haqida berilgan savolga javoban aytdi.

Putin da’vosi ikki xalq do‘stligining ijobiy bayonoti o‘laroq taqdim etildi, ammo Ukrainada Rossiya prezidentining bu qarashi ukrainlarning noyob madaniyati va tarixini kichraytirib ko‘rsatishga urinish o‘laroq qabul qilindi.

Ukraina prezidenti bir kun oldin Kreml veb-saytida ham rus, ham ukrain tilida chop etilgan Putin maqolasini to‘liq tahlil qilish uchun yetarli vaqti yo‘qligini aytdi, ammo u Rossiya prezidenti maqolani yozish uchun “juda ko‘p vaqt sarflagani” ko‘rinib turganini aytdi.

“Men mana shunaqa ulkan, qudratli mamlakat prezidenti ana shunday uzun asarni yozish uchun juda ko‘p vaqt sarflay olishi mumkinligiga hasad qilaman”, dedi Zelenskiy.

Zelenskiy Putin “qardosh” xalqlar haqida so‘zlaganiga qaramay, Rossiyaning qiliqlari birodarlarga xos emasligini aytdi.

“Bu ko‘proq Qobil va Hobil munosabatlariga o‘xshaydi”, dedi Zelenskiy.

Putin bir necha yildan beri Ukrainaning millat va mustaqil davlat sifatida legitimligi haqida shubha tug‘dirishga urinib keladi. Xabarlarga ko‘ra, u AQSh Prezidenti Jorj Bushga Ukraina “hatto davlat ham emas” deb aytgan.

Biroq, Ukrainada ko‘pchilik o‘z mamlakati Yevropa bilan integratsiya qilishini xohlaydi va Kreml taklif qilgan qadriyat va boshqaruv institutlaridan ko‘ra G‘arb qadriyatlari va boshqaruv institutlarini afzal ko‘radi.

2013 va 2014 - yillarda sobiq prezident Viktor Yanukovich mamlakatni Moskvaga qayta yo‘naltirishga uringanida yuz minglab ukrainalik Kiyev ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqib, oxir-oqibat Yanukovich hukumatini ag‘dargan edi.

Putin Yanukovich ag‘darilganidan foydalanib, 2014 - yilda Ukrainaning Qrim yarim oroli tarixan Rossiyaniki ekanini aytdi va uni anneksiya qilib oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Putin Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasida bo‘lginchilarni dastaklay boshladi. Kievning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat sharqidagi to‘qnashuvlarda bugunga qadar 14 000 dan ortiq odam o‘lgan.

Putin 12 - iyul kuni e’lon qilingan maqolasida “Ukrainaning haqiqiy suvereniteti faqat Rossiya bilan hamkorlik qilganda mavjud bo‘lishi mumkinligiga amin” ekanini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti ertasi kuni jurnalistlarga agar Putin yuzma-yuz uchrashuvga vaqt ajratganda, yaxshiroq bo‘lgan bo‘lar edi, dedi.

Zelenskiy Putin bilan hal qilinmagan masalalarni, shu jumladan, Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi mojaroni tugatish masalasini muhokama qilish uchun sammit o‘tkazishga urinmoqda.

Zelenskiy jurnalistlarga Putinda uchrashuvga vaqt yo‘qligini, endi buning sababini bilishini aytdi.

“U yozgan narsalar haqida biz gaplashishimiz mumkin edi”, dedi u.