Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:42

Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistondan ayirmoqchi bo‘lgan shaxs qirg‘iz hukumatidan boshpana so‘radi


"Olg‘a, Qoraqalpog‘iston" harakatiga mansubligi aytiladigan plakatlardan biri.
"Olg‘a, Qoraqalpog‘iston" harakatiga mansubligi aytiladigan plakatlardan biri.

Qoraqalpog‘istonni O‘zbekistondan ayrib, mustaqil davlat tashkil etish g‘oyasini ilgari surayotgan “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakati lideri Omonboy Sagidullayev o‘zini O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Bishkekdan o‘g‘irlashga harakat qilayotganini iddao qilib, Qirg‘iziston hukumatidan himoya so‘radi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi iltimosi bilan Sagidullayev bilan uchrashib, uning murojaati yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

"MXX meni Bishkekda ham ta‘qib qilmoqda"

Nukus tumanining sobiq hokimi¸ 47 yashar Omonboy Sagidullayev Qirg‘iziston hukumatiga himoya so‘rab murojaat qilishga uning oila a‘zolari bilan shubhali odamlar qiziqa boshlagani sabab bo‘lganini aytdi. Sagidullayevga ko‘ra, oktyabrь oyida uning farzandi o‘qiydigan Bishkekdagi maktablardan biriga noma‘lum shubhali shaxslar kelib, oila a‘zolari va yashash manzili haqida surishtiruv ishlarini olib borgan.

- 22 oktabrda mening bolam o‘qiydigan 67-maktabga bir odam kelib, o‘zini kuchishlatar tuzilma xodimi sifatida tanishtirgan va bizning adresimizni, bolalarim qayerda ekanini so‘rab-surishtirgan. Shundan so‘ng, 27-kuni uch odam maxsus xizmatdanmiz deb, qo‘lida qog‘oz bilan kelgan. 16 oktabrdan beri hech qayoqqa chiqolmay yashirinib o‘tiribmiz. Men bu borada BMTga murojaat qilsam, ular gaplarimga ishonishmadi. Men hech bo‘lmaganda farzandlarimni xavfsiz joyga ko‘chirishlarini iltimos qilaman, - dedi Omonboy Sagidullayev.

Omonboy Sagidullayev qochqinligi tarixi

Omonboy Sagidullayev 2012 yilda O‘zbekistondan Qirg‘izistonga boshpana izlab qochib kelgan. Rasmiy Toshkent Omonboy Sagidullayevni 2011 yildan beri O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)¸ 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bo‘yicha ayblab kelmoqda va uni xalqaro qidiruvga bergan. Ammo Sagidullayevning o‘zi bu ayblovlarni uydirma, deb hisoblashini hamda rasmiy Toshkent uni Qoraqolpog‘iston mustaqilligi yuzasidan referendum o‘tkazishni talab qilgani uchun ta‘qib qilayotganini aytib keladi.

"Aka-ukalarim ham ta‘qibga uchradi"

Sagidullayevning aytishicha, uning yaqin qarindoshlari ham O‘zbekiston hukumati tomonidan ta‘qib qilinmoqda.

- Mening akam Sagidullayev Bagit va ukam Sagidullayev Jumaboy prokuraturaning, SNB va MVDning tunggi soat 11dan tonggi soat 4gacha o‘tkazgan so‘roqlariga chidamay, kaltaklashlarga dosh berolmay, Qozog‘iston orqali hech qanday hujjatsiz Qirg‘izistonga keldi. O‘zbekistonda Sagidullayev familiyali erkak odam qolmadi. Men hech narsani o‘margan emasman, bu jinoyat ishi menga nisbatan soxtalashtirilgan, - dedi Sagidullayev.

Bishkekda o‘zbekistonlik qochqinlar avval ham o‘g‘irlangan

Qirg‘izistonlik huquq faollari ham Qirg‘iziston hukumati va xalqaro tashkilotlardan Omonboy Sagidullayev va uning oilasi o‘g‘irlab ketilishining oldini olishga chaqirmoqda.

Bundan avval, 2005 yildagi Andijon voqeasidan so‘ng O‘sh va Bishkekdan boshpana topgan o‘zbekistonlik bir qator faollar va muxolifat a‘zolari o‘g‘irlab ketilgan hamda matbuotda ular O‘zbekiston sudi tomonidan uzoq muddatlarga sudlangani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga boshpana izlab kelgan shaxsning izsiz yo‘qolishi holati so‘nggi marta o‘tgan yili sodir bo‘lgan edi. 2013 yilning 18 fevralida 2009 yildan beri Bishkekda qochqin maqomida yashab kelayotgano‘zbekistonlik Shuxrat Musin bedarak ketgan, oradan ikki oy o‘tgach esa Frantsiyadagi “O‘tyuraklar klubi” rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva Shuhrat Musin Andijonda sudlanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG