Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:31

Tojikiston rasmiylari to‘y dasturxoniga qo‘yilgan yeguliklarni musodara qildi


Dushanbe shahrida o‘tkazilgan to‘yda kuyov-kelin mashinaga o‘tirmoqda. (Ozodlik arxividan olingan bu suratning maqolada tilga olingan oilaga aloqasi yo‘q)
Dushanbe shahrida o‘tkazilgan to‘yda kuyov-kelin mashinaga o‘tirmoqda. (Ozodlik arxividan olingan bu suratning maqolada tilga olingan oilaga aloqasi yo‘q)

Tojikistonning janubida yashovchi Zaydullo Xudoyorov to‘ng‘ich qizini turmushga uzatishga barcha tayyorgarliklarini ko‘rib qo‘ygan edi. Ammo qiz bazmi boshlanishidan bir necha soat oldin bir guruh rasmiy uning uyini tintuv qilib, marosim uchun tayyorlab qo‘yilgan yeguliklarning katta qismini musodara qildi.

Rasmiylar bazm uchun tayyorlangan yemishlar isrofgarchilikka olib kelishini hamda Xudoyorovlar oilasi turli tadbirlarga qancha mablag‘ sarflash belgilab qo‘yilgan qonunni buzganini ta’kidlashdi.

26 avgust kuni o‘tkazilgan reydda ishtirok etgan Dahana qishlog‘i rasmiysi Xolmurod Ibrohimov: “Qishloqda qonnunbuzarlik oldini olishga erishdik”, dedi.

O‘tgan oyda o‘tkazilgan reyd haqida xabar tarqala boshlaganidan keyin, 18 sentabr kuni Ibrohimov: “Reyd davomida oila qiz bazmi uchun oshiqcha yegulik, jumladan, patir nonlar va holva tayyorlaganini aniqladik. Biz yeguliklarni tortib olib, Ko‘lob ruhiy kasallar shifoxonasiga topshirdik”, dedi.

Iborhimov yana yeguliklar uchun sarflangan mablag‘ Xudoyorovlar oilasi tushumiga mutanosib bo‘lmaganini ta’kidladi.

Tojikistonliklar orasida “tanzim” nomi bilan ma’lum bo‘lgan qonun dastlab 2007 yilda qabul qilingan. O‘shanda prezident Emomali Rahmon dabdabali to‘ylar va yirik azalar uchun sarflanadigan mablag‘ qashshoq mamlakat xalqini og‘ir ahvolga solayotganini ta’kidlagan edi.

Yetti farzandning otasi bo‘lgan Xudoyorovning doimiy ishi yo‘q. U mardikorlik qilib hamda hovlisida ekkan sabzavotlarni sotib kun kechiradi.

Xudoyorov rafiqasiga kuyovga ovqat yubormaslikni aytganini ta’kidladi. Mahalliy an’anaga ko‘ra, to‘ydan avval kelin taraf kuyovnikiga yegulik yuboradi.

Xudoyorov qonunni buzganiga qaramasdan, jarimaga tortilmaganidan mamnun.

Marosimlarga sarflanadigan mablag‘larni cheklovchi qonunlarda ularni buzganlarga 4 ming dollargacha jarima solish belgilangan. Qonunni qayta-qayta buzganlarga esa 5700 dollar jarima solinishi mumkin. Rasmiylarning aytishicha, bunchalik katta jarima belgilashdan maqsad aholini qonunga rioya qilishga chaqirishdir. Mamlakatda o‘qituvchilar va boshqa hukumat ishchilari oyiga taxminan 150 dollar maosh oladi.

Avgust oyining oxirida Tojikiston parlamenti qonunni o‘zgartirishga qaror qildi va yangi cheklovlarni joriy qildi. Yangi o‘zgarishlarga binoan, hukumat ishchilari yoki ularning oila a’zolari ushbu qonunni buzishsa, ular ishdan haydalishi mumkin.

Kiritilgan o‘zgarishlar yana yangi chaqaloqqa ism qo‘yish, bolaning sochini ilk marta olish yoki xatna qilish marosimlarini dabdabali o‘tkazishni man etadi.

Buning o‘rniga oilalar o‘z farzandlari uchun bank hisoblarini ochib, to‘plangan mablag‘ni ularning bilim olishi va sog‘lig‘ini saqlash uchun sarflashga chaqiriladi.

Bundan tashqari, yaqini vafot etgan oilalarga ayrim tadbirlar, jumladan, yetti kunda yoki olti olda xudoyi qilish man etiladi.

Tojikistonda ishsizlik va kambag‘allik keng tarqalgan bo‘lsa-da, mamlakat aholisida ba’zan dabdabali to‘ylar qiladi. Oilalar odatda uzoq yillar davomida to‘yga mablag‘ to‘playdi.

Avgust oyida Rahmon mahalliy rasmiylarni har bir oilaga qonun nusxasini berishga chaqirdi.

Dahanalik Xudoyorov esa, o‘z boshidan kechirgani boshqalarga o‘rnak bo‘lishidan umidvor.

XS
SM
MD
LG