Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:42

Surxondaryo hokimi dehqonlarning yeryong‘og‘i “tortib olinayotganini” Facebookda izohladi


Surxon dalalari.
Surxon dalalari.

Viloyatdagi fermer xo‘jaliklarida ijarachi dehqonlar yetishtirgan yeryong‘oqni davlat olib qo‘yayotgani to‘g‘risida xabar qilgan feysbukchi-blogerga viloyat hokimi Feysbuk orqali javob berdi.

Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ozodlik bilan suhbatda yeryong‘oq bilan bog‘liq mojaroni fermer xo‘jaliklarida yetishtiriladigan barcha hosil fermerning bank hisobida aks etishi lozimligi bilan izohladi.

Fermerdan ijaraga yer olib, yeryong‘oq yetishtirgan dehqonning fikricha, uning fermer-davlat munosabatlariga aloqasi yo‘q, chunki u “ijara pulini to‘lab qo‘ygan”.

Feysbukdagi bahsga qo‘shilganlardan birining fikricha, fermer xo‘jaligiga “qishloq xo‘jaligi korxonasi” maqomi berilmas ekan, surxondaryolik dehqonlar boshiga tushgan ish butun mamlakat bo‘ylab takrorlanaveradi.

Feysbukchi-bloger Muhammad Shakur (Shokir Sharipov) tarmoqdagi o‘z sahifasida bularni yozdi:

“... ma’lum bo‘lishicha, majburiy ijro xodimlari fermerlarning yerida ekilgan yeryong‘oqni dehqonlardan olib, zagotzerno degan tashkilotga olib borilib to‘ktirishayotgan ekan.

Ma’lumot uchun: fermerlarning yeriga ekilayotgan yeryong‘oqning egasi – ushbu yerni gektariga 5 million so‘m evaziga fermerdan ijaraga olgan oddiy dehqonlardir. Ular bu yerni ikkinchi ekinga ishlatish uchun pulini to‘lab qo‘yishgan. Yeryong‘oq ekish uchun barcha xarajatlarni dehqon qilgan. Unga hech kim yordam bermagan…”

Dehqon yeryong‘og‘ini yig‘ib olishga qo‘rqayapti

Yeryong‘oq ekkan denovlik dehqonlardan biri ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka 3 gektar yerni fermerdan ijaraga olganini, har gektari uchun 2 mln so‘mdan to‘laganini, hosilni yetishtirish uchun 20 mln so‘m sarflaganini, hosilni yig‘ib olish uchun yana 2-3 mln so‘m sarflashi kerakligini aytib berdi.

Фермердан ижарага ер олиб ерёнғоқ эккан деҳқон билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:16 0:00
Бевосита линк

Dehqon bugun tunda (19 oktabrga o‘tar kechasi) hosilni yig‘ib olmoqchi. Uning aytishicha, traktorchilar yeryong‘oqni kunduzi kovlab berishga tekshiruvchilardan qo‘rqmoqda.

Fermerga hech qanday aloqasi yo‘q, ya’ni uning xo‘jaligida ishchi sifatida qayd etilmagan denovlik dehqon “ertaga hosilni tashib ketayotganimda yeryong‘og‘imni tortib olib qo‘yishlari mumkin, shunday bo‘lishi ehtimoli 200 foiz", dedi.

Dehqon hamkasblaridan eshitganlariga tayanib, hosilni davlat tortib olsa, kilosiga 2 mingdan berishini, o‘zi shu kunda sotsa 3,5 ming so‘mdan, saqlab, quritsa, ancha qimmatga sotishi mumkinligini aytdi.

Viloyat hokimining javobi

Yeryong‘oq etishtirgan surxondaryolik dehqonlarning shu kundagi tashvishlari to‘g‘risida yozgan feysbukchi-bloger Muhammad Shakurga viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Feysbuk orqali mana bu javobni berdi (imlo va punktuatsiya hokimniki):

“Olib sotarlarga, nokonuniy faoliyat yuritayotganlarga, endi yul kuyib bulmaydi. Dexkonlar oyligini, davlat soligini olishi shart. Yerni sotib, karzini tulamaganlarga, maxsulotini nokonuniy sotmokchi bulgan fermerlarga nisbatan murosa kilinmaydi. Yetishtirilgan maxsulot xoxlagan narxlarda, xoxlagan joyga sotiladi fakat rasmiy, konuniy yul bilan. Barchadan tartib bilan ishlashni surayman”.

Hokim o‘rinbosari Ozodlikka vaziyatni tushuntirdi

Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov Ozodlik bilan suhbatda Erkinjon Turdimovning Feysbukda sahifasi borligini, yuqorida keltirilgan izohni qoldirganini tasdiqladi.

Yeryong‘oq bilan bog‘liq mojaro yuzasidan Ozodlik savollariga javob berarkan, To‘ra Bobolov jumladan bunday dedi:

“Yeryong‘oq bilan mosh fermer xo‘jaliklari tomonidan har yilgiga nisbatan bu yil ko‘p ekilgan. Biz yeryong‘oq bilan mosh hosilining talon-taroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayapmiz. Har bir fermer xo‘jaligining debitorlik, kreditorlik qarzi bor. O‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida hamma mablag‘ni fermerning hisob raqami orqali aylantirayapmiz“, dedi To‘ra Bobolov.

Uning aytishicha, yeryong‘oq bilan moshning puli ham fermerning hisob raqamiga tushadi va qolaversa, bu bilan fermerlarning turli vositachilar tomonidan aldab ketilishi oldi ham olinmoqda.

Hokimning birinchi o‘rinbosariga ko‘ra, “dehqon yerni fermerdan ijaraga olgan”, degan tushuncha yo‘q. Chunki erni davlat fermerga 49 yilga ijaraga bergan. Uning, ya’ni fermerning erni yoki uning bir qismini boshqa birovga ijaraga berishga haqi yo‘q.

Сурхондарё вилоят ҳокимининг биринчи ўринбосари Тўра Боболов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:33 0:00
Бевосита линк

Masalaning yechimi bormi?

Hokim o‘rinbosari aytgan me’yorni Muhamad Shakurning xabariga kelgan sharhlardan biri muallifi Orif Sharipov ham eslatarkan, bunday yozdi:

“Fermer tomonidan yer uchastkasini ijaraga berish kat’iyan man etilgan. Bu norma "O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida" ham, "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qonunda ham qat’iy belgilab qo‘yilgan”. (Bu ma’lumotni Ozodlik qo‘shimcha tekshirilmadi)

Orif Sharipovning fikricha, Surxondaryoda yeryong‘oq yetishtirgan dehqonlar duch kelgan muammolarga barham berish uchun mavjud qonunlarga o‘zgartirish kiritish zarur:

Sharipov o‘z posti davomida bunday degan:

“Yer kodeksining Yer uchastkasi ijarasi moddasida: qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ichki xo‘jalik ijarasi tartibida berishi mumkin, deb qayd etilgan.

Biroq fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi korxonasi emas.

Qonunning 3- moddasiga ko‘ra, u "yer uchastkasini ijaraga olib qishloq xo‘jaligi maxsulotini yetishtiruvchi sub’ekt", deb tushuncha berilgan.

Savol tug‘iladi: Sub’ekt - bu qanday maqom? Yuridik shaxs bo‘lsada, nimaga qishloq xo‘jaligi korxonasi bulmas ekan?

Agar "korxona" maqomi berilganda edi, fermer dehqonlarni yollab ichki xujaligi ijarasi tartibida ish ko‘rar edi. Fermer tashkiliy ishlar bilan, dehqonlar dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lib xar ikkala taraf manfaatdor bo‘lar edi.

Deputatligimda Fermer xo‘jaligi maqomini joyiga keltiraman deb, 8 yil urindim, befoyda. Ularga bunaqa aniqlik kerak emas, aks holda yeringni "ikkilamchi ijara"ga dehkonlarga berding, deb fermerga tazyiq o‘tkaza olishmaydi”.

XS
SM
MD
LG