Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:29

Rus millatchilari Moskvada Karimovga haykal o‘rnatilishiga qarshi imzo to‘plamoqda


Islom Karimov haykali tanloviga qo‘yilgan ishlardan biri.
Islom Karimov haykali tanloviga qo‘yilgan ishlardan biri.

Moskvada Islom Karimovga bag‘ishlab haykal o‘rnatilishiga qarshi petitsiyaga imzo yig‘ish boshlandi. Tadbir tashabbuschisi, LDPR partiyasi namoyandasi Georgiy Gorodetskiy Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Rossiya poytaxtida “rusofob va diktator” Islom Karimovga yodgorlik o‘rnatilmasligi, “madaniyatsiz va o‘qish-yozishni bilmaydigan o‘zbeklar”ga nisbatan esa, viza rejimini joriy qilish kerakligini gapirdi.

Moskva rusofillari I.Karimov yodgorligi o‘rnatilishiga qarshi

Turli nomalar, petitsiya va tashabbuslar onlayn-platformasi hisoblangan Change.org saytida “O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga Moskvada yodgorlik o‘rnatilishiga qarshi” sarlavhasi ostida petitsiya paydo bo‘ldi.

Biz, quyida imzo chekkan Rossiya Federatsiyasi grajdanlari, Moskva meri Sergey Sobyaninning rus poytaxtida Moskva shahar byudjeti hisobiga O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovga yodgorlik o‘rnatilishiga keskin norozilik bildiramiz. ... Eslatib o‘tmoqchimizki, Islom Karimov O‘rta Osiyodagi rusofobiya, qonunsizlik va hokimiyat uzurpatsiyasi ramzi (1990 yilning 24 martidan 2016 yilning 2 sentabrigacha boshqargan) bo‘lib qolgan”, deyiladi bu petitsiyada.

Mazkur chaqiriq matnida Karimovning asosiy kamchiliklari sifatida uning "ruslarga qarshi siyosat olib borgani", lotin grafikasini kiritgani, desovetizatsiya va Ulug‘ Vatan urushiga bag‘ishlab qurilgan memoriallarni vayron qilishdan iborat ekani ta’kidlangan.

29 oktabr kuni saytga qo‘yilgan bu petitsiyaga 7 noyabrga kelib qariyb 6 ming kishi imzoladi.

"Karimov Moskva uchun hech narsa qilgani yo‘q!"

O‘zini “LDPR partiyasining so‘l-markazchi siyosatchisi, O‘rta Osiyo davlatlari bilan viza joriy etilishi tarafdori” deya tanishtirgan petitsiya tashabbuschisi Georgiy Gorodetskiy Ozodlik muxbiriga imzolangan hujjat shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga yuborilishini aytadi.

- Karimov Moskva uchun hech narsa qilgani yo‘q! Sobyaninning rus xalqini xush ko‘rmasligi esa, anchadan buyon ma’lum. Ammo, o‘rta osiyolik zolim va rusofobga saylov oldidan yodgorlik qo‘yishdan nima ma’no?! Karimov shaxsiga kelsak, u hokimiyatni uzoq vaqt qo‘lida tutib kelgan oddiy yaramas odam. U hokimiyatni o‘ziga qarashli klan vakillariga topshirib, ruslarni hukumatdan, madaniyat, sanoat va savdodan siqib chiqargan. Bunday siyosat O‘zbekistonda iqtisodni va ijtimoiy-madaniy hayotni tanazzulga uchratdi. Natijada, chorasiz qolgan xalq respublikadan qochgan. Hozirga kelib O‘zbekiston grajdanlari yerto‘lalarda yashashga, har narsa bilan oziqlanishga tayyor, maqsadlari - qariyb Karimov 30 yil yakkahukmronlik qilib kelgan davlatga qaytmaslik¸ deydi Georgiy Gorodetskiy.​

Georgiy Gorodetskiy - I.Karimov haykali o‘rnatilishiga qarshi
Georgiy Gorodetskiy - I.Karimov haykali o‘rnatilishiga qarshi

Migrantlar - rus millatchilarining asosiy nishoni

O‘zini LDPRning millatchi so‘llar qanoti vakili deb atayotgan Grigoriy Gorodetskiy keltirayotgan iddaolar oxirgi yillarda Rossiyadagi barcha millatchi va taqirboshlar miting-yurishlarida yangrab keladi.

“Rus millatiga mansublarning O‘zbekistonda ta’qibga uchrayotgani”, “o‘zbeklar yoppasiga madaniyatsiz, savodsiz va qoloq ekani”, “Rossiyada jinoyatlarning falon foizini migrantlar sodir etayotir”, “rus tilida so‘zlasha olmaydiganlarning Rossiyani egallab olayotgani”, “muhojirlar mahalliylarni ish o‘rinlarisiz qoldirayotgani” va boshqa shu kabi ayblovlar Vladimir Jirinovskiy partiyasining asosiy “shiorlaridan” ekani hech kim uchun sir emas.

Mutaxassislar esa Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mixail Trubnikovning “Moskvada zo‘rlash hollari bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlarning 75 foizi kelgindilar tomonidan amalga oshiriladi” degan gaplarini jiddiy shubha ostiga olib keladi. Atigi 3 yil oldin birgina Moskva Ichki ishlar boshqarmasi 2014 yilda Rossiya poytaxtida qariyb 183 ming jinoyat sodir etilgani qaydga olingani, jumladan atigi 4,6 foiziga xorijliklar aloqador ekanini ochiqlagan edi.

Politsiya hisobotidan 2014 yildagi Rossiyadagi barcha jinoyatlarning 2 foizigina muhojirlar tomonidan sodir etilgani ko‘rish mumkin.

Moskva Ichki ishlar vazirligi boshqa rasmiysi - polkovnik Olesya Alyoshina xorijliklar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar yildan-yilga kamayib borayotganini xabar qilgan edi. Bu rasmiy keltirgan statistik raqamlarga ko‘ra¸ Moskvada o‘tgan 2016 yilning 9 oyida sodir etilgan 130 ming jinoyatdan 6434 tasi chet elliklar tomonidan, xususan 1234 tasi o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan.

Islom Karimov haykali Moskvaning Yakimanka tumaniga o‘rnatiladi

Bundan roppa-rosa bir yil oldin, 2016 yilning 1 noyabrida, Moskva hokimi Sergey Sobyanin poytaxtning Yakimanka tumanida joylashgan O‘zbekiston Mehmonlar uyi yaqinidagi xiyobonga Islom Karimov nomini berish to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilgan edi.

Toshkentda o‘rnatilgan I.Karimov haykali
Toshkentda o‘rnatilgan I.Karimov haykali

Nomsiz yotgan va mahalliy bomjlar to‘planadigan joy bo‘lgan bu maydonchaga marhum O‘zbekiston prezidenti nomini berish tashabbusi bilan “Rossiya va O‘zbekiston fan, siyosat va san’ati bir guruh namoyandalari” murojaat qilgani aytilgan edi.

Ommaviy axborot vositalariga sizdirilgan ma’lumotga binoan, loyihani ham O‘zbekiston, ham Rossiya tomonlari moliyalashtiradi: haykal yasash va keltirishga ketgan xarajatlar O‘zbekiston hukumati va “Islom Karimov jamg‘armasi” hisobiga, uni o‘rnatish va maydonchani obodonlashtirish ishlari - Moskvaning Markaziy ma’muriy okrug prefekturasi zimmasiga yuklatildi.

Sergey Sobyanin qaroriga binoan, Islom Karimov yodgorligi Rossiya poytaxtida 2019 yilning 31 dekabrigacha o‘rnatilishi lozim.

2017 yilning 7 mart kuni Turkmanistonning Turkmanobod shahrida Islom Karimovning xorijdagi ilk byusti ochilgan edi.

XS
SM
MD
LG