Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:59

Aleksey Navalniy saylovni boykot qilishga chaqirdi (VIDEO)


Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinmasligi to‘g‘risida Markaziy saylov komissiyasi chiqargan qarorga javoban umumrossiya qarshilik aksiyasi hozirlayotganini e’lon qildi.

“Taraqqiyot partiyasi” raisi, “Korruptsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi” ta’sischisi​ Aleksey Navalniy o‘z tarafdorlarini 2018 yilgi prezidentlik saylovlarini boykot qilishga da’vat etdi.

- Biz bunday bo‘lishini tushunayotgan va shunga yarasha aniq-tiniq reja ishlab chiqqan edik. Biz “saylovchilar zabastovkasini” e’lon qilamiz, zero bizga taklif qilinayotgan narsa saylov emasdir, dedi Aleksey Navalniy.

U Ella Pamfilova boshqarayotgan Rossiya Markaziy saylov komissiyasi qarori mamlakat konstitutsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi hukmiga zid ekanini eslatib o‘tdi.

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi o‘z qarorini muxolifatchining “Kirovles” ishi bo‘yicha sudlangani bilan izohladi.

Rossiya Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, saylovlarda sud tomonidan layoqatsiz deb topilgan va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida qolayotgan shaxslargina ishtirok eta olmaydi.

Navalniy mamlakat bo‘ylab joylashtirilgan o‘z saylov shtablarini tarqatish o‘rniga ularni “saylov zabastovkasi” shtablariga aylantirishini e’lon qildi:

- Biz saylovlarga qarshi tashviqot qilamiz. Saylov uchastkasiga borish hozirgi vaziyatda bema’nilik va nomunosib ish bo‘ladi. Saylov uchastkasiga hozirgi vaziyatda borish yolg‘on va korrupsiyaga ovoz berishdir. Ayni vaziyatda byulletenni buzib qo‘yish ham yaramaydi, chunki Kremlni faqat odamlar soni qiziqtiradi, deya tushuntirdi o‘z pozitsiyasini muxolifat lideri.

Navalniy shuningdek, saylovda ishtirok etajak siyosatchilarni ovoz berishga besh kun qolganda o‘z nomzodini olib tashlashga chaqirdi.

Ushbu chaqiriqlardan xavotirga tushgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov vositasida Aleksey Navalniy targ‘ib qilayotgan boykotning qonunchilik nuqtai nazaridan tekshirilishi kerakligini bildirdi:

- Nomzod bo‘lishni xohlovchilardan birining qonunchilikka muvofiq ishtirok etmasligi saylovlar haqqoniyligiga ta’sir o‘tkaza olmaydi, dedi prezident matbuot xizmati rahbari.

Muxolifatchi Navalniyning Rossiya prezidentligi saylovlarida ishtirok etishdan mahrum qilinishi ko‘plab siyosatchi va xalqaro tashkilotlar tanqidiga uchradi.

Jumladan, Yevropa ittifoqi “Navalniyning 2018 yilgi saylovlarda sudlanganligi bois ishtirok eta olmasligini Rossiyada siyosiy fikrlar rang-barangligi va kelgusi yilda demokratik saylovlar bo‘la olishiga jiddiy shubha uyg‘otayotganini” bildirdi.

Bundan oldinroq Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida hujjatlari qabul qilingan Kseniya Sobchak Korruptsiyaga qarshi jamg‘arma rahbari Aleksey Navalniyga o‘z rasmiy vakili sifatida saylovlarda ishtirok etish taklifi bilan chiqdi.

O‘tgan yakshanba kuni Rossiyaning 20 ortiq shahrida Aleksey Navalniyning prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini yoqlovchi namoyishlar bo‘lib o‘tdi va ularda 15 mingga yaqin odam qatnashdi.

Rossiyada navbatdagi prezidentlik saylovi 2018 yilning 18 marti kuni o‘tkaziladi.

2000 yildan beri mamlakat hokimiyati tepasida avvaliga ikki muddat prezident¸ so‘ngra esa¸ Bosh vazir sifatida qolayotgan Vladimir Putin bu saylovlarda ham yana prezidentlikka da’vo qiladi.

XS
SM
MD
LG