Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:27

Egasi almashgan “Malika” yarmarkasida doʻkonlar yopib qoʻyildi


"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan. 2018 yil
"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan. 2018 yil

Mart oyi oxirida 5 kun yopib qoʻyilgan va savdogarlar noroziligidan soʻng qayta ochilgan “Malika” yarmarkasi (“Fleshka” savdo markazi) toʻrt kundan beri yana ishlamayapti. Tadbirkorlarga koʻra, yaqinda kompleks egasi almashgan va shundan beri savdogarlar sarson boʻlayapti.

“Yarmarka jami 9 kun ishlamadi”

Ozodlikka murojaat qilgan “Fleshka” (Xalq tilida "Malika") yarmarkasi savdogarlariga koʻra, toʻrt kundan buyon ularning doʻkonlari yopib qoʻyilgan.

“Bugun doʻkonlarimizni soliqchilar yopganiga 4-inchi kun boʻldi. Undan oldin yarmarka maʼmuriyati 5 kun yopib qoʻygandi. Maʼmuriyat yopib, qayta ochgach, faqat ikki kun ishladik. Jami 9 kun yopiq turdi. “Malika” A blok va V blokka boʻlingan. Bugun A blokda 100 foiz doʻkon yopiq. V blokda ham koʻpchiligi yopiq”,- dedi ismini oshkor qilmaslikni soʻragan tadbirkorlardan biri 9 aprel kuni Toshkent vaqti bilan tush payti.

"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan.
"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan.

Boshqa bir tadbirkor “dardimizni kimga aytaylik?” deya nolidi:

“Juma, shanba, yakshanba- eng yaxshi savdo boʻladigan kunlar ishlamadik. Kim arenda pulimizni beradi? 120ta doʻkon yopiq. Tadbirkorlar yana koʻchada qolmoqda. Arenda toʻlangan, soliq toʻlangan. Nega yana tadbirkor jabr chekishi kerak?”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz tadbirkor yigit.

"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan.
"Malika" yarmarkasidagi qulflangan doʻkon. Surat 9 aprel tush payti olingan.

“Malika” egasi almashdi

Tadbirkorlarning aytishicha, ularning muammosi “Malika” kompleksining egasi almashgach boshlangan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan savdogarlar maʼlumotiga koʻra, joriy yil fevral oyida “Malika” kompleksini olti yildan buyon boshqarib kelayotgan Lesor firmasi oʻrniga Premium prime service firmasi kelgan. Yangi firma mart oyining oxiridan boshlab, tadbirkorlar bilan ijara shartnomalarini yangilashni boshlagan.

“Yangi dogovor berishdan avval hamma doʻkonlarni pechatlab qoʻydi. 5 kun ishlamadik. Arenda pulini 22 milliondan 45 million soʻmga koʻtarishmoqchi edi. Odamlar norozilik bildirib, bozorda 500 kishilik miting ham qilishdi. Shundan keyin hammaga yangi dogovor berishdi. Endi ochib ishlayotganimizning ertasi kuni soliqchilar kelib yana doʻkonlarimizni yoptirdi. Sababini aytishmayapti”, dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan tadbirkor yigit.

500 kishilik norozilik mitingidan olingani aytilayotgan surat
500 kishilik norozilik mitingidan olingani aytilayotgan surat

Soliqchi: Hujjati yoʻqning, doʻkoni yopilayapti

"Fleshka"ning yangi egasi - Premium prime service firmasi masʼullari Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi.

Shayxontohur tuman Soliq inspeksiyasining “Malika” savdo kompleksi boʻyicha masʼullaridan birining Ozodlikka aytishicha, yarmarkadagi doʻkonlarning yopilishiga sabab tadbirkorlarning hujjatlari yoʻqligidir.

“Hujjatsiz ishlayotgani yopilmoqda. Hujjati bori, ishchilarining hammasi rasmiylashtirgani boʻlsa, ularga tegilmagan, ular ishlayapti. Bular tekshiruvlar toʻxtatilgandan keyin, bitta doʻkonga koʻpchilik boʻlib kirib olishgan. Oʻzi bitta doʻkonda 3-4 ta odam boʻladi. Oʻzi, yordamchisi, kompyuterchisi boʻlishi kerak. Keyin koʻpchiligining yangi dogovori yoʻq”, dedi soliq inspeksiyasi masʼuli.

Ozodlikning mobil muxbiri 9 aprel kuni “Malika” yarmarkasiga borib, vaziyatni oʻrganganida aksar doʻkonlar qulflab qoʻyilganiga guvoh boʻldi:

“Ayrimlar yashirincha ochayapti. Lekin biror narsa olsangiz, qoʻlingizga hech qanday qogʻoz bera olishmaydi” , dedi mobil muxbir.

"Malika"da 9 aprel kuni ochiq turgan sanoqli doʻkonlardan biri.
"Malika"da 9 aprel kuni ochiq turgan sanoqli doʻkonlardan biri.

Pul aylanmasi bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil etishi aytiladigan, maishiy uskunalar savdosiga ixtisoslashgan “Fleshka” doʻkonlari keyingi 7 yil ichida bir necha bor koʻchirildi.

Shahar markazida joylashgan Navoiy koʻchasidagi savdo rastalarida sotuvchilik qilgan tadbirkorlar 2011 yilda kutilmaganda koʻchish haqidagi buyruqni olgan va uch kun ichida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan sobiq "Malika" tikuv fabrikasi oʻrnidagi yangi savdo markaziga koʻchirilgan edi.

Navoiy koʻchasidagi yarmarkalar buzilib, ularning oʻrnida koʻp qavatli uylar qurildi.

Norasmiy manbalarga koʻra¸ "Malika" savdo markazi Oʻzbekiston hokimiyatining yuqori qatlamlariga aloqador shaxslarga qarashli boʻlib kelgan.

XS
SM
MD
LG