Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:31

MXXning Milliy teleradiokompaniyadagi kuratori ishdan bo‘shatildi


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) raisining Xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 44 yashar Abdusalom Shodmonov ishdan bo‘shatildi.

MTRK tarkibidagi telekanallardan biri Bosh muharririning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Shodmonov 6 aprel kuni ishdan bo‘shatilgan.

Bu voqea yuzasidan Ozodlikka gapirganlarga ko‘ra, MTRK personalini "total nazorat" qilish, xodimlarni ishga olish va ishdan bo‘shatish masalalari Abdusalom Shodmonovning xizmat vakolatlari doirasida bo‘lgan.

MTRKdagi taniqli jurnalistlardan biri Sharofiddin To‘laganovning Ozodlikka aytishicha¸ “Shodmonov ishdan olingani ortidan u egallagan lavozim ham tag-tugi bilan tugatilgan: “Uning lavozimi bekor qilindi, xuddi diniy idorada bo‘lgani kabi. Diniy idorada ham MXX vakili ishdan olingan ediku?” dedi jurnalist.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida 21 yil ishlagan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha¸ “teleradiokompaniya raisining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘zbekiston MXXning (hozirda DXX - tahr) telekompaniya jurnalistlarini nazorat qiluvchi vakili bo‘lib kelgan”. Suhbatdoshga ko‘ra¸ MTRK raisining o‘rinbosari “muxolifat¸ dindorlar yoki korrupsiyada aybangan sobiq mulozimlar haqidagi” maxsus dasturlarni ishlab chiqarish va nazorat qilish bilan ham shug‘ullangan.

MTRK tarkibidagi kanallardan biri Bosh muharririning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Shodmonov MXXning MTRKdagi “ko‘z-qulog‘i” bo‘lgan.

"Shodmonov Milliy xavfsizlik xizmatining vakili sifatida ishlar edi. Ko‘z qulog‘i bizda edi. Xavfsizlik idorasi, bilasiz. Xodimlar aynan shu kishining butkul nazorati ostida edi. Otpuskada Issiqko‘lga dam olishga bormoqchi bo‘lsam, o‘sha kishi ruxsat bermagan. Ketganidan va umuman bu lavozim butunlay tugatilganidan mamnunman"¸- dedi MTRKda ishlaydigan, ismi ochiqlanishini istamagan kanallardan biri Bosh muharriri.

Abdusalom Shodmonovning ishdan olingani va lavozimi tugatilgani, shunga o‘xshash, Ozodlikka ma’lum, ikkinchi voqeadir.

17 fevralda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining MXXdan tayinlangan o‘rinbosari Aydarbek Tulepov ishdan olinib, uning lavozimi tugatilgan edi.

Shavkat Rahmon haqidagi ko‘rsatuv uchun Shodmonov javobgar bo‘ldimi?

MTRKda ishlaydigan jurnalistning aytishicha¸ joriy yilning 3 aprelida taniqli shoir Shavkat Rahmon ijodiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv MTRKning "Madaniyat va ma’rifat" kanalida efirga uzatilgan. Ko‘rsatuvda chet elda yashayotgan muxolifat arbobi Muhammad Solih tasviri ko‘rinib qolgani, suhbatdosh ta’kidicha¸ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchi Xayriddin Sultonovning e’tiroziga sabab bo‘lgan.

“E’tiroz, asosan, rejim rahbari Abdusalom Shodmonovga bildirildi. Mavjud qoidaga ko‘ra¸ chet eldagi muxolifat bilan bog‘liq tasvirlar ketish-ketmasligiga Shodmonov qaror berib kelgan. Shodmonov o‘zini oqlash uchun ko‘rsatuv mualliflarini aybladi. Mualliflar esa, texnik hodimlarni. Hullas, shu razborkadan 3 kun o‘tib Shodmonov ishdan ketdi” - dedi MTRKda ishlaydigan jurnalist.

3 aprel kuni MTRK dasturida ko‘rsatilgani e’tirozga sabab bo‘lgan surat
3 aprel kuni MTRK dasturida ko‘rsatilgani e’tirozga sabab bo‘lgan surat

Ozodlik suhbatlashgan boshqa jurnalistlar esa¸ “Shodmonov ko‘rsatuv uchun emas, balki MTRKni MXX qoldiqlaridan tozalash maqsadida ishdan olindi”, deyishdi.

6 aprel kuni ishdan olingan Abdusalom Shodmonovning ismi MTRK rasmiy saytidagi rahbarlar ro‘yxatidan 13 aprel kuni olib tashlandi.

Ozodlik muxbiri 6 aprel kuni MTRK ga telefon qilib, "rais o‘rinbosari Shodmonov ishdan olindimi", deb so‘raganida o‘zini "devonxona kotibi", deb atagan mulozima “Yo‘q u kishi ishdan olinmadi”, deb javob bergan edi.

Ozodlik ayni nomerga 13 aprel kuni telefon qilganida “lavozim tugatilgani bois Shodmonov 6 aprel kuni vazifasidan ozod qilindi”, degan javob bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida Shodmonovning ishdan olingani, oradan bir hafta o‘tsa hamki, yoritilmadi. MTRK sobiq xodimi Malohat Eshonqulovaning aytishicha¸ “Odatda bunday sukunat qarorni o‘zgartirish niyatida qilinadi”.

- Shodmonov shu 6 kun ichida MTRK tarkibida qolishga uringan bo‘lishi mumkin. Mahalliy matbuotning yozmaganini¸ MTRK rasmiy saytida nomi turganligini ham shu bilan izohlayman,- dedi suhbatdosh.

TV jurnalistlari "kishansiz" qoldimi?

Milliy teleradiokompaniya raisining Xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdusalom Shodmonovning ishdan ketishi va bu lavozim bekor qilinganini olqishlagan Eshonqulovaning fikricha, “O‘zbek TV jurnalistlari oyog‘idagi kishandan qisman qutulishdi”.

- Kerak bo‘lmagan tuzilma edi bu rejim. Bundan buyog‘iga jurnalistlarni ishga olish masalasi bilan kadrlar bo‘limi shug‘ullanadi. Siyosiy muxolifat¸ dindorlar haqidagi eshittirishlar mas’uliyati muharrirlar zimmasiga o‘tadi. MTRKni doimgidek IIV ga qarashli qo‘riqchilar qorovullayveradi. Rejim deb aytiladigan shu idoradan jabr ko‘rganim uchun emas¸ xolis aytayapman. Shodmonov ketgani yaxshi bo‘ldi¸ jurnalistlar erkin nafas oladi¸- deydi suhbatdosh.

Shu yilning 19 yanvarida Surxondaryo viloyat, Qiziriq tuman hokimligida viloyat faollari bilan uchrashgan prezident Mirziyoev idora va tashkilotlarni MXX kuratorlari nazorat qilayotganligini tanqid qilgan edi.

XS
SM
MD
LG