Farg‘ona viloyat, Furqat tumanida aholi tomorqasiga ekilgan terak daraxtlari yoppasiga kesib tashlanayapti. Farg‘onaliklarning Ozodlikka aytishicha, maxsus ishchi guruh uyma-uy yurib, teraklarini kesmagan aholining tomorqasi tortib olinishi yoki 3 barobar ko‘p soliq solinishini aytib, tahdid qilayapti. Hokimlik kesilgan teraklar o‘rniga qalampir ektirayapti.
“Teraklar yoppasiga kesilayapti”
Farg‘onada teraklar yoppasiga kesilayotgani haqida Furqat tumanida yashovchi mushtariy Ozodlikka xabar qildi:
“Furqat tumanida shunaqa tadbir bo‘layapti. Teraklarni yoppasiga kestirayapti. Tomorqamizga pomidor, kartoshka va piyozdan tashqari terak ham ekkanmiz. Teraklarni odamlar sotib, daromad qilishi mumkin yoki o‘z ehtiyoji uchun uy qurilishida ishlatishi mumkin. Deyarli hamma tomorqasining 3-4 sotix joyiga terak ekkan. Bizning tomorqamiz jami 15 sotix, shundan 3 sotixiga terak ekilgandi. Ukamga uy qurish uchun terak o‘stirayotgandik. Hammasi kesib tashlandi. Kesilgan teraklar kichkina bo‘lgani bois ular kichkina xodadan boshqa narsaga yaramaydi ham”, dedi Furqat tumanida yashovchi ayol Ozodlik bilan suhbatda.
“Teraklari kesilmagan tomorqa tortib olinadi”
Furqat tumanida yashovchi qariyaning aytishicha, maxsus ishchi guruh uyma-uy yurib, tomorqasiga ekilgan terakni kesmaganlarga tahdid qilayapti:
“Mahalla faollari, yangi tashkil qilingan Mahalla xizmati, hokimlik vakillari, soliq xodimlaridan iborat ishchi guruh uyma-uy kirib chiqayapti. Ular teraklari kesilmagan tomorqalar tortib olinishini aytishdi. Yana tomorqasiga terak ekkanlarga uch barobar ko‘p soliq solinadi deyishdi. Hukumatning bu borada qarori bor deyishdi. Odamlar qo‘rqqanidan teraklarini kesib tashlashga majbur bo‘layapti”, dedi furqatlik qariya.
“Terak o‘rniga qalampir ekiladi”
Furqat tumanida yashovchi yigitga ko‘ra, maxsus ishchi guruh kesilgan terak o‘rniga qalampir ekishni buyurgan:
“Hozir prezident qalampir ekishga katta e’tibor qaratayapti” deyishdi. Bu haqda televizorda ham eshitgandim. Hokimiyatdagilar “shuning uchun qalampir ekinglar, qalampirdan katta daromad ko‘rasizlar”, deyishdi. Lekin hamma qalampir eksa, uni kimga sotamiz, qanday sotamiz? Bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Ekilgan qalampirning bir qismini o‘zimiz yermiz, lekin qolganini nima qilamiz? Hamma hayron, ba’zilar qo‘rqqanidan qalampir ekishni boshladi. Lekin biz nima qilishni bilmay o‘tiribmiz”, dedi farg‘onalik yigit.
“390ta oilaning teragi kesildi”
Furqat tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, tuman bo‘yicha 390 oilaning jami 23.4 gektar maydondagi teraklari kesilib, o‘rniga qalampir ekilgan:
“Bu borada Vazirlar Mahkamasining shu yil 18 martdagi 205-sonli "Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bor. Shu qarordan kelib chiqib, terak ekilgan tomorqalarni samarasiz foydalangan deb topdik. Odamlar tomorqa uchun berilgan 6 sotix, 8 sotix yeriga terak ekkan. Samarasiz foydalanilgan bu tomorqalarning deyarli barchasidagi teraklar kesib tashlandi. Yana 40tacha oila qoldi. Jami 430ta xonadon tomorqasiga terak ekkan. Hozir teragi kesilgan tomorqalarga qalampir ekildi”, dedi hokimlik mulozimi.
Mulozim tomorqasiga terak ekkan odamlarning barchasi o‘z xohishi bilan teraklarini kesib tashlayotganini ta’kidladi.
“Hech kim majburlanmadi, hamma o‘z xohishi bilan teraklarini kesib oldi. Odamlarga tushuntirildi. 6 sotix yer maydoniga qalampir eksa, terakdan 5 yilda oladigan daromadni bir yilda topadi. Odamlar buni tushunib, teraklari o‘rniga qalampir ekishni boshladi”, dedi Furqat tumani hokimligi mulozimi.
Mirziyoev tavsiyalari
Joriy yilda O‘zbekistonda 18 ming gektar maydonga achchiq qalampir ekish rejalashtirilgan.
O‘zA yozishicha, achchiq qalampirning har bir gektaridan 21 million so‘m daromad olish mumkin.
2017 yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoev paxtadan kam hosil olinadigan joylarga Indoneziyadan keltiriladigan va 60-80 kun ichida pishadigan achchiq qalampir ekish haqida ko‘rsatma bergandi.
Keyingi bir yil davomida Mirziyoev tashabbusi bilan aholiga archa, limon, chilonjiyda, yong‘oq kabi daraxtlarni ekish yoki 100tadan tovuq boqish majburiyati yuklatildi.
Shuningdek, 15 dekabr kuni Qoraqalpog‘istonga safar qilgan Shavkat Mirziyoev bu mintaqada paxta o‘rniga qizilmiya ekishni ham tavsiya qildi.
Teraklar qirg‘ini
Farg‘onaning Oltiariq tumanida ham Tinchlik shahridan Qapchig‘ay qishloq fuqarolar yig‘iniga olib boruvchi yo‘l bo‘yidagi daraxtlar – asosan terak va tollar kesib tashlandi.
Oltiariq tuman hokimligi mulozimining aytishicha, daraxtlar “Obod qishloq” dasturi doirasida kesilgan va ular o‘rniga manzarali daraxtlar ekilmoqda.
Terak va tol “qirg‘ini” mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilayotganiga doir xabarlar mavjud. Jumladan, Samarqand va Andijonda ham teraklar kesilayotgani haqida Ozodlikka xabarlar kelgan.