Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:54

Bosh prokuratura va IIV Ahmadboydan “kuyganlar” uchun maxsus guruh tuzdi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi chinozlik tadbirkor Ahmadboy Tursunboevdan "kuyganlar" ishi tergovi uchun maxsus guruh tuzdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi 21 fevral kuni chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboevni 13 yillik qamoqqa hukm qilgan.

UzNews.uz nashrining huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, ushbu guruh qidiruv-surishtiruv ishlarini davom ettirish va aldangan fuqarolardan arizalarni yig‘ish bilan shug‘ullanmoqda.

26 fevral kuni shunday guruh Toshkent viloyat prokuraturasida ish boshlaganini Ozodlik xabar qilgan edi.

Toshkent viloyat prokuraturasining o‘nlab tergovchisi 21 fevraldan Chinozda tumandagi Xizmat ko‘rsatish iqtisodiyot kasb-hunar kolleji¸ Yangiyo‘lda esa¸ Texnologiya (eski nomlanishi oziq-ovqat) kolleji binosida maxsus shtab ochgandi.

Jumladan, Yangiyo‘ldagi shtab ishiga bevosita aloqador mulozim 20 dan oshiq tergovchi fuqarolarni qabul qilayotgani, bir kunda 3 mingga qadar arizachi kelganini Ozodlikka bildirgan.

Shu yilning 21 fevralida Ahmadboy Tursunboev ustidan hukm o‘qigan sudya odamlarning mulkini qaytarish bo‘yicha alohida jinoyat ishi tergovi davom etayotgani va aholi qaytarishga umid qilayotgan mulk, pullar masalasi shu jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Sudda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tergovi borayotgan qo‘shimcha ish doirasida juda ko‘p ko‘chmas mulk, moddiy-tovar boyliklar, shu jumladan, avtomobillar, shuningdek, 12 yarim million AQSh dollari miqdoridagi pul xatlab qo‘yilgan.

Xalq orasida Ahmadboy deya tanilgan 38 yoshli chinozlik tadbirkorga pul bergan va undan pul olgan odamlarning soni bir necha o‘n mingdan ko‘p ekani aytilmoqda.

Prokuratura va IIV o‘rtasida tuzilgan maxsus guruh oldida esa ushbu mulk egalarini aniqlash va qaytarish vazifasi turibdi. Hozircha bu tergov-surishtiruvga oid biror rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi 21 fevral kuni Tursunboevni 13 yillik qamoqqa hukm qildi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblangan Tursunboevga amnistiya qo‘llanilib¸ unga berilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirildi.

Bundan tashqari, Tursunboev bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishdan mahrum etildi va eng kam ish haqining 400 baravari — 52 mln 96 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

XS
SM
MD
LG