“O‘zbekoziqovqatxolding” va Denov tuman hokimligi va’dasiga qaramay, denovlik dehqonlar piyozi hamon dalada qolmoqda.
Ikki hafta avval bir kilo piyozni 1200 so‘mdan sotib olishini e’lon qilgan “O‘zbekoziqovqatxolding” vakillari hali Denovga yetib bormadi.
Piyoz kilosini 700 so‘mdan xarid qilishini aytgan tuman hokimligi esa, narxni 400 so‘mga tushirdi.
“Piyozi bilan haydalgan dalalar”
“Denovlik dehqonlarning gektarlab piyozi yig‘ishtirilmasdan ustidan haydab yuborilayapti”, deya 29 may kuni Ozodlikka yo‘llangan xabarni o‘rganish jarayonida piyoz ekkan denovliklarning muammolari so‘nggi ikki haftada ham hal bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi.
- “O‘zbekoziqovqatxolding” degan tashkilot 1200 so‘mdan olaman deyishdi. Bu yoqda tuman hkoimligi 700 so‘mdan olaman deyishdi. Lekin amalda bir narsa bo‘lmadi. Odamlar mehnatiga kuydi. Klient yo‘q. Bir qismi uyiga olib kelib qo‘ygan, tomorqalarida yetishtirganlar yig‘ishtirib olishgan. Bir qisminiki yerda turibdi, qazib olgani ham yo‘q. Chunki qazib olish ortiqcha harajat. Fermerlarning yeriga ekilgan piyozlar qoldi. Bir qismi haydalib ketdi deb eshitdim. Gektarlab, gektarlab piyoz ustidan traktor bilan haydab yuborishgan, dedi piyoz ekkan dehqonlar ahvolini mustaqil ravishda o‘rganyotgan denovlik bloger Shokir Sharipov.
Ozodlik piyozi haydalgan dehqonlar bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmadi. Biroq yig‘ishtirilmagan piyoz dalalari haydab tashlanganini eshitgani haqida bir necha denovlik Ozodlikka gapirdi.
Bu xabarni Denov tuman hokimligi ham na inkor qildi va na tasdiqladi.
Tuman hokimligi vakilidan “Biz dehqonlar muammolarini o‘rganyapmiz, ular vaziyatidan xabardormiz”, degan javobni oldik.
“Piyozni 700dan emas, 400 so‘mdan olamiz”
Hokimlik vakiliga ko‘ra, 28 may kuni tuman hokimligida o‘tgan yig‘ilishda aynan piyoz ekkan dehqonlar muammosi muhokama qilingan.
“Kechagi yig‘ilishda hammasi gaplashildi. Bugun “selxozximiya”ga vagon qo‘yildi. Piyoz sotib olish boshlanadi. Bir kilosini 400 so‘mdan sotib olinadi” dedi hokimlik vakili.
7 may kuni bir kilo piyozni 700 so‘mdan sotib olishga qaror qilgan Denov tuman hokimligi nimaga shu paytgacha buni amalga oshirmadi va oy oxiriga kelib, nima sababdan narxni 300 so‘mga arzonlashtirganini hokimlik vakili ochiqlamadi.
Denovlik dehqonlarga ko‘ra, tuman hokimligi 400 so‘mdan narx belgilagan piyoz saralangan ko‘rinishda bo‘lish shartini qo‘ygan:
“Bir xil o‘lchamda saralash shart ekan. Piyozni saralash ham mehnatku. Keyin saralanmay qolgan piyozni nima qilamiz. Hokimlikning bu taklifi dehqonlar uchun mutlaqo befoyda”, deydi denovlik dehqonlardan biri.
“O‘zbekoziqovqatxolding” hali Denovga yetib bormadi
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi 15 may kuni Surxondaryodagi dehqon va fermer ho‘jaliklaridan 1 kilo piyozni 1200 so‘mdan xarid qilishini e’lon qilgandi.
Denovlik dehqonlarga ko‘ra, “O‘zbekoziqovqatxolding”dan biror marta ham ular piyoziga xaridor kelmagan.
29 may kuni Ozodlik bog‘langan “O‘zbekoziqovqatxolding” rasmiysi buni tasdiqladi. Unga ko‘ra, kompaniya vakillari hali Denovga etib bormagan:
“Hozirda vakillarimiz Surxondaryoda yurishibdi. Aytilganidek, bir kilo piyozni 1200 so‘mdan xarid qilayapmiz. Bizning tuman hokimliklari belgilagan narxlarga aloqamiz yo‘q. Bugungi kunda uchta tuman: Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlarida vakillarimiz yuribdi. Lekin hali Denovga borishmadi. Navbati bilan boriladi”, dedi kompaniya rasmiysi.
“O‘zbekoziqovqatxolding” qachon Denov tumaniga borishi hozircha noma’lum.
Denovlik dehqonlarning kartoshkalari ham xaridorsiz qolayapti. Biroq Denov tuman hokimligi ham, “O‘zbekoziqovqatxolding” ham dehqonlarning kartoshkasiga xaridor bo‘lish rejasi yo‘qligini aytishdi.