Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shaxand agroiqtisodiyot kollejining o‘quvchilari o‘z sinfdoshini 1 iyun kuni urib o‘ldirdi.
Bu haqda Ozodlikka xabar bergan voqea guvohlaridan birining aytishicha, o‘lgan bola “men ro‘zadorman, urishmayman”, deganiga qaramasdan uni o‘rtaga olib tepishgan.
Bola o‘sha joyning o‘zida halok bo‘lgan.
Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi mulozimi voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilib, surishtiruv olib borilayotganini aytdi.
O‘quvchini urib o‘ldirganlikda gumonlangan uch nafar o‘quvchi qo‘lga olingan.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shaxand agroiqtisodiyot kollejining 2-bosqich talabasi 19 yashar A.T.(o‘quvchining ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalari yuzasidan oshkor etilmaydi – tahririyat) 1 iyun kuni tushga yaqin o‘z sinfdoshlari kaltagidan so‘ng vafot etdi.
Bu voqea haqida Ozodlikka xabar bergan, ismi sir qolishini so‘ragan kollej o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, fojiaga olib kelgan bu janjal kollej hovlisidan boshlangan:
“Bolaning sinfdoshlaridan birining menga aytishicha, avval kollejning ichkarisida janjal bo‘lgan. Keyin uch bola uni kollejdan tashqariga turtib, niqtab olib chiqishgan. Kollejdan o‘ng tomonga yurishganda, u bola to‘xtab sinfdoshlariga “men ro‘za tutganman, men hech kim bilan urishmayman” degan va orqaga qaytmoqchi bo‘lib yurgan. Shunda o‘sha uch boladan biri borib urgan va qolganlari yopishgan. Bola qarshilik ko‘rsatmagan va bolalar uni erda rosa urib tepishgan. Bola hushidan ketib yotib qolgan va o‘sha joyning o‘zida vafot etgan”, deydi o‘qituvchilardan biri.
O‘qituvchining aytishicha, marhum o‘quvchi kollejda yaxshi o‘qigan, odobli bolalardan biri bo‘lgan:
“Bu bolaning dadasi bozorda tirikchilik qiladi. Besh nafar o‘g‘li bor edi. O‘rtamiyona oila. Barcha aka-ukalari ham odobli bolalar bo‘lgan”, dedi o‘qituvchi.
Sinfdoshlar o‘rtasida fojiaga olib kelgan bu janjal nima sababdan boshlangani Ozodlikka ma’lum emas.
Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi A.T.ni kaltaklashda ishtirok etgan bolalar ushlanganini aytdi:
“Bu bolalar hammasi sinfdoshlar. Haqiqatan ham bola ro‘zador bo‘lgan ekan. Hozir u bolalar qo‘lga olingan, surishtiruv ishlari olib borilyapti. Bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan”, dedi ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.
O‘zbekistonda maktab, kollej-litsey o‘quvchilarining turli xil jinoyat sodir etishlari uchrab turadi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham joriy yilning fevralida O‘zA agentligiga bergan suhbatida o‘tgan yilda maktab o‘quvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilganini aytgan edi.
1,5 ming jinoyatning bir nechasi haqda Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan.
Joriy yilning 7 aprel kuni Andijon shahridagi 10-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi maktab hovlisida shaharning 29-maktabida o‘qiydigan tengqurining yuragiga pichoq sanchib o‘ldirgan edi.
Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyat, Chirchiq shahridagi Ijtimoiy-iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining ikkinchi bosqich o‘quvchisi o‘zining qiz kursdoshini pichoqlagan edi.
O‘tgan yilning 6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqlagan edi. Talabalardan biri voqea joyida jon berdi. Pichoqlangan yana bir talaba Toshkentdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.
Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida o‘tgan yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashq sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.