Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:34

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketgan xat yuzasidan tekshiruv boshladi


Tuman prokuraturasining ogohlantiruv xatida xavfli reaksiya holati aniqlangan va sotuvga chiqarish taqiqlangan 10 nomdagi dori vositalari nomi tilga olinadi.
Tuman prokuraturasining ogohlantiruv xatida xavfli reaksiya holati aniqlangan va sotuvga chiqarish taqiqlangan 10 nomdagi dori vositalari nomi tilga olinadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 20 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Urganch tuman prokurorining 10 xil dori mahsulotlarini sotuvga chiqarmaslik to‘g‘risida “Xorazm dori-darmon” shirkati hamda Urganch tumani tibbiyot birlashmasiga yo‘llagan xati yuzasidan izoh berdi. "Xatning mazmuni yanglish ifodalanganligi sababli, u hozirda yuridik kuchga ega emas", - deyiladi Bosh prokuratura rasmiy izohida. Xatda qayd etilgan dori vositalarini sotuvdan olib tashlash bo‘yicha esa hech qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.


O‘zbekiston bosh prokuraturasi internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan noto‘g‘ri axborot uchun Xorazm viloyat prokuraturasi fuqarolardan uzr so‘rashini ma’lum qildi.

"Urganch tuman prokurori D.Madirimovga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda va natijalariga ko‘ra unga nisbatan tegishli chora ko‘riladi", - deyiladi O‘zbekiston bosh prokuraturasi bildiruvida.​

Urganch tuman prokurori D.Madirimovning tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati va “Xorazm dori-darmon” MChJ raisi nomiga ayrim dori vositalarni sotuvdan olib tashlash choralarini ko‘rish to‘g‘risida yo‘llagan topshiriq xatining tasviri 20 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy matbuotda tarqalgan edi.

Xorazm viloyati Urganch tumani prokurori D.Madrimov imzosi bilan 18 iyun kungi “Xorazm dori-darmon” shirkati hamda Urganch tumani tibbiyot birlashmasiga yo‘llangan ogohlantiruv xati nusxasida 10 xildagi dori vositalarini sotishni taqiqlashga qo‘shni Qozog‘istonda 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan 12 ta bolaning dori vositalari keltirib chiqargan allergik reaksiya natijasida halok bo‘lgani sabab sifatida keltirilgan.

Bugun Olmaota shahrida 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan 12 bola bevaqt vafot etgan. O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, barcha bolalar dori vositalari ta’sirida yuzaga kelgan kuchli allergik reaksiya qurboni bo‘lishgan. Bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan dori vositalari kontrabanda yo‘li bilan bizning davlatimizga (tahr: O‘zbekistonga) ham olib kelingan va fuqarolar sog‘ligiga xavf tug‘dirmoqda”, - deyiladi xatda.

Xorazm viloyati Urganch tumani prokuraturasining ogohlantiruvi.
Xorazm viloyati Urganch tumani prokuraturasining ogohlantiruvi.

“Xorazm dori-darmon” shirkati mulozimi Ozodlik bilan suhbatda prokuraturadan shunday mazmunda xat olganliklarini tasdiqladi.

"Shunday xat kelgan va biz bu yo‘riqnomaga amal qilamiz. Bizda kontrabanda yo‘li bilan kelgan dori yo‘q," – dedi “Xorazm dori-darmon” shirkatining ismini ochiqlashni istamagan mulozimi.

Ozodlik suhbatlashgan Urganch tumani Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Farhod Sultonov prokuratura ogohlantiruv xatida tilga olingan dori vositalari amalda qo‘llanib kelinayotganini aytar ekan, ularning mamlakatga qaerdan kirib kelayotgani haqida ma’lumotga ega emasliklarini ta’kidladi.

- Meni o‘zim ham shu dorilarni ko‘p ishlatganman, sertifikati yo‘q, qaerdan kelgani noma’lum, to‘g‘ri. Lekin, hozirgacha Qozog‘istondagiday xolat bizni kasalxonada bo‘lgani yo‘q, - deydi Urganch Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi.

Qozog‘istonda mazkur holat yuz berganini Internet manbalaridan topib bo‘lmadi.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham Urganch tumani prokurori xatida keltirilgan ma’lumotni tasdiqlamadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Urganch tuman prokurori D. Madaminovning xati noto‘g‘ri ekani, bu ko‘rsatma bo‘yicha dorixonalardan xatda tilga olingan dori vositalari sotuvdan olinmaganini bildirdi.

"Xorazm viloyat prokuraturasi Urganch tuman prokurori D.Madirimovning mazkur xatining mazmuni xato ifodalanganligi uning mazmunini turli tarzda noto‘g‘ri talqin qilinishiga sabab bo‘lganligi to‘g‘risida xabar berdi. Xatning mazmuni yanglish ifodalanganligi sababli, u hozirda yuridik kuchga ega emas, ushbu topshiriqqa asosan yuqorida qayd etilgan dori vositalarini sotuvdan olib tashlash bo‘yicha hech qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmagan", - deyiladi O‘zbekiston bosh prokuraturasining Ozodlikka yo‘llagan rasmiy izohida.

XS
SM
MD
LG