Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:41

Muzey xodimlari Nukusda vayron bo‘lgan asarni qutqarish yo‘lini izlamoqda


Rassom Shevchenko tomonidan chizilgan "Chelak ko‘targan ayol" kartinasi
Rassom Shevchenko tomonidan chizilgan "Chelak ko‘targan ayol" kartinasi

Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyida (Nukus shahri) suvda ivib, sifatiga katta zarar yetgan asarni "restavratsiya qilish va oldingi holatiga to‘liq qaytarish imkoni» izlanmoqda.​

Bu haqda Ozodlikka Qoraqalpog‘iston prokuraturasi vakili ma’lum qildi.

Muzey rahbariyati asar tiklanadi dedi ammo?

Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi rangtasvir bo‘limi rahbari Ozodlik bilan 20 iyul kungi suhbatda¸ muzey ma’muriyati zarar yetgan asarni qayta tiklash uchun yuqori malakali mutaxassislar bilan muzokara o‘tkazayotganligini aytdi. 19 iyul kuni voqeani o‘rgangan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi vakiliga ko‘ra¸ «asarni restavratsiya qilish va to‘liq oldingi holatiga qaytarish imkoni izlanmoqda».

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan prokuratura hujjatiga ko‘ra¸ «joriy yil 16 iyulga o‘tar tunda, I.V.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyining 2- blok, ekspozitsiya zalida yong‘inga qarshi signalizatsiyasi o‘zidan-o‘zi ishlab ketishi oqibatida suv purkagichdan suv sachrab, devorda osilib turgan Shevchenko mo‘yqalamiga mansub bo‘lgan «Chelak ko‘targan ayol» («Jenshchina s vedrami» 1914 y.) asariga zarar yetkazilgan».

Hujjatda aytilishicha¸ asar 6 soat davomida suv bosimi ostida turgan.

19 iyul kuni Ozodlik suhbatlashgan mutahassilar "asar tiklab bo‘lmas holga kelganini" aytishgan edi.

Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi rangtasvir bo‘limi rahbarining Ozodlikka bildirishicha, asarni restavratsiya qilish va to‘liq oldingi holatiga qaytarish imkoni mavjud.

Ozodlik suhbatlashgan Shveysariya¸ Kanada va Fransiyadagi san’atshunoslar «asarni restavratsiya qilishga shoshilmaslik» kerakligini alohida ta’kidlashdi.

Shveysariyadagi Alerte Héritage tashkiloti Bosh kotibi¸ san’atshunoslik fanlari doktori¸ professor Svetlana Gorsheninaning Ozodlikka 20 iyul kuni bildirishicha¸ «tonggi to‘rtdan to ertalabki o‘ngacha olti soat suv ostida qolgan asarni ta’mirlashga shoshmaslik» zarur:

- Men o‘zbek muzeylarida ishlab kelgan fransuz restavratorlari, xususan Jeraldin Frey bilan gaplashdim. U Afrosiyob freskalarini ta’mirlagan va dunyoga tanilgan mutaxassis. Uning tavsiya qilishicha¸ suvda ivigan rasmni stabil past temperaturali xonaga olib kirib qo‘yish kerak. Yevropadan ekspertlar kelguniga qadar asarga tegmaslik zarur. Chunki O‘zbekistonda bu asarni ta’mir qila oladigan professional yo‘q. Rasmga sentabr oyiga qadar teginmaslik kerak. Ayni paytda rasmning bugungi holatini suratga olib qo‘yish lozim¸ -deydi Svetlana Gorshenina.

Uning yana aytishicha, «shoshilinch ta’mirlash asar uchun falokatli» bo‘lishi ehtimoli katta.

Ozodlik chet ellik restavratorlar fikr va takliflarnini O‘zbekiston madaniyat vazirligiga taqdim qildi.

Madaniyat vazirligi vakili Ozodlik bilan 20 iyul kungi suhbatda Igor Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyi asosiy ekspozitsiyasidan o‘rin olgan noyob rangtasvir asari ta’mirlanishida xalqaro ekspertlar fikri mutlaqo inobatga olinishini bildirdi.

Bir yil ichida uch asar shikastlandi

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi vakili Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyida keyingi bir yil mobaynida shikastlangan yana ikki asar haqida ham ma’lumot berdi:

- Ozodlik maqolasida Shevchenko asarigacha muzeyda yana ikki asar shikastlangani haqida gapiriladi. Bu fakt o‘rganildi. Haqiqatan ham 2017 yilda muzey xodimlari tomonidan Nikolay Qoraxon qalamiga mansub bo‘lgan «Vecherniy namaz» asarini muzeyning bir zalidan ikkinchi zaliga o‘tkazayotgan vaqtda, asar polga tushib ketgan va muqaddam restavratsiya qilingan qismi zarar ko‘rgan. Shu kunda mazkur asar to‘liq restavratsiya qilinib, hozirda ekspozitsiya zaliga tomoshabinlar uchun qo‘yilgan¸- dedi prokuratura mulozimi.

Shuningdek, mulozim taniqli haykaltarosh Jo‘ldosbek Quttimuratovga oid haykaltaroshlik asari taqdiriga ham oydinlik kiritdi. Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida Nukus muzeyi jamlamasidagi bu asar nobud bo‘lganini, ya’ni hasharotlar yeb bitirganini aniqlagan edi:

Biroq, prokuratura mulozimining aytishicha, asarni saqlab qolish imkoni mavjud.

- Quttimuratovning yong‘oq daraxtidan ishlangan «Amudaryo» asari 2017 yilning 13 iyulida tekshirilganida skulpturada noma’lum hasharotlar mavjudligi aniqlangan. Shu kunda asar tegishli kimyoviy ishlov berish uchun ekspozitsiyadan olingan. Skulpturaga kimyoviy ishlov berilib, hozirda ekspozitsiyaga chiqarish uchun tayyor holda muzey fondida saqlanmoqda¸ - dedi mulozim.

XS
SM
MD
LG