Vikimaniya (Wikimania) har yili o‘tkaziladigan xalqaro anjuman bo‘lib, unda Vikimedia Jamg‘armasi loyihalari, xususan, Vikipediyani yangi maqolalar bilan to‘ldirishga hissa qo‘shib kelayotgan muallif-muharrirlar qatnashadi. Unda ochiq va erkin dasturlardan tortib, butun dunyo bo‘ylab ilm va viki loyihalarni targ‘ib qilish g‘oyalari muhokama qilinadi. Janubiy Afrika Respublikasi poytaxti Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tgan bu yilgi konferensiyada Ozodlik muxbiri Nodir Otaev ham qatnashdi. Quyida uning taassurotlari bilan tanishasiz.
***
Konferensiyada O‘zbekcha Vikipediyadan faqat bir foydalanuvchi – kamina qatnashdim. Bundan avval Vashington (2012) va London (2014) shaharlarida hamda Italiyaning Ezino-Lario (2016) kommunasida bo‘lib o‘tgan Vikimaniyalarda ham qatnashganman. Vikimedia Jamg‘armasi loyihalariga faol hissa qo‘shib kelayotganim uchun to‘rttala anjumanda ham grant asosida qatnashdim. Ya’ni, jamg‘arma konferensiya bilan bog‘liq barcha xarajatlarimni qoplab berdi.
Avvalgi yillarda O‘zbekcha Vikipediyadan yana ikki ishtirokchi – Casual va Lingveno logini bilan tahrir qiluvchi foydalanuvchilar qatnashgan. 2012 yilgi konferensiyada men ham, Casual ham O‘zbekcha Vikipediyaning o‘sha paytdagi ahvoli haqida prezentatsiya qildik. 2016 yili esa o‘zim O‘zbekcha Vikipediyadagi o‘zgarishlar, xususan, unga O‘zbekiston ichida qo‘yilgan to‘siq va uni chetlab o‘tish yo‘llari hamda O‘zbekcha Vikipediyani rivojlantirish uchun Ozodlik Radiosi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan «OzodViki» loyihasi haqida prezentatsiya qildim. Prezentatsiyamda Vikipediya asoschisi Jimmi Ueyls shaxsan o‘zi qatnashdi.
2014 yilgi hamda bu yilgi konferensiyada so‘zga chiqmadim, ammo o‘zim uchun qiziq bo‘lgan sessiyalarda qatnashdim va juda ko‘p foydali ma’lumot oldim. Xususan, bu yilgi anjumanda Vikima’lumotlardan qanday foydalanish hamda kichik vikilarni rivojlantirish yo‘llari haqida ko‘proq bilib oldim. Bundan tashqari, Osiyo mamlakatlari viki loyihalari ishtirokchilari yig‘inida ham qatnashdim.
Vikimaniya nafaqat yangi do‘st orttirish va fikr almashish uchun, balki sayohat qilish uchun ham imkoniyat yaratadi. Aksar ishtirokchi asosiy konferensiyadan oldin yoki keyin mezbon mamlakat va uning yaqinidagi mamlakatlar bo‘ylab sayohat qiladi. Men bu yilgi anjuman bahonasida go‘zal tabiatga ega Janubiy Afrikani kezdim. Umrimda birinchi bor pingvinlarni ko‘rdim, Afrika qit’asining eng janubi-g‘arbiy nuqtasi bo‘lmish Yaxshi umid burniga safar qildim. Kelgusi yilda konferensiya Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tadi.
Vikimaniyada siz ham qatnasha olasiz. Buning uchun Vikimedia jamg‘armasining loyihalarida faol ishtirok etishingiz kerak. Jamg‘armaning eng mashhur loyihasi Vikipediyadir. Ammo erkin litsenziyali multimedia fayllarni o‘zida jamlagan Vikiombor, erkin va ko‘p tilli Vikilug‘at, onlayn bilimlar bazasi Vikima’lumotlar kabi Vikipediyaga qardosh loyihalarga ham hissa qo‘shishingiz mumkin.
Viki loyihalarni tahrir qilishdan nima foyda?
Birinchidan, ushbu loyihalarga hissa qo‘shish orqali boshqalarga erkin ma’lumot olishda yordam berasiz. Masalan, men Vikipediyada o‘zim tug‘ilgan, yashayotgan shaharlar haqida keng qamrovli maqolalar yozdim, Vikiomborga ko‘plab shahar va qishloqlarning fotosuratlarini yukladim. Shu yo‘l bilan o‘zimga qadrdon joylar haqida boshqalar ham ma’lumot olishiga imkon yaratdim.
Ikkinchidan, tahrir jarayonida o‘zingiz yangi ma’lumot olasiz. Masalan, men Vikipediyani tahrir qilayotganimda boshqa davlatlar haqida tinimsiz o‘rganaman.
Uchinchidan, Vikipediyada boshqa tillardan o‘zbek tiliga yoki o‘zbek tilidan boshqa tillarga maqola tarjima qilib, o‘sha tillarni yanada chuqurroq o‘rganish mumkin.
To‘rtinchidan, o‘zbekcha Vikipediya boyisa, Google Translate kabi tarjimonlarning ishlashi yaxshilanadi. Ayni damda o‘zbekcha Vikipediyada yoritilgan mavzulardagi matnlarni Google Translate juda yaxshi o‘giradi. (Ammo “I am not from Uzbekistan” kabi sodda gapni esa “Men O'zbekiston emasman” deb tarjima qiladi.)
Nihoyat, yuqorida qayd etilganidek, Vikimediya jamg‘armasi loyihalariga salmoqli hissa qo‘shsangiz, Vikimaniya konferensiyasida qatnashish uchun grant yutishingiz mumkin.
Vikipediya va uning qardosh loyihalaridagi materiallaridan foydalanish uchun uni tahrir qilishingiz shart emas. Tahrir qilmay turib ham uning maqolalarini bemalol o‘qishingiz mumkin. Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa bir necha mamlakatda Vikipediya sahifalariga mobil moslama orqali kirish bepul. Bu haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun Wikipedia Zero maqolasi bilan tanishib chiqing.
Bu yilgi Vikimaniyada Markaziy Osiyodan faqat bir odam ishtirok etdi. Buning sababi o‘zbekcha viki loyihalardagi kabi qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman vikilarda faol ishtirokchilarning ozligidir. Umid qilamanki, tez orada o‘zbekcha viki loyihalarda faollar soni ko‘payadi.
Nodir Otaev
Keyptaunda o‘tkazilgan Wikimania anjumani haqidagi Nodir Otaev bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin: