Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:42

Chitada ikki o‘zbek muhojirini otib o‘ldirib, o‘rmonga ko‘mib qo‘ygan shaxs ushlandi (FOTO)


Qotillar murdalarni traktor yordamida ko‘mib tashlagan
Qotillar murdalarni traktor yordamida ko‘mib tashlagan

Rossiyaning Zabaykalye o‘lkasida o‘tgan yilning oktabrida ikki o‘zbek muhojirini otib o‘ldirib, ko‘mib tashlaganlikda ayblanayotgan 34 yashar rossiyalik qo‘lga olindi. Rossiya ommaviy axborot vositalari o‘zbek migrantlari samosud qurboni bo‘lganini xabar qilmoqda.

Zabaykalye o‘lkasida 2017 yilning oktabrida ikki o‘zbekistonlikni o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 34 yoshli Chita shahrida yashovchi shaxs qo‘lga olindi.

Tergov ishlarini olib borayotgan Zabaykalye o‘lkasi Tergov qo‘mitasining Tergov boshqarmasi boshlig‘i muovini adliya podpolkovnigi Yegor Markovning Ozodlikka bildirishicha, surishtiruv ishlari 2018 yilning may oyida O‘zbekiston vatandoshi ikki nafar hamyurti yo‘qolgani yuzasidan politsiyaga murojaat qilganidan boshlangan:

- Chita shahrining Markaziy tumani bo‘yicha Tergov bo‘limiga qilingan ariza asosida ikki nafar erkakning yo‘qolishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov-surishtiruv ishlari natijasida bu odamlar o‘tgan yilning oktabrida uchrashuvga ketgani va yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Politsiya bilan hamkorlikda qotillikka Nerchinsk tumanida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan shaxs aloqasi bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Qo‘lga olingan gumonlanuvchi so‘roq paytida o‘zbekistonlik jabrlanuvchilarni ov miltig‘idan otib o‘ldirgani va jasadlarni ko‘mib tashlaganini bildirdi. 13 avgust kuni tergovchilar Nerchinsk tumanidagi taygada migrantlar jasadlarini topdi.

Jasadlar hozirda sud-tibbiy ekspertizaga topshirilgani va tergov ishlari davom etayotgani aytildi.

O‘zbekistonliklar taygada otib o‘ldirilgan va shu yerda ko‘milgan
O‘zbekistonliklar taygada otib o‘ldirilgan va shu yerda ko‘milgan

Qo‘lga olingan chitalik shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105- moddasi 2- qismi «a» bandi asosida (ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirish) jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

"Migrantlarni traktor yordamida ko‘mdik"

Ayni damda, mahalliy ommaviy axborot vositalarida o‘zbek ishchilari «pedofillik»da ayblanib, olomon qilingani to‘g‘risida birin-ketin xabarlar tarqala boshladi.

Chitaning «Vechorka» nashrida bu hodisaga oid tafsilotlar paydo bo‘ldi.

Gazeta jurnalistlariga qotillik Den ismli shaxs tomonidan sodir etilgani to‘g‘risida Batsilla laqabli mahalliy «avtoritet» bularni so‘zlab bergan:

"2017 yilning 11 oktabrida Den ismli tanishim qo‘ng‘iroq qildi. U Zabelin Anatoliyning (Chita shahri sobiq hokimi) konida usta bo‘lib ishlab kelgan. U qishloqda o‘zbekistonlik ikki shaxs 7 yashar bolalarga jinsiy tajovuz qilganligini aytdi. Ulardan biri jiyani ekan. Yordam kerakmi, dedim", dedi Batsilla.

Keyin mahalliy «avtoritet» bolalar bilan bog‘liq vaziyatdan mahalliy ma’muriyatning xabari bo‘lgani va o‘zbek muhojirlarini topishda ular ko‘maklashganini bildirdi. Batsilla o‘z kanallari orqali o‘zbekistonliklarni topib, «qarindoshlaridan faqat kechirim so‘rashga» o‘rmonga olib chiqadi.

Qotillik sodir etilgan joyda tergov ishlari olib borilmoqda
Qotillik sodir etilgan joyda tergov ishlari olib borilmoqda

«Biz o‘zbeklarni mashina yukxonasidan tushirib qarasak, u joyda katta traktor ham turgan ekan. O‘zbeklar tiz cho‘kib, kechirim so‘radi. Bolalarning yaqinlari migrantlarni kaltaklab, mashinaga minib ketdi. Shu vaqt Den ularni karabindan otib tashladi", deya hikoyasini yakunladi avtoritet Batsilla.

Batsilla Den bilan birga traktor yordamida yerni kavlab, muhojirlarni ko‘mib tashlashda ishtirok etganini ham yashirib o‘tirmadi.

(Fotosuratlar Baykalorti Tergov qo‘mitasi tomonidan taqdim etildi)
(Fotosuratlar Baykalorti Tergov qo‘mitasi tomonidan taqdim etildi)

"Avtoritetlar" javobgarlikka tortilmaydimi?!

Buning ortidan «aybsizlik prezumpsiyasidan» mutlaqo holi rus matbuoti Nerchinsk taygasida «o‘zbek pedofillari jazolangani» to‘g‘risida yoza boshladi.

Ozodlik muhojirlarning 7 yashar bolalarga jinsiy tajovuz qilgani borasidagi ma’lumotlar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri ekani borasida Tergov qo‘mitasi vakillariga murojaat qildi.

Tergovchi Yegor Markov tergov davom etayotgani va «pedofillik» bilan bog‘liq hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

- Tabiiyki, pedofiliya yoki shu kabi ma’lumotlar to‘g‘risida biz hech qanday xabar tarqatganimiz yo‘q va axborot vositalarida yozilayotganini tasdiqlamaymiz. Biz bu jinoyat tafsilotlarini o‘rganayapmiz. Jasadlar uzoq vaqt yerda yotgani bois irib ketgan, lekin ularning shaxsi aniqlandi. Elchixona va yaqinlariga xabar berilgan. Har holda, tergovni tuman emas, o‘lka Tergov boshqarmasi kriminalistlari olib borayapti va ish qonun asosida olib borilishi kafolatlangan, dedi Yegor Markin.

Biroq, o‘zbek muhojirlarini o‘ldirishda mahalliy «avtoritetlar» va boshqa shaxslar ishtirok etgani to‘g‘risida ma’lumotlar borligiga qaramasdan, nima sababdan javobgarlikka faqat bir kishi tortilgani borasida Ozodlik bergan savolga Tergov qo‘mitasi vakili hozircha javob bera olmasligini ma’lum qildi.

2018 yilning iyuni oxirlarida Chita shahar sudi 10 yil davomida 8 kishi – asosan o‘zbek va tojik migrantlarini miltiqdan otib o‘ldirgan va yana 7 kishini yaralagan Yevgeniy Krasnoyarovga umrbod qamoq jazosi tayinlagan.

Sud davomida qotil odamlarni milliy va irqiy adovat asosida o‘ldirganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG