Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:41

Termizda hokim ishtirokidagi sayyor yig‘inda “fohisha”ning onasi sazoyi qilindi


Termiz markazidagi "Xotira va qadrlash" majmui.
Termiz markazidagi "Xotira va qadrlash" majmui.

Surxondaryoning Termiz shahri markazidagi Xotira bog‘ida 10 sentabr kuni “ahloqiy jinoyatlar”ga qarshi hokimlik uyushtirgan sayyor yig‘inda "fohisha" deb ko‘rilgan 18 yoshli qizning onasi va qarindoshlari sazoyi qilindi.

Yig‘inda qatnashgan ayrim termizliklar Ozodlikka kelgan bu ma’lumotni Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Malohat Xollieva​ tasdiqladi. Termiz shahar hokimi Isroil Hudoyberdiev ham hokimlikning axborot xizmati ham hozirgacha hodisani izohlamadi.

10 sentabr kuni Termizning Xotira bog‘ida o‘tkazilgan yig‘inda qatnashgan mahalla faollaridan biri Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimi fohishalik so‘nggi bir yil ichida uch karra oshganini ta’kidlay turib, keksa yoshdagi ayol va ikki qarindoshini ularning “bizni xalqning oldida uyaltirmang”, degan iltijosiga qaramay, o‘rtaga chiqarib, tikka turg‘izib qo‘yganini aytdi:

- Shahar hokimi, militsiya boshlig‘i, prokurori bir guruh ayollarni o‘rtaga chiqarib qo‘yib, “sizlarni xalq oldida muhokama qilamiz”, dedi. “Bizni sharmanda qilmang”, degan gaplariga hokim “jim turinglar, gapimni bo‘lishga haqqingiz yo‘q”, deya javob qildi. Bilsak, bu ayollar fohisha ekani aytilayotgan 18 yoshli qizning onasi va xolalari ekan.

Ozodlik mazkur hodisa yuzasidan izoh olish uchun Termiz shahar hokimi Isroil Hudoyberdievning o‘ziga bog‘lana olmadi.

Shahar hokimligining axborot xizmati esa, 11 sentabr kungi Ozodlik so‘roviga “vaziyatni o‘rganib o‘zimiz qaytib telefon qilamiz"¸ dedi, lekin 12 sentabr, O‘zbekiston vaqti bilan 15 gacha ham izoh bergani yo‘q.

Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Malohat Xollieva Ozodlik bilan suhbatda 10 sentabr kuni shahar hokimligi o‘tkazgan fohishalikka qarshi yig‘inda muhokama qilingan qiz sheriklari bilan hamshiralarni kaltaklaganlikda ham gumonlanib ayblanayotganini aytdi.

Lekin, Xollievaga ko‘ra, majlisda kimnidir xalq oldida uyaltirish yoki sazoyi qilish bo‘lmagan.

- Bular beshta ayol ichib olgan bo‘lishgan, medsestrani urgan, deyishdi. Hokimimiz juda madaniyatli, juda yuragi yonadigan inson-da. U shu shaharga men javobgarman, deb turib “o‘z bolangizga o‘zingiz egalik qiling, asraylik, bolalarimizni buzilib ketishiga ota-ona mas’ul, xalq mas’ul, ertaga bugungi kundagi 13-14 yashar bolalarimiz sal katta bo‘lganidan keyin behayolik darajasiga bormasin, yo‘ldan chiqib bo‘lgunicha bugungi kunda hammasini qo‘lga olaylik, 16 yoshli qizni to‘yi bo‘lmoqchi bo‘lyapti, biz uni kimnidir qo‘liga berib qo‘ya olmaymiz” dedi. Haqiqatan ham shaharda yo‘ldan chiqqan ayollar soni ko‘paymoqda. U kishi shunga bezovta bo‘ldilar xolos. Shu ayollarni misol qilib keltirdi xolos. Lekin, yig‘inda kimnidir sazoyi qilish yoki xalqni oldida sharmanda qilish degan narsa bo‘lmadi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimligining sayyor yig‘inida muhokama qilingan 18 yoshli ayol va u bilan birga yana to‘rt ayol ustidan shahar Tibbiyot birlashmasining hamshirasini kaltaklaganlik bo‘yicha ma’muriy ish ochilgan.

Bu ma’lumotni Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi ham tasdiqladi.

- Bu ayollar tungi klubda ichib, mazasi qochib qolganda kasalxonaga olib kelingan. O‘sha yerda medsestrani kaltaklashgan. Bu bo‘yicha ma’muriy ishi ochilgan, lekin hali sud hukm chiqargani yo‘q, - dedi Termiz shahar IIBsining Ozodlik suhbatlashgan navbatchisi.

Ozodlik hokimlik majlisida o‘rtaga chiqarilgan ayollarni o‘zlari bilan bog‘landi, lekin ular gapirishni istashmadi.

Aybsizlik prezumpsiyasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining asosiy prinsiplaridan biridir. Sud tomonidan shaxs aybdor deb topilmaguncha aybdor hisoblanmaydi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan termizliklar ham ayni shu jihatga e’tibor qaratishdi.

- Birinchidan 18 yoshli qiz uchun onasi aybdor emas. Ikkinchidan, bu qizni aybi hali isbotlangan ham emas. Termizda fohishalik ko‘paygan bo‘lsa ishsizlik, iqtisodiy tushkunlik sabab bo‘lyapti. Erkaklarimiz ish izlab Rossiyaga ketib qolgan. Hokimlik ayollarni o‘rtaga chiqarib muhokama qilganidan ko‘ra ishsizlik muammosiga e’tibor qaratsa bo‘larmidi, - dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan termizliklardan biri.

O‘zbekistonda farzandlari aybdor deb topilgan yoki gumonlanganlarning ota onalarini sazoyi qilish avvallari ham bo‘lgan.

Ikki yil avval Namanganning Pop tumanida farzandlari islomiy ekstremizmda ayblanib qamalganlarning ota-onalari mahalla yig‘inida sazoyi qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG