Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:30

O‘n oy avval yopilgan “Xorazm shakar” sotildi. Zavod yangi nom bilan qayta ishga tushiriladi


 Hazoraspdagi “Xorazm shakar” zavodi
Hazoraspdagi “Xorazm shakar” zavodi

O‘tgan yilning noyabrida o‘z faoliyatini to‘xtatgan “Xorazm shakar” zavodi aksiyalari 14,2 milliard so‘mga sotildi. 20 sentabrga belgilangan yig‘ilishda zavod nomi o‘zgartirilib, uning qachondan boshlab ishga tushishi ma’lum bo‘ladi. Zavodning 1500 ishchisidan, hozirda 70 kishi qolgan.

Zavod 14,2 mlrd so‘mga baholandi

Joriy yil 12 sentabr kuni “Xorazm shakar” qo‘shma korxonasi aksiyalari 14,2 milliard so‘mga sotildi.

Bu haqda xabar qilgan “Toshkent” Respublika fond birjasi ma’lumotiga ko‘ra, zavod aksiyalarining 99,4 foizini toshkentlik A.R.Toshev ismli shaxs sotib olgan. Aksiyalarning qolgan 0,6 foizi kimga tegishli ekani ochiqlanmadi.

“Xorazm shakar”ning yangi egasiga aylangan A.R.Toshev haqida Ozodlikda hozircha biror ma’lumot yo‘q.

Fond birja xabariga ko‘ra, Toshev Toshkent shahrining "Tadbirkor" ko‘chasi, 72-uyida yashaydi.

Zavod nomi o‘zgartiriladi

“Xorazm shakar” rasmiy saytiga joylangan e’longa ko‘ra, 20 sentabr kuni o‘tkaziladigan aksiyadorlar yig‘ilishida zavod nomini o‘zgartirish rejalangan.

Zavodning Toshkentdagi bosh ma’muriy binosida o‘tadigan yig‘ilishda shuningdek, yangi ustav, yangi tashkiliy tuzilma ham tasdiqlanishi kutilmoqda.

Zavod ishchilarining 95%i bo‘shadi

O‘tgan yilning noyabrida o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan “Xorazm shakar” dastlab ishchilarini o‘z hisobidan ikki oylik ta’tilga jo‘natdi. Joriy yil yanvariga kelib, majburiy ta’til 10 aprelgacha uzaytirildi.

“Xorazm shakar”ning sobiq ishchilaridan biriga ko‘ra, aprelga kelib, ta’til yana uzaytirilgan va 1 iyundan ishchilar bilan tuzilgan shartnoma muddati tugab, ishchilarning 95 foizi bo‘shab ketgan:

“Bir nechta rahbar, hisobchi va qo‘riqlash tizimi xodimlarigina qoldi. Jami shu 5 foizcha odam qolgan. Zavodning qolgan 95 foiz ishchisi bo‘shab ketdi. Ishchilarning 40-50 foizi Rossiya va Qozog‘istonga ishlashga ketdi".

Rasmiy saytlarida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ “Xorazm shakar”ning 1500 nafar ishchi-xizmatchi bo‘lgan.

Zavodning yopilish sababi

O‘zbekiston Markaziy banki 2017 yilning 5 sentabrida milliy valyuta – so‘mni deyarli ikki barobarga qadrsizlantirdi - bungacha bir AQSh dollarining rasmiy kursi 4210 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha kundan 8100 so‘m qilib belgilandi.

O‘zbek so‘mining devalvatsiya bo‘lganidan so‘ng bungacha rasmiy konvertatsiya imtiyozidan foydalanib kelgan¸ faoliyati import shartnomalari¸ xususan¸ xorijdan xom-ashyo olib kelishga aloqador shirkat va tadbirkorlar moliyaviy muammoga uchray boshladi.

Asosiy mahsulotini xorijdan olib keladigan Xorazm va Toshkent viloyatidagi shakar zavodlari ham ayni muammoga duch kelishdi.

“Xorazm shakar” zavodi mulozimlaridan biri 2017 yilning 30 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda zavod yopilishini aynan o‘zbek so‘mining devalvatsiyasi bilan bog‘lagan edi.

Shundan so‘ng ikkala shakar zavodi ham xorijdan xom ashyo olib kelishni to‘xtatdi.

Xom ashyo bo‘lmagach, zavodlar ham noyabr oyiga kelib ishlab chiqarishni to‘xtatdi va ishchilarini o‘z hisobidan ta’tilga jo‘natdi.

"Angren shakar" zavodining keyingi taqdiri haqida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG