Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:32

Paxta-2018: Andijonning Ulug‘norida "ko‘ngilli" hasharchilar uch kun och qoldi


Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida
Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumaniga paxta terishga majburan jo‘natilgan viloyat suv xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlar xodimlari mehnatlariga oziq-ovqat ta’minoti yomonligidan Ozodlikka shikoyat qildi.

Xodimlarning aytishicha, ular yashaydigan joyda yuvinish uchun sharoit yo‘q, kir bo‘lgan kiyim-kechakni esa, zovur suvida yuvishga majbur bo‘lmoqda.

Ulug‘nor tumani paxta shtabining mulozimi, hasharchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilganini ta’kidlar ekan, Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

"Ixtiyoriy" tilxat

Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi suv xo‘jaligi tashkilotidan Ulug‘nor tumaniga paxta terimiga safarbar etilgan, ismi sir qolishini istagan ishchilardan birining Ozodlikka aytishicha, qariyb 500 nafar terimchi Mingbuloq qishlog‘idagi bolalar lageriga joylashtirilgan:

- Paxtaga yuborishdan oldin har birimizdan “o‘z ixtiyorimiz bilan terimga boryapmiz”, deb tilxat yozdirib olishdi. Karimov davrida ham shunday edi, hozir ham shunday. Hech qanday o‘zgarish yo‘q. Kelganimga bir haftadan oshdi, hech qaysi rahbar, holing qanday deb so‘rab kelmadi”, deydi ishchilardan biri.

Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida
Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida

“Birinchi uch kun ovqatsiz qoldik”

Suv xo‘jaligi tashkiloti ishchisi terimchilar noqulay sharoitlarda paxta terayotganini birma-bir sanab o‘tdi.

Uning aytishicha, dastlabki uch kunda deyarli och qolishgan:

- Pioner lagerda yotibmiz. Palatkalari bor, xonalari bor. To‘g‘ri unchalik xarob emasu, lekin chidasa bo‘ladi. Kelgan kunimiz uch kun och qoldik, desak ham bo‘ladi. Bizni olib kelishganda ovqatlaringni fermer qilib beradi, deyishgan edi. Lekin fermerlar unisi bunisiga, bunisi unisiga tashlab, ovqat qilib bermadi. Keyin tashkilotimiz o‘zi ovqat qilib berishni bo‘yniga oldi. Bir kunlik ovqat esa 11 ming so‘mdanga tushyapti. Bu pulni bizning maoshimizdan qaytarib olar ekan, deydi ishchi.

Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida
Andijon viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlari terimchilari Ulug‘nor tumanida

“Yashasin makaron!”

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir hasharchi-terimchining aytishicha, ularning yegani faqat makaron bo‘lyapti:

“Ertalab bir dona oq qand, 20 gramm sariyog‘ beradi. Tushlikka esa kelganimizdan beri faqat makaron, makaron. Rezina etik kiyib qidirsang, uning ichidan bitta-yarimta go‘sht topasan, bo‘lmasa yo‘q. Kechqurunlari ba’zan shavla yoki mastava ham bo‘lib qoladi”, deydi ishchilardan biri.

“Biz mol emasmizku”

Hasharchining aytishicha, terimchilar uchun oddiy yuvinib olish xonalari ham yo‘q:

“Bizda hammom tugul, oddiy suvni isitib yuvinib olishga ham sharoit yo‘q. Paxtadan terlab-pishib kelamizda, sovuq suvga chayqalib olamiz. yonimizdagi do‘kondan sovun, poroshok xarid qilib, zovur-zakanlarda kirlarimizni yuvib olamiz. Ba’zilar, sovuqda yuvingani erinib, sasib ketadi. Hasharchi chaqirganingdan keyin, sharoitini ham qilib ber-da. Axir biz mol emasmizku, biz odammiz!”, dedi suv xo‘jaligi tashkiloti ishchilaridan biri.

Ulug‘nor tuman paxta shtabining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda hasharchilarga shart-sharoitlar yaratilmaganiga oid iddaolarni inkor qildi:

- Bo‘lishi mumkin emas unaqa narsa. Kelib ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Barcha sharoitlar muhayyo qilib berilgan. Har kuni xabar olib turibmiz”, dedi mulozim.

5 sentabr kuni paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan hukumat selektorida Bosh vazir Abdulla Aripov bu yilgi paxta yig‘im terimiga 18 yoshga to‘lmaganlar, maktab va boshqa ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda tibbiyot xodimlarini jalb etish qat’iyan taqiqlanganini ta’kidlagan edi.

Ayni paytda¸ mahalliy matbuot bu yilgi paxta terimiga 2 million terimchi jalb qilinishi va shu maqsadda mamlakat bo‘yicha jami 26 mingdan ortiq "ko‘ngilli otryad" tashkil etilishini bildirdi.

Biroq taqiqqa qaramay, ayrim joylarda aholi majburiy mehnatga jalb etilayotgani to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumotlar kelib tushmoqda.

Masalan, 12 sentabr kuni Andijon elektr tarmoqlari korxonasi va “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Andijon viloyat filiali xodimlari ayni kunlarda o‘z ishxonalarida xizmatchilarni 50 foiziga qadar yotoqlik paxta terimiga jo‘natish boshlanganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG