Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:44

Ish beruvchi uch barmog‘idan ajralgan o‘zbek muhojirini o‘g‘irlikda aybladi


29 yoshli buxorolik Aziz Mo‘minov ish paytida uch barmog‘idan ayrildi.
29 yoshli buxorolik Aziz Mo‘minov ish paytida uch barmog‘idan ayrildi.

Moskvaning Doroxovo qo‘rg‘onidagi metall qabul qilish shirkatida metall kesuvchi bo‘lib ishlab kelgan 29 yoshli buxorolik Aziz Mo‘minov ish paytida uch barmog‘idan ayrildi.

Shirkat rahbariyati o‘zbek muhojiriga yordam berish o‘rniga uni o‘g‘irlikda ayblamoqda.

Moskva viloyatining Ruza tumanida joylashgan metall kesish shirkatlaridan birida payvandchi va metall kesuvchi bo‘lib ishlab kelgan peshkulik Aziz Mo‘minov shu yilning 2 oktabrida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa tufayli o‘ng qo‘lining uch barmog‘idan ajraldi.

Ozodlik bilan suhbatda Aziz shirkat menejeri Andrey Lebedev unga “barmog‘imni uyda kesib oldim”, deb aytishni buyurganini aytdi:

- Temir kesaman ishxonada. Barmoqlarim temir orasida qolib, kesilib ketdi. Nachalnik telefon qilib “Aytmagin, men senga bolnichniy harajatlarini hammasini to‘layman”, dedi. Aytganini qildim. Hozir menga 8-9 ming rubl pul bergan. Kuniga perevyazkaga 1 ming so‘mdan olyapti. “Menga pul kerak”, desam mendan pul so‘rama dedi. Oldingi kun ishxonaga borib, narsalarimni olib ketdim. Endi “Sen svarka apparatini o‘g‘irlading!”, deb bo‘ynimga tashlayapti, pul so‘ramasin deb. Men pul so‘raganim yo‘q! Bir tanishim 20 ming qarz bergandi – shu bilan yuruvdim. Hozir bir so‘m ham qolmadi! Kvartiraga berishim kerak, dokumentimga. Nima qilishni bilmay qoldim.

Uzbekistan/Russia-Migrant Aziz Muminov cut his fingers, 12.10.2018
Uzbekistan/Russia-Migrant Aziz Muminov cut his fingers, 12.10.2018

Azizning so‘zlaricha, ish beruvchi korxona menejeri uning ustidan migratsiya idorasi va politsiyaga “o‘g‘irlik” asosida ariza topshiraman, deb tahdid qilib kelayotganini bildirdi.

Aziz menejeri Andrey Lebedevdan WhatsAp messenjeri orqali yo‘llangan tahdid va haqoratli xabarlarini Ozodlikka taqdim etdi.

Ozodlik muxbirlari menejer Andrey bilan telefon orqali gaplashishga urinib ko‘rdi. Avvaliga “Aziz bizda ishlamagan”, degan shirkat vakili keyinroq o‘zbekistonlik ishchi ustidan “svarka apparatini o‘g‘irlagani uchun” politsiyaga murojaat qilganini gapirdi:

- Birinchidan, men unga tahdid qilganim yo‘q. O‘g‘irlik sodir etilgan – u qanday qilib zavod hududiga kirgan – men bilmadim, o‘rganayapman. Militsiya va FMSga ariza yubordim. Men bu odamni anchadan beri taniyman, bu rost. Men unga yordam berib keldim, u bo‘lsa meni buyumimni o‘g‘irlab ketdi. Men uni qamoqqa tiqaman, va’da beraman!

Vrachlar Azizga ishlashni vaqtinchalik taqiqladi.
Vrachlar Azizga ishlashni vaqtinchalik taqiqladi.

Suhbat davomida Andrey Lebedev buxorolik yigitdan hech qanday qarzi yo‘qligi va qo‘li kesilgani bilan ishi yo‘qligini ma’lum qildi.

Ushbu vaziyat borasida fikr bildirgan huquq faollari va yuristlar shartnomasiz mehnat qilgan muhojirni lotereya o‘ynayotgan shaxsga qiyosladi: ish beruvchi insofli bo‘lsa – muhojir ish haqini oladi, bo‘lmasa – yo‘q.

Ayni paytda, Aziz Mo‘minov ish beruvchi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan ishlagani tufayli shu ahvolga tushganini tan oldi. Nochor ahvolda va mablag‘siz qolgan o‘zbek muhojiri patent to‘lashga mablag‘i qolmaganini aytmoqda.

O‘zbekiston vatandoshi Aziz Mo‘minovga huquqiy, moddiy yoki ma’naviy yordam berish istagida bo‘lganlar +7903 553 7187 telefoni orqali u bilan bog‘lanishi mumkin.

...

Ozodlik Rossiyadagi ko‘plab ish beruvchi korxona va shirkatlar vizasiz mamlakatlar, xususan, O‘zbekistondan kelayotgan mehnat migrantlarini ishga shartnoma va tegishli hujjat rasmiylashtirmasdan olishga manfaatdorligi borasida ko‘p marotaba xabar bergan.

Bunday vaziyatdan boxabar rus hukumati yildan-yilga migratsiya qoidalarini yanada qattiqlashtiruvchi qonun-tartiblarni joriy etib bormoqda.

XS
SM
MD
LG