Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

Muhojirlarga patent sotishdan Rossiya 57 milliard rubl daromad ko‘rdi (VIDEO)


Mehnat muhojirlariga patent sotishdan Rossiya 2018 yilda 866 million AQSh dollari miqdorida daromad ko‘rdi. O‘tgan yil davomida Rossiyada migrantlarga jami 1,7 million ishga ruxsatnoma rasmiylashtirildi.

Mehnat muhojirlariga ishga ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirishdan Rossiya hukumati 2018 yilda 57 milliard rubl (~866 mln. AQSh dollari) foyda ko‘rdi.

Bu haqda jurnalistlarga Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Valentina Kazakova xabar qildi:

- O‘tgan yil davomida hammasi bo‘lib 1 million 700 ming panent rasmiylashtirilib, ulardan davlat sub’ektlariga tushgan avans to‘lovlari miqdori 57 milliard rublni tashkil etdi.

Kazakova xonim, shuningdek, Rossiyaning har bir mintaqasiga mehnat muhojirlari oqimini kamaytirish huquqi berilgan bo‘lib, faqat ikkita viloyatgina bu huquqdan foydalangan.

- Agarda sub’ektga mehnat muhojirlari boshqa kerak bo‘lmasa ular patent berishni cheklashga haqli. Ammo patentlar paydo bo‘lganidan beri faqat ikkita mintaqa bu huquqdan foydalangan – biri Kaliningrad futbol bo‘yicha Jahon Chempionati paytida. Asosan sub’ektlar ishga ruxsatnoma berishni cheklashmaydi va biz tushunamizki u yerda ishchi kuchi zarur, deya xulosa qildi Migratsiya departamenti rahbari.

Rossiya politsiyasi keltirayotgan raqamlardan 2019 yil boshida Rossiyada yashayotgan xorijliklar soni 10 millionga yetganini ko‘rish mumkin. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 500 ming kishiga ko‘proqdir.

Keltirilgan raqamlarga binoan, 2018 yilda Rossiya poytaxtida qayta patent rasmiylashtirgan migrantlar soni 61 foizni tashkil etgan. Migrantlardan eng katta daromad ko‘rayotgan Moskva shahri byudjetiga 2018 yilning yanvar-noyabr oylari davomida mehnat muhojirlariga sotilgan ishga ruxsatnomalardan tushgan daromad 12 foizga oshgan va 15,9 mlrd. rubl yoki 242 million dollarni tashkil etgan.

Migratsiya departamenti vakilasi mehnat muhojirlarining asosiy qismi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistondan bo‘lib, ularning aksar qismi Rossiyaning Moskva shahri va viloyati, Sankt-Peterburg shahri va Rostov viloyatida joylashganini ma’lum qildi.

Bundan oldinroq Valentina Kazakova 2017 yilda migrantlarga ishga ruxsatnoma sotishdan Rossiya 51 milliard rubl miqdorida daromad olganini xabar qilgandi.

2019 yilning yanvaridan boshlab Rossiyaning deyarli barcha mintaqalarida patent narxlari qimmatlagan to‘g‘risida xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG