Joriy yilning 1 mart kuni Namangan viloyati Kosonsoy tumanida bir guruh taksi haydovchilari tekshirishga kelgan ikki xodimni haydab soldi. Kirakashlarga ko‘ra, tekshiruvchilar noqonuniy ravishda jarima undirmoqchi bo‘lgani uchun ularga qarshilik ko‘rsatishgan. IIB kirakashlarga qarshi ish ochdi.
Voqea 1 mart kuni soat 14:00larda Kosonsoy tumani hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka 4 mart kuni xabar yo‘llagan kosonsoylikka ko‘ra, u voqeaga guvoh bo‘lganlardan biridir.
“Litsenziya tekshiruvchilari taksistlarning joniga tegib ketdi. Juma kuni ikkitasi kelib, bitta taksistni jarima qilmoqchi bo‘ldi. Taksist yigit jonidan to‘yganidan tekshiruvchilardan birini urdi. Keyin ur-to‘polon bo‘lib ketdi. Olomon tekshiruvchilarni o‘rab, olib, ularni haydab yubordi. Ikkalasi bitta mashinada kelgan ekan, mashinasini ham pachoq qilishdi”, deydi voqeaga guvoh bo‘lganini aytgan kosonsoylik.
Yana bir kosonsoylik taksi haydovchisi iddaosiga ko‘ra, tekshiruvchilar kirakashlarni noqonuniy ravishda jarimaga tortmoqchi bo‘lgani janjalga sabab bo‘lgan:
“Tekshiruvchilar o‘zi faqat nazorat qilish uchun chiqishgan ekan. Lekin litsenziyasi yo‘q yigitlarni jarima to‘laysan, deb ham majburlashgan. Shu bilan janjal boshlangan. Tekshiruvchilar odamlarni qon qaqshatayapti. Bular faqat odamlarni talash bilan ovora”, dedi kosonsoylik taksi haydovchisi.
5 mart kuni Ozodlik tekshiruvchilar va taksi haydovchilari janjalining bir qismi aks etgan videoni qo‘lga kiritdi.
3:07 daqiqalik videoda ikki nafar formalik yigitni bir guruh odamlar o‘rab olgani aks etgan. Ikki formalik yigit mashina oldida, odamlar esa mashinani o‘rab olganini ko‘rish mumkin. Odamlarning baqir-chaqiri, norozilik bildirib, “Haqqingiz yo‘q unaqa qilishga” degan gaplari eshtiladi. Savol-javoblardan gap jarima haqida ketayotgani anglashiladi. Formalik yigitlardan biri qandaydir qog‘ozni ko‘rsatadi. Video davomida ushbu qog‘ozni yig‘ilganlardan biri o‘qiyotgani ko‘riladi. Uni o‘qigan kishi esa “Sizlar nazorat qilish uchun chiqqan ekansiz. Qonuniy chora ko‘rish uchun emasku” deydi. Shundan keyin baqir-chaqirlar yana kuchaydi. Formalik yigitlar “Biz o‘z holimizcha” chiqmaymiz” deya o‘zini oqlashga uringani ko‘rinadi. Baqir-chaqir yana kuchayadi va ikki formalikning mashinaga o‘tirganini ko‘rish mumkin. Shu bilan video tugaydi.
Voqea guvohlari aytgan, tekshiruvchilarga nisbatan kuch qo‘llash holati videodagi voqeadan keyin yoki oldin bo‘lganmi, bunisi Ozodlikka ma’lum emas. Videoni Ozodlikka taqdim qilgan odam voqea tafsilotlaridan to‘liq xabardor emasligini bildirdi.
Ozodlik o‘z surishtiruvlari natijasida videodagi ikki formalik yigitning Namangan viloyat Avtomobil va transport boshqarmasi xodimlari ekanini aniqladi. Boshqarma mulozimlaridan biri 1 mart kungi voqeani ham tasdiqladi.
“Kosonsoyda bo‘limimiz yo‘q. Bu yigitlar bizning boshqarma xodimlari. Ular reja bo‘yicha o‘sha joyga jo‘natilgandi. Biz sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qildik. To‘liq tafsilotlarini ulardan olasiz. Aybdorlarga ish ochildi”, dedi o‘zini tanishtirmagan mulozim.
Mulozimning aytishicha, Kosonsoy hududida litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatayotgan taksi haydovchilari ko‘pchilikni tashkil qilgani bois, bu tumanda kuchli nazorat o‘rnatilgan.
“ Bu hududni qattiq nazoratga olganmiz. Eng ko‘p avariya ham shu hududda bo‘ladi. Buni tartibga solishga harakat qilayapmiz”, dedi Avtomobil va transport boshqarmasi mulozimi.
Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi tekshiruvchilarga nisbatan kuch qo‘llagan haydovchilarga nisbatan ish ochilgani va hozirda surishtiruv ishlari ketayotganini ta’kidladi.
“Ularni olib kirib, gaplashayapmiz. Hammasiga chora ko‘rilayapti”, degan IIB xodimi boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.
Jami necha kishiga nisbatan ish ochilgani haqidagi ma’lumot Ozodlikda yo‘q.
Ish ochilganlardan birining yaqiniga ko‘ra, voqea bo‘yicha Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi ya’ni “hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2012 yil 1 yanvar amalga kirgan "Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha chora tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorda kirakashlik qilish uchun litsenziya olish ko‘rsatilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil yanvarida bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida "kirakashlarni soliqqa tortish davlatga, xalqqa qarshi amal bo‘lishini" ta’kidlagan edi.