Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:07

Imtiyozlilar ko‘paydi - organ xodimlari bolalari ham universitetga imtihonsiz kiradi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 6 may kuni imzolagan qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari mamlakat oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kiradi.

Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi xodimlariga berilgan bunday imtiyoz¸ ayni paytda prokuratura va DXXga taalluqli emas.

Nizomda o‘qishga kiradigan organ xodimlari farzandlarining bilim saviyasi qaysi andazada baholanishi haqida gap yo‘q.

O‘zbekiston Davlat test markazi va Oliy ta’lim vazirligi mulozimlari Ozodlikning yangi imtiyozlarga oid savollariga javob bermadi.

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan Nizom O‘zbekiston prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning ijrosi sifatida ko‘rsatiladi.

Bu Nizom ichki ishlar organlarining shahodatlangan (xizmat kiyimida bo‘lgan, yonida hujjati bor barcha xodimlar – IIV matbuot xizmati izohi) xodimlari, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning farzandlariga nisbatan tadbiq etiladi.

Organ xodimlarining farzandlariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanomani IIVning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari boshliqlari beradi.

Bu tavsiyanomani har yili 15 martdan 1 aprelgacha IIV o‘rinbosari raisligidagi komissiya ko‘rib chiqadi.

Tavsiyanomada bolaning bilim darajasi ko‘rsatilmaydi

Komissiyaga taqdim etiladigan hujjatlarda tarkibiy va hududiy bo‘linma boshlig‘i tavsiyasi, ma’lumotnoma-ob’yektivka, avtobiografik ma’lumotlar, xizmat faoliyati bo‘yicha hisobot, xodim farzandining pasporti nusxasi, ma’lumoti to‘g‘risida hujjatlar nusxasi bo‘lishi shart.

Komissiya har yili 1 maygacha tavsiyanomalar berilgan xodimlar farzandlari ro‘yxatini O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etadi.

Nizomda organ xodimlari farzandlarining bilimi va saviyasi qanday andazada baholanishi haqida hech narsa yozilmagan.

Tavsiyanomaga ko‘ra, O‘zbekiston ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimning farzandiga respublikaning barcha davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida kirida ajratilgan qo‘shimcha uch foizli qabul kvotasi doirasida tanlovda ishtirok etish imtiyozi beriladi.

Halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimning farzandiga esa o‘qishga kirishda tanlovsiz, belgilangan qabul kvotasidan tashqari davlat grantiga asosan o‘qishga kirish imtiyozi beriladi.

O‘zbekiston prezidenti saytining yozishicha, respublikadagi barcha harbiy litseylar – “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilari ham oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.

Tavsiyanoma
Tavsiyanoma

“Zulfiyachilardan keyin organchilar”

Bosh vazir Abdulla Aripov bu Nizomni tasdiqlaganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozara avj oldi.

Facebbok foydalanuvchisi Komil Djalilov:

“Ja ko‘payib ketmadimi OTMga imtihonsiz kiradiganlar? Zulfiyachilar, Ibratchilar, Temurbeklar ... OTMga kirishda har qanday imtiyozni bekor qilish kerak. Bilimi bo‘lsa, marhamat, halol raqobatda bilimini ko‘rsatib, o‘qishga kirsin”, deb ëzgan bo‘lsa¸ Bahodir Suyarov:

“Imtiyozlar ko‘payib ketdi,bu yaxshilikki olib kelmaydi,chunki o‘ta bilimli bolalarni institutlarga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Imtiyoz berilsa faqatgina harbiy institutlarga tadbiq qilsa bo‘ladi”¸ deb yozdi.

Facebook foydalanuvchilaridan yana biri Muslima Umarova:

“Poraxo‘rlikning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Temurbeklar maktabiga kirish uchun katta stavkalar paydo bo‘ladi. Iqtidori bo‘lsaku mayli, bu sohaga iqtidori yo‘q kadrlar yana jamiyatni orqaga tortaveradi . Shunchasi kamdek”¸ deb yozgan bo‘lsa¸ Khurshid Yuldoshev:

"O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart." (Konstitutsiya 18) Zo‘r bo‘lsa, imtiyozsiz ham o‘qishga kira oladi. Demak zo‘r emas ekan”¸ deb yozdi.

“Organlar o‘zlari javob bersin!”

Bunday imtiyozlar asosida hech qanday imtihonsiz oliy o‘quv yurti talabasiga aylanayotgan ichki ishlar xodimlari farzandlarining bilimi, savodlilik darajasini qanday aniqlanishi, ularning talabalikka loyiq yoki loyiq emasligiga kim javob berishi xususidagi savollarga javob izlab, Ozodlik Davlat test markazi bilan bog‘landi.

Markazning o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu savollarni yozib olgach, yarim soat vaqt so‘radi va oradan bu vaqt o‘tib shunday javob berdi:

“Imtihonlarsiz o‘qishga kirayotgan harbiylar farzandlari bo‘yicha Mudofaa vazirligiga, ichki ishlar organlari va “Temurbeklar maktabi” bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilasiz. Ular o‘zlari javob bersin, bizning bunga aloqamiz yo‘q”.

Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirining Fan bo‘yicha o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zini vazir o‘rinbosari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim, Ozodlik savollarini Uzoqboy Begimqulovga yetkazish va javob uchun kechroq qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi. Ozodlikning kun davomida qilingan boshqa qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

“Imtiyoz bilan talaba bo‘lgan boladan mutaxassis chiqmaydi”

Psixologiya fanlari doktori Mahmudjon Yo‘ldoshevning aytishicha, imtiyoz berib o‘qitilgan talabdan hech qachon yaxshi mutaxassis chiqmaydi:

- Har qanday imtiyoz bu shaxsning jamiyatga noto‘g‘ri, qing‘ir yo‘l bilan kirib kelayotganini ko‘rsatadi. Mana, bundan oldin harbiylar o‘qishga qog‘oz ko‘tarib kelardi, lekin ularda harbiyda xizmat qildimi yoki o‘qishga tayyolandimi. Mayli, shaxsiy imtiyoz deylik, lekin fan nima bo‘ladi, taraqqiyot nima bo‘ladi? Imtiyoz berilgan odam biror yangilik o‘ylab topadimi, imtiyoz bilan ilmiy ixtiro qilinadimi? Imtiyoz bilan o‘qituvchi bo‘lgan odamdan nima kutish mumkin yoki imtiyoz bilan do‘xtirlikka o‘qishga kirgan odam birovni so‘yib qo‘yadiku. Imtiyoz olgan odam o‘zining ustida ishlamaydi. Men psixolog sifatida aytaman, har qanday imtiyoz odamni buzadi.

O‘zbekistonlik bloger Alimardon Annaev esa bunday imtiyozlar dunyoning boshqa davlatida yo‘qligini aytadi:

- Imtiyoz bilan o‘qishga kirish holatlari avvalgi hukumat boshqaruvida ham bor edi, bugunga kelib bu imtiyozlilar safi nihoyatda kengayib ketdi. Ichki ishlar organlarida ishlaydiganlarning farzandlari shu darajada aqlli va bilimliki, go‘yo ularni o‘qitmasa taraqqiyot to‘xtab qoladiganday, xulosa chiqayapti. Ammo, men uchratgan bunday bolalar orasida men bunday zo‘rini ko‘rmadim. Yil bo‘yi o‘qishga kirishga tayyorlangan, kuni repetitorlarning oldida o‘tgan haqiqiy bilimga, o‘qishga chanqoq yigit-qizlar o‘rni mana bunday imtiyozlilarga hadya qilib yuborilayapti. Bu hadyaning tagida nima bor? Rahbariyat nimadandir hadiksirayaptimi? Mana sizlarga shuncha imkoniyatlar yaratdik, farzandlaringizni o‘qishga imtihonsiz olib kirib qo‘ydik, bizni yanada qattiqroq himoya qilasizlar, bizga yanada sodiq bo‘lasizlar, deyaptimi? Biz to‘layotgan soliqlardan barcha organ ishchilari yashasa, imtiyozlar olsa, endi biz oddiy soliq to‘lovchilar ularning farzandlarini ham o‘qitishimiz kerakmi? O‘zbekistondan boshqa hech qaerda bunaqa axmoqona imtiyozlar yo‘q”.

XS
SM
MD
LG