Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:29

Tojikistondan narkotiklar o‘tishi ustidan nazorat kuchaydi. Mashinalar chegarada soatlab tekshirilmoqda


Samarqand viloyati Jartepa o‘tkazish posti
Samarqand viloyati Jartepa o‘tkazish posti

Samarqand viloyatining Tojikistonning Panjakent tumani bilan chegaradosh Jartepa o‘tkazish punkti bojxonachilari har bir yengil mashinani 3-4 soatlab tekshiruvdan o‘kazmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan tojikistonlik haydovchilar iddaosicha¸ o‘zbek bojxonachilari mashina g‘ildiraklari, gaz to‘la ballonlarini yechishga, zaxira g‘ildirakning damini chiqarib, ochib ko‘rsatishga majburlamoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining Ozodlik gaplashgan mulozimi, haydovchilar shikoyati o‘rinli ekanini e’tirof etgan holda¸ tekshiruvlarning Tojikistondan kelayotgan narkotik moddalar kontrabandasi yo‘lini to‘sish uchun kuchaytirilganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan panjakentlik haydovchilardan biri¸ har oy O‘zbekistonga kamida besh-olti marta yo‘lovchi tashishini aytadi.

Bojxonadan o‘tishda muammoga uchrashdan cho‘chib¸ shaxsi sir qolishini so‘ragan bu suhbatdosh ¸ soatlab tekshiruvlarning mart oyidan boshlanganini bildirdi.

“Yetti oydan buyon har oyda 60 dollar bojxona to‘lovi qilib, O‘zbekistonga qatnayman. Kimnidir kasalxonaga, kimnidir aeroportga olib chiqaman. Chegaralarimiz ochilib¸ juda ham xursand bo‘lgan edik. Bojxonachilar har bir mashinani 15-20 minut tekshirib, o‘tkazib yuborardi. Mart oyidan boshlab, sharoit o‘zgardi. Har bir mashina kamida 3-4 soat tekshirilayapti”.

Tojikiston fuqarosi mashinasi g‘ildiragini yechmoqda
Tojikiston fuqarosi mashinasi g‘ildiragini yechmoqda

​Bu haydovchi, bojxonachilar mashinaning qo‘lda yechish imkoni bo‘lgan hamma joyini ochib ko‘rsatishni talab qilayotganini aytadi.

“Har bir mashinani boksga kiritadi. Keyin, eshiklarning obshivkasini, o‘rindiqlarni yechasan¸ deydi. Ularni yechib ko‘rsatganimizdan keyin, to‘rtta g‘ildirakni yechtiradi. Zapaskani ochib ko‘rsat, deydi. Bu ham yetmagandek, gaz to‘ldirilgan ballonlarni ham yechasan, deydi. Axir, mumkinmas, bu texnika xavfsizligiga qarshi desak ham, ustimizdan masxara qilib, yechtiradi. Ana shunaqa qilib 3-4 soatdan bojxonada qolib ketayapmiz. Tunov kuni aeroportga odam olib ketayotgan edim, ular kech qolishini bilib, taksida ketaveringlar, dedim. Nahotki, shunday katta bir bojxona postida mashinalarni tekshiradigan apparati bo‘lmasa?”

Tojikiston fuqarosi mashinasi g‘ildiragini yechmoqda
Tojikiston fuqarosi mashinasi g‘ildiragini yechmoqda

​Ismi sir qolishini so‘ragan yana bir haydovchi O‘zbekistonga kiradigan boshqa o‘tkazish punktlarida vaziyat bunday emasligini bildirdi.

“Men, Bekoboddan ham, Oybek postidan ham ko‘p o‘tganman. U postlarda mashinani narkotik modda, o‘q-quroldan tekshirib ko‘radigan apparatdan shunday o‘tkazadi, tamom. Jartepa postida esa avval itni iskatib tekshiradi, bu ham yetmagandek, yana hamma joyini ochtirib tashlaydi. Ba’zi, bojxonachilar yaxshi, o‘zlari yordam berib turadi. Lekin bitta Shurik degani bor, boshingda masxara qilib, u yoqni yech, bu yoqni yech deb izdevatsya qiladi. Yaqinda yurolmaydigan bir kasalni olib ketayotgan edim, o‘shani tushirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Yaxshiyam, boshqa bojxonachilar oraga kirdi. Hozir bojxona oldida har kuni 15-20ta mashina navbat bo‘lib qolayapti”

Mashina eshiklaridagi qoplamalar ham ochib tekshirilmoqda
Mashina eshiklaridagi qoplamalar ham ochib tekshirilmoqda

​O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasi mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda haydovchilarning shikoyatlari o‘rinli ekanligini aytdi.

“Bu bor gap. To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda narkotik moddalarning O‘zbekistonga kirib kelishiga qarshi nazoratni kuchaytirganmiz. Jartepa o‘tkazish posti hozircha avtomobillarni skaner qiladigan moslamaga ega emas. Tojikistonlik haydovchilar uch-to‘rt soatlab chegarada qolib ketayotgani haqida bizga ham shikoyat qilgan. Avtoluovlarni ichkarisigacha skaner qiladigan apparatlar bilan ta’minlanishini so‘rab, biz qo‘mitaga rasman murojaat qilganmiz. Yaqin orada bu muammo hal bo‘ladi va tojikistonlik mehmonlarimiz uzoq kutib qolmaydi, deb umid qilaman”, dedi boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan narkotik moddalarning bir qismi Tojikiston orqali qo‘shni davlatlarga va undan keyin Rossiyaga o‘tkaziladi.

O‘zbek-tojik chegarasida narkotik moddalarni tashuvchi kuryerlar qo‘lga olingani haqida ozodlik xabar bergan edi.

20 may kuni Ozodlik 100 dan oshiq sement ortilgan fura o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Do‘stlik bojxona postidan O‘zbekistonga kiritilmayotgani haqida xabar bergan edi.

Xuddi shu kuni O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasidagi Olot-Farob bojxona postida turk shirkatlariga oid 50 dan ziyod yuk mashinasi va ularning 100 ga yaqin haydovchisi 29 kundan beri Turkmanistonga o‘tkazilmay O‘zbekistonda turgan edi.

Hozircha O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi bu jarayonlarga oid rasmiy izoh berganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG