Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:31

O‘zbekiston Rossiya bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni kuchaytirmoqda


O‘tgan haftada Bahodir Qurbonov AQShga safar qildi. Vazir o‘zaro hamkorlik, ikki mamlakatning xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi o‘zaro aloqalari, joriy yilda o‘zaro harbiy mashqlar o‘tkazish rejalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazgani ma’lum qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Rossiya bilan imzolagan qator kelishuvlar asosida o‘z harbiy texnikasini modernizatsiya qilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida kuchga kirgan 12 shartnoma Rossiyadan olingan kreditlar asosida amalga oshirilayapti.

Rossiya O‘zbekistonga harbiy texnika yetkazib bermoqda

O‘zbekiston Rossiya bilan Harbiy-texnikaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya (VTS) doirasida imzolagan hujjatlar asosida yangi harbiy texnika sotib oladi va eskisini modernizatsiya qilishni boshladi.

Joriy yil iyunida qurol-aslaha va ehtiyot qismlar bilan ta’minotiga oid 12 ta yangi kontrakt kuchga kirdi. 2019 yilning 23 mayida o‘tgan 15-chi majlisda imzolangan shartnomaga ko‘ra, komissiya O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini 2025 yilgacha zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlaydi.

Rossiya Harbiy texnika masalalari federal xizmati (FSVTS) rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadan bir necha Su-30M, 12A6 “Sopka-2” trassali radiolokatsiya kompleksi, “Pechora-2M” zenit-raketa kompleksiga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, “Protivnik-GE”, “Gamma-DE”, “Podlet-E”, 31 komplekt “Fara-VR” radiolokatsiya stansiyalari va aloqa tizimlarini sotib olishni rejalashtirgan.

O‘zbekiston BTR-82A bronetransportyorlarini sotib olishga buyurtma bergan
O‘zbekiston BTR-82A bronetransportyorlarini sotib olishga buyurtma bergan

Bu kelishuvlarni O‘zbekiston respublikasi Rossiya davlat kreditlari asosida amalga oshirishi kelishilgani ma’lum.

2017 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga eksport krediti asosida Mi-35M vertolyotlari va ularga zaruriy bo‘lgan ehtiyot qismlar yetkazib berilishi davom etayotgani ma’lum. Rossiyaning “Novaya gazeta” nashri 2019 yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistonga 4 dona, 2020 yilda esa yana 8 dona Mi-35M vertolyotlari berilishi to‘g‘risida o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.

Rasmiy Toshkent sotib olishni rejalashtirayotgan Su-30M qiruvchi uchoqlari 4+ avlodiga qarashli modernizatsiya qilingan harbiy mashinalardir. Putin hukumati bu uchoqlarni Suriya hududida olib borilgan harbiy operatsiyalar davomida sinovdan o‘tkazgan.

Bugunga kelib, O‘zbekiston Qurolli kuchlarida 30 dona Mi-24 harbiy vertolyotlari bor.

Rossiyalik harbiylar Rossiya O‘zbekiston tarafiga harbiy texnika va qurol-aslaha sotib olish uchun 200 million dollar miqdorida kredit berilganini ham ochiqladi.

RIA-Novosti xabaricha, Rossiya Mudofaa vazirligiga O‘zbekiston Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasidan mamlakat Harbiy havo kuchlarining MiG-29 qiruvchi uchoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ariza kelib tushgan. Ochiq manbalardan 2016 yilga kelib O‘zbekistonda turli modifikatsiyadagi 30 dona MiG-29 uchog‘i mavjud bo‘lganini ko‘rish mumkin.

2019 yil oxirigacha bu masalada ham Rossiya va O‘zbekiston harbiy rahbariyati o‘rtasida muzokaralar olib borilishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston harbiylari Rossiyadan bir nechta BTR-82A bronetransportyorlarini sotib olishga buyurtma bergani ham ochiqlandi.

O‘zbekiston o‘z armiyasi uchun Rossiyadan “Tigr” zirhli mashinalarini ham sotib olgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi. TASSning 25 iyun kuni O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi tarkibidagi manbaga tayanib xabar berishicha , sotib olingan “Tigr”lar soni “bir necha o‘nta”ni tashkil qiladi.

SU-30m qiruvchi uchoqlari
SU-30m qiruvchi uchoqlari

Harbiy ekspertlar ikki davlat o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlik ayniqsa hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoev kelishi ortidan oxirgi ikki yilda jadallashgani kuzatilayotganini alohida ta’kidlamoqda.

2016 yilning 29 noyabrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida “Harbiy –texnik hamkorlikni rivojlantirish shartnomasi” imzolangan edi.

Ushbu hujjatga binoan O‘zbekiston o‘z Qurolli kuchlarini 2020 yilgacha Rossiya qurol va harbiy texnikasi bilan qayta ta’minlaydi. Uchrashuvda Rossiya mudofaa vaziri O‘zbekistonni Moskva tashabbusi bilan tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga O‘zbekistonga “Harbiy –texnik hamkorlikni rivojlantirish shartnomasi” doirasida yetkazib berilgan harbiy mahsulotlardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanishni nazorat qilish yuzasidan shartnoma imzolash bo‘yicha Toshkent bilan muzokaralar o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi.

Prezidentning bu boradagi farmoyishi matni Rossiya hukumatiga tegishli bo‘lgan Huquqiy axborot rasmiy internet portalida 3 noyabrkuni e’lon qilingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan.

“O‘zbekiston ko‘pvektorli siyosat olib bormoqda”

Ayni damda O‘zbekistonning Shavkat Mirziyoev boshqarayotgan hukumat Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ham harbiy sohada hamkorlik qilishga hozir ekanini ko‘rtsatmoqda.

O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov 20 fevral kuni Toshkentga rasmiy safar bilan kelgan AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Josef Votel bilan uchrashgan edi.

O‘tgan haftada Bahodir Qurbonov AQShga safar qildi. Vazir o‘zaro hamkorlik, ikki mamlakatning xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi o‘zaro aloqalari, joriy yilda o‘zaro harbiy mashqlar o‘tkazish rejalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazgani ma’lum qilindi.

AQSh O‘zbekistonga bojxona va chegara xizmatlariga harbiy texnika yetkazib berishi bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani aytildi. O‘zbekiston va AQSh joriy yil birgalikda harbiy mashqlar o‘tkazishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Tarix fanlari doktori, siyosatshunos Artyom Ulunyan Shavkat Mirziyoev boshqarayotgan hukumat harbiy sohada olib borayotgan ko‘pvektorli siyosat o‘zining foydali xususiyatlariga ega ekanini Ozodlik bilan suhbatda bildirdi:

- Toshkent Markaziy Osiyoda ikki kuchga tayanish siyosatini birinchi marotaba olib borayotgani yo‘q. Karimov ketganidan keyin ko‘pchilikda yangi hukumat harbiy-iqtisodiy sohada faqat Rossiyaga tayanib qoldi, degan xato fikr paydo bo‘lgandi. Oxirgi yillarda Rossiya bilan o‘rnatilgan hamkorlik davom etadi va rivojlanib borishi kuzatilmoqda. Ammo bu AQSh bilan munosabatlar susayadi degani emas, aksincha, Toshkent ayniqsa ichki xavfsizlik masalasida Rossiya bilan muvozanatni saqlash uchun AQShga tayanadi, mumkin Xitoy kabi uchinchi mamlakatni ham jalb qiladi.

Artyom Ulunyanning fikricha, O‘zbekiston Rossiya berayotgan kreditlar hisobiga o‘z armiyasini modernizatsiya qilishga va mintaqaviy liderlikka, Rossiya esa, O‘zbekiston bilan harbiy texnikaviy hamkorlik qilar ekan, uni o‘z orbitasiga tortishga intilmoqda:

- So‘zsiz, Kreml vaziyatdan o‘z maqsadlarida foydalanishga urinib ko‘radi. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonning Rossiya soyasidan chiqib, mustaqil siyosat yurgizishga intilishi kuchli. Shu bois Putin hukumati qurol-aslaha va texnikani imtiyozli narxda va kreditlar asosida y berayotgani rasmiy Toshkent uchun juda foydalidir. Ammo Rossiya bu yon bosishlari orqali O‘zbekistonni KXShTga tortishga urinishini kutish joyiz. Toshkent AQShdan tashqari NATO davlatlari bilan ham aloqalarni kuchaytirishga intiladi, chunki bu Mirziyoev e’lon qilgan ochiqlik siyosatining asosiy ko‘rinishlaridan biridir.

А.Улунян: Ўзбекистон икки кучга таяниш сиёсатини юргизмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:07 0:00
Бевосита линк

2015 yilda AQSh «Ortiqcha qurollarni boshqalarga berish» dasturi doirasida O‘zbekistonga umumiy qiymati 150 million bo‘lgan 300ta zirhli harbiy avtomashinani sovg‘a qilgan edi.

Global Firepower bergan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 420 tank, 715 piyodalar jangovar mashinasi, 143 dona o‘ziyurar artilleriya moslamasi, 880 artilleriya quroli va 109 dona zambarakka ega. Shuningdek, bugunga kelib Markaziy Osiyoda eng qudratli va jangovar armiyaga ega O‘zbekiston 69 qiruvchi uchoq, 89 bombardimonchi, 50 ta transport uchog‘i, 70 vertolyotga (25tasi jangovar) egadir.

Global Firepower jahon reytingida O‘zbekiston 48 o‘rinda turibdi va yaqin orada o‘z qudratini oshirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG