Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:58

Zominda prezident kelishiga 45 daraja issiqda byudjetchilar yo‘l tozalashga chiqarildi(VIDEO)


Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari
Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari

Jizzax viloyat, Zomin tumanidagi byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlarning xodimlari 17 iyul kuni, havo harorati 45 darajadan baland ekanligiga qaramay, Dashtobod - Zomin avtomobil yo‘lining ikki chetini o‘t-o‘landan tozalash uchun majburan chiqarildi.

Ozodlikka tibbiyot xodimlaridan kelgan bu xabarni tuman hokimligi mulozimi tasdiqladi.

Zomin tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli qishloq vrachlik punktlaridan birida ishlaydigan, ishdan haydalishdan qo‘rqib, ismi sir qolishini so‘ragan farroshlardan birining aytishicha, 17 iyul kuni ertalabdan ular yo‘l tozalashga majburan chiqarilgan:

“Kecha QVP mudirimiz menga va qorovulga ertaga yo‘l tozalashga chiqasizlar dedi. Bugun ertalab o‘roq va ketmon olib chiqdik. Kasalxonadan, boshqa QVPlardan ham yuzga yaqin sanitarkalar, texnik xodimlar bor edi. Hammani katta yo‘l bo‘ylab bo‘lib chiqishdi. Biz Laylakuya degan posyolkaning oldidan o‘tadigan katta yo‘lning ikki chetidagi o‘t-o‘lanlarni o‘rdik, chopdik”.

Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari
Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari

Ismi sir qolishini so‘ragan, tuman kasalxonasida ishlaydigan sanitarkaning aytishicha, havo harorati juda baland ekanligiga qaramasdan ular o‘t o‘rishga chiqishga majbur bo‘lgan:

“Kun juda ham issiq, yana asfalt yo‘lning bo‘yi yondiraman deydi. Internetda Zominda 41 daraja ko‘rsatyapti. Albatta, bu soyadagi harorat. Endi tasavvur qiling, asfalt yo‘ldagi haroratni, kamida 55-60 bor. Yonib ketyapmiz, yo‘q desak, ishdan ket deyishadi. Nima, faqat ushoqday maosh oladigan sanitarkayu qorovullar baloga qolganmi? Yo‘l bo‘yiga javob beradigan tashkilotlar borku.?! Nega ularning ishini biz qilishimiz kerak? Axir prezidentimiz o‘zi menga ko‘zbo‘yamachilik qilmanglar, men hamma joydagi sharoitni yaxshi bilaman, degan edilarku?! Yoki prezidentimiz tug‘ilgan yurtni chiroyli qilib ko‘rsatish uchun paxta qo‘yishmi bu?”

17 iyul kuni Dashtoboddan Zominga borgan, ismi sir qolishini so‘ragan haydovchilardan biri Ozodlikka o‘zi olgan bir qancha rasmlarni taqdim etdi.

Bu rasmlarda odamlarning yo‘l bo‘yida o‘t o‘rayotgani, chopayotgani aks etgan lahzalarni ko‘rish mumkin.

Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari
Dashtobod-Zomin avtomobil yo‘lidagi tozalash ishlari

Haydovchining aytishicha, yo‘l bo‘ylab yuzlab odamlar ishlamoqda.

Zomin tuman tibbiyot birlashmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, kasalxona va QVPlardan sanitarkalar va boshqa texnik xodimlar majburiy xasharga chiqarilganini tasdiqladi:

“Bizdan ham ancha odam chiqarilgan. Bu hokimning buyrug‘i. Biz bir narsa deyolmaymiz”.

Zomin tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar yo‘l tozalashga chiqarilganini tasdiqladi:

“Hududni tozalayapmiz. Hamma o‘z tashabbusi bilan chiqqan. Yon-atrofni, yo‘llarni tozalash bu yomon narsa emasku?!”

Ozodlikning “nega endi tashkilotlar xodimlari ish vaqtida, jazirama issiqda tozalashga chiqarildi?” degan savolidan so‘ng mulozim “aniqlashtirib, o‘zim telefon qilaman”, dedi-da aloqani uzdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida, uning tashrifi uchun oldindan tayyorlangan ko‘zbo‘yamachilik ishlarini tanqid qilib shunday degan edi:

“Men tayyorgarlik qilmasin deb atrofimdagi kattakonlarga ham topshiriq beraman, lekin ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilik bo‘lyapti. Ochiq gap, bu menda nafrat paydo qiladigan narsa. Bir paytlar o‘zim shunga qarshilik qilgan ishlarga bugun ko‘zbo‘yamachilik qilish, odamlarni, ayniqsa ijtimoiy soha odamlarini, maktab, o‘quvchilarni majburlab obodonlashtirishga, tayyorgarlikka chiqarib qo‘yishlaring bu faqat menga emas, balki siyosatga xiyonat.

Men devorning orqasida nima borligini, qaysi ko‘cha supirilganini, qaysi daraxt yiqilib yotganini juda yaxshi bilaman. Men yuradigan yo‘ldagi narsalarni bo‘yab qo‘yganlaring bilan odamlar rahmat demaydi. Sizlar ana shu ishlaring bilan dushmanlaringning tegirmoniga suv quyayapsizlar.

Barcha rahbarlarni alohida ogohlantirmoqchiman. Agar bundan buyon tashrif oldidan birorta hududda vrach, o‘qituvchi, talabani obodonlashtrishga jalb qilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Qonun oldida men sizlarni hammalaringni jazolayman”.

XS
SM
MD
LG