Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:29

Samarada 1 oy oldin zaharlangan o‘zbeklarning 58 nafari og‘ir ahvolda kasalxonada qolmoqda


Zaharlangan 58 o‘zbekistonlikdan birining ichki qon ketish oqibatida ko‘karib ketgan bilaklari.
Zaharlangan 58 o‘zbekistonlikdan birining ichki qon ketish oqibatida ko‘karib ketgan bilaklari.

Qariyb bir oy muqaddam zaharlangan 69 o‘zbek muhojiridan 58 nafari Rossiyaning Samara va Tolyatti shahar shifoxonalarida o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Kasalxonada qolayotganlar orasida 4 yashar bola ham bor.

Tolyatti shahar shifoxonasi bosh vrachi o‘zbek ishchilari qishloq xo‘jaligida ishlatiluvchi Zookumarin preparatidan zaharlanganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli barcha zaruriy yordam ko‘rsatilayotganini bildirdi, biroq shifoxona ma’muriyatiga ko‘ra, zaharlangan o‘zbekistonlik migrantlar moddiy yordamga muhtoj.

13 avgust kuni Samarada ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri bundan bir oycha oldin ish joyida zaharlangan 69 kishidan 58 nafarining ahvoli og‘ir qolayotganini Ozodlikka bildirdi.

O‘zi ham zaharlanib, tuzalib chiqqanini Ozodlikka gapirgan xorazmlik yigit, fojia nimadan boshlanganini aytib berdi:

- Biz “Koshelevskiy posad” shirkatining olma bog‘ida ishlaymiz bog‘bon bo‘lib. Yer yumshatamiz, smorodina teramiz, olma teryapmiz hozir. Ovqatdanmi, nimadandir zaharlandik – 15 avgust kuni 1 oy bo‘ladi. Og‘zimizdan, siydigimizdan qon keldi.

Zaharlangan 69 nafar ishchining hammasi Xorazm viloyatining Honqa tumanidan.

Shifoxonada qolayotgan muhojirlar yordamga muhtoj
Shifoxonada qolayotgan muhojirlar yordamga muhtoj

Sizrandagi “Koshelevskiy posad” shirkatida zaharlangan o‘zbekistonliklardan 17 nafari shu kunda V.D.Seredavina nomidagi Samara viloyat klinik kasalxonasida, 41 kishi – Tolyatti shahar shifoxonasida qolmoqda.

Tolyatti shahar 1- klinik shifoxonasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Leonid Razlivinskiy toksikologiya bo‘limida qolayotgan xorazmlik mardikorlar o‘ta xavfli Zookumarin preparatidan zaharlangani aniqlanganini bildirdi:

- Ular o‘ta og‘ir modda - Zookumarindan zaharlangan. Yana ancha davolanishadi. Bu zahardan davolash 70-80 kungacha davom etishi mumkin. Urug‘likka ishlov berishda ishlatiladigan Zookumarin qon quyulishini to‘xtatib qo‘yadi.

Doktorning aytishicha, kasalxona ma’muriyati qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayapti:

- Viloyat shifoxonasi va bizdagilar ahvoli og‘ir, bitta 4 yashar bola ham bor. Biz qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. Moskvadan va Samaradan eng yaxshi mutaxassislar hozir yig‘ildi.

Biroq Leonid Razlivinskiy muhojirlarga har kuni yangi plazma quyilib, qon almashtirib turish lozimligini, buning uchun qo‘shimcha mablag‘ zarurligini bildirdi:

- Bizga haqiqatan yordam kerak. Men Qozondagi konsul bilan ham bu masalada gaplashgan edim. Men vaziyatni konsulga tushuntirib berdim. To‘g‘risini aytaman – bizga moddiy yordam kerak davolashni davom ettirish uchun. Biz O‘zbekiston hukumati e’tibor berishini so‘raymiz.

Samarada 69 o‘zbekistonlik “noma’lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qilgan edi.

Lekin 13 avgust kuni Ozodlikka gapirgan migrantning aytishicha, konsullik xodimlari voqea yuz bergan kundan buyon kasallardan xabar olgani yo‘q:

- Ularni ham kelganiga 20 kun bo‘lib ketdi. Bir marta kelib ketishdi, bo‘ldi. Yotganingizga pul to‘laymiz, bolnichniy ochamiz dedi, bo‘ldi. O‘zgarish yo‘q. Fariddinmi degani kelgandi.

Migrantlar bu masalada prezident portaliga ham arz qilganini, biroq natija bo‘lmaganini aytishdi.

Ozodlik 13 avgust kuni O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyevdan zaharlangan o‘zbekistonliklarga qanday yordam berilayotganini so‘radi.

- Fuqarolardan xabar olinayapti, yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgan, - der ekan, yordam qay ko‘rinishda berilayotganini aytishdan bosh tortdi.

Qozondagi konsulxonaning dastlabki xabarida zaharlangan o‘zbekistonliklar ishlagan korxona Bosh konsulxonaga O‘zbekiston fuqarolarini davolash bilan bog‘liq barcha moliyaviy xarajatlar korxona hisobidan qoplanishini ma’lum qilgani aytilgan edi.

Ozodlik 13 avgust kuni bu masalada “Koshelevskiy posad” shirkatidan ham, Bosh konsuldan ham izoh ololmadi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Samara viloyat boshqarmasi hodisa yuzasidan surishtiruv borayotganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG