Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:46

Xorazmlik yigit: Yangibozor IIBsida meni kaltaklab, yelim to‘qmoq bilan zo‘rlamoqchi bo‘lishdi


Shovot tumani kasalxonasida yotgan Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Yangibozor tumani militsiya bo‘limida kaltaklanishi oqibatida boshi, buyragi va moyagi shikastlangani, siya olmaydigan bo‘lib qolganini aytdi.
Shovot tumani kasalxonasida yotgan Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Yangibozor tumani militsiya bo‘limida kaltaklanishi oqibatida boshi, buyragi va moyagi shikastlangani, siya olmaydigan bo‘lib qolganini aytdi.

Shovot tumanilik (Xorazm viloyati) 25 yashar qassob Bunyod Sapayev 15 avgust oqshomida Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida tergovchilar tomonidan ayovsiz kaltaklanganini iddao qilarkan, olgan jarohatlari tufayli Shovot tuman shifoxonasiga tushganini bildirdi.

Sapayevning iddaosicha, militsiya xodimlari bir yosh ayolning shikoyati asosida uni o‘g‘irlikda gumonlab uyidan olib ketishgan va militsiya bo‘limida aybni bo‘yniga qo‘yish uchun "to‘rt soat davomida do‘pposlashgan, orqasiga dubinka tiqish bilan" tahdid qilishgan.

Shovot tumanidagi mahalla uchastka nozirining Ozodlikka bildirishicha, Sapayev bilan bog‘liq voqea yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, ammo jinoyat ishi ochilmagan.

Voqea ro‘y bergan Yangibozor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari esa Ozodlikka izoh berishdan bosh tortdi.

Shovot tuman kasalxonasida yotgan Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida kaltaklanishi oqibatida boshi, buyragi va moyagi shikastlangani, siya olmaydigan bo‘lib qolganini aytdi.

- Hozir Shovot tuman kasalxonasida yotibman. Siyishga qiynalyapman, kateter (maxsus naycha) qo‘yishgan. Bunday holatga tushib qolishimning sababi shuki, kecha meni Yangibozor IIBsida militsiya xodimlari kaltaklashdi. To‘rt soat davomida ikki-uch xonaga kirgizib urishdi, eshak qilib ustimga minib olib boshimdan, pochkamdan urishdi. "O‘g‘irlangan pulni olib kelasan, keyin qo‘yib yuboramiz" deyishdi. Jinoyat qidiruv bo‘limining kattasi, ismi Dilmurod, yana birining ismi Sarvar. "Pulni olib kelmasang, ketingga dubinka tiqamiz", deyishdi. Hushimdan ketib qolganimdan so‘ng militsionerlar "Tez yordam" chaqirishgan. O‘zimga kelganimdan keyin "Tez yordam" qaytib ketdi, meni esa uyga qo‘yib yuborishdi, - dedi Bunyod Sapayev.

Yangibozor Ichki ishlar bo‘limiga "Tez yordam" chaqirilganini Bunyod Sapayev ustidan arz qilgan yosh ayol ham Ozodlikka aytdi.

Ayni paytda Yangibozor tuman "Tez yordam" stansiyasidan olingan ma’lumotga qaraganda, 15 avgust oqshomida tuman IIBga chaqiruv bo‘lgani qayd etilmagan.

Yangiobod IIBdan chiqib Shovotga - uyiga borganida Bunyodning ota-onasi o‘g‘lining ahvolini ko‘rib, qaytadan "Tez yordam" chaqirishadi.

Ozodlikka taqdim etilgan "Tez yordam" kuzatuv varaqasida Bunyod Sapayev tanasida jarohat izlari, miya chayqalishi belgilari borligi yozilgan.

Bas, shunday ekan, "Tez yordam" Sapayevni IIBdan nega olib ketmadi? Bu savolni Yangiobod tuman "Tez yordam" stansiyasiga berishning hozircha imkoni bo‘lmadi

Bunyod Sapayevning tez yordam kuzatuv varaqasi.
Bunyod Sapayevning tez yordam kuzatuv varaqasi.

Shovot tuman shifoxonasi vrachlaridan biri Bunyod Sapayevning boshi jarohatlangani, pochkasi shikastlanganini tasdiqladi, ammo ahvoli yaxshi ekanini aytdi.

- Boshi lat yegan, lekin miya chayqalishi yo‘q. Soznaniyasi yaxshi. Hozir tomografiya qildirdik, natijalari yaxshi chiqishi kerak, tuzalib ketadi, - dedi shifokor.

Bunyod Sapayev siyishga qiynalayotgani bois, kateter (maxsus naycha) qo‘yishganini aytdi.
Bunyod Sapayev siyishga qiynalayotgani bois, kateter (maxsus naycha) qo‘yishganini aytdi.

Bunyod Sapayevning qarindoshlaridan biri hodisa yuzasidan Shovot tumani Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilishgani, ammo ular ishni bosti-bosti qilishga urinayotganliklarini aytdi.

- Uchastkavoy kelib Bunyoddan tushuntirish oldi, lekin ishni bosti-bosti qilishga urinishyapti ular. Menga "militsiya bilan o‘chakilashmang", deb ham aytishdi. Shuning uchun hozir biz viloyat ichki ishlar boshqarmasi portaliga yozdik. Bu ishni tergov qilishlarini xohlayapmiz, kerak bo‘lsa vazirlikka ham chiqamiz, - dedi Bunyod Sapayevning tog‘asi.

Shovot tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Bunyod Sapayevning kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv bo‘layotgani, lekin jinoyat ishi ochilmaganini aytdi.

Voqea sodir bo‘lgan Yangibozor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari esa, qo‘pollik bilan Ozodlikka izoh berishdan bosh tortdi.

Bunyod Sapayevning aytishicha, yangibozorlik 24 yoshli qiz 1000 dollar pulini o‘g‘irlagani haqida Ichki ishlar bo‘limiga uni ustidan arz qilgan.

Ammo, Sapayev pul o‘g‘irlamaganini aytadi.

-U qiz bilan militsiyaning tili bir bo‘lsa kerak. Chunki urishgan payti u ham militsiya bo‘limida edi, - deydi Sapayev.

Militsiya xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi insidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

  • Shu yilning 14 mart kuni xorazmlik quruvchilar Islomjonobod Rajapov va Ma’murbek Matchonov Xivaning “Ichan qal’a” tarixiy kompleksi hududida o‘zini Faxriddin deb tanishtirgan militsiya mayoridan xalq bilan yaxshi muomala qilishni so‘ragani ortidan, mayor o‘zi va sherigini do‘pposlaganini Ozodlikka so‘zlab bergan edi.
  • 7 mart kuni Qashqadaryoning Koson tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi 59 yoshli Olim Mustafoyev "militsiya xodimlari o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.
  • Surxondaryo viloyat, Oltinsoy tuman, Mirshodi QFYning “Obod turmush” mahallasida yashaydigan 23 yashar Akmal Esonov esa 27 fevral kuni uch nafar profilaktika inspektori uni do‘pposlab, burnini sindirgani haqda Ozodlikka arz qilgandi.
  • 2018 yilning oktabrida esa Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov "militsiya zobiti o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlik xabar bergach, tuman prokuraturasi surishtiruv o‘tkazgan, Mavlonovni kaltaklagan militsiya xodimlari ishdan haydalgan edi.
  • 2018 yilning iyunida esa, Qashqadaryoning Kitob tumanida homilador ayol militsiya zobiti o‘zini kaltaklashi oqibatida qornidagi homilasidan ajralib qolish xavfini boshidan kechirgan haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.
XS
SM
MD
LG