Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:35

MyTaxining 100 dan ziyod haydovchisi shirkatga boykot e’lon qildi


Toshkent aholisiga taksi xizmati ko‘rsatayotgan MyTaxi shirkatining 1000 dan ortiq haydovchisidan 100 dan ziyodi avtoshirkat rahbariyatini o‘z muammolarini haydovchilar hisobiga hal qilishga urinayotganlikda aybladi va shirkatga boykot e’lon qildi.

MyTaxidan buyurtma olishni to‘xtatgan haydovchilar shirkatdan tariflarni ko‘tarishni talab qilmoqda.

MyTaxi shirkati direktor o‘rinbosari haydovchilarning noroziligini asossiz, deb atadi. Ayni paytda, uning aytishicha, tez kunlarda shirkatning narx siyosatiga o‘zgartish kiritiladi.

Toshkent aholisiga taksi xizmatini ko‘rsatayotgan eng yirik shirkatlardan biri - MyTaxining 100 dan ortiq haydovchisi 17-20 avgust kunlari shirkatga boykot e’lon qilganini Ozodlikka bildirdi.

- 15 avgust kuni hamma yonilg‘i turiga narx-navo oshdi. Buning ortidan avtobus yo‘l kirasi va boshqa xizmatlarning narxi oshmoqda. Lekin taksi xizmatida hech narsa o‘zgarmadi. Kilometrajdagi tafovut o‘zgarmadi, - dedi o‘zini Samariddin, deb tanishtirgan haydovchi.

Samariddinning aytishicha, MyTaxi bilan boshqa turdosh shirkatlar orasida katta farq bor:

- MyTaxi har kuni har bir taksichining umumiy olgan zakazidan tushadigan pulning 10-15 foizini oladi. MyTaxi bugungi kunda haydovchilardan eng ko‘p foiz yechib oladigan kompaniya – 15 foizgacha! Yandeks.Taksida balliga qarab 7-10 foiz olishadi, ishchilariga bonuslar beriladi.

MyTaxi haydovchisining iddaosicha, shirkat rahbariyati Yandeks.Taksi bilan raqobatga dosh bera olmayapti va barcha og‘irlikni haydovchilar zimmasiga yuklab qo‘ymoqda.

- Qaysi programmani O‘zbekistonda Internetda ochmang Yandeks.Taksi reklamasi chiqib qoladi. Yandeks.Taksi boshida rosa arzon bo‘ldi, odam yig‘di, keyin narxlarni ko‘tarib qo‘ydi, lekin ishchilariga bonus beradi, ishlashga imkon yaratadi. MyTaxi esa narx-navosi arzon, haydovchilar ulardan olinadigan foizni tushirishni iltimos qilsa ham ular ko‘nmayapti. Shu sababli MyTaxidan kira haqini ozgina ko‘tarish va bizdan olinadigan foizni tushirishni talab qilib, biz 17-18-19-20 avgust kunlari umumiy boykot e’lon qildik. Zakazlarini olmaslikka qaror qildik va boshqa haydovchilarni ham shunga chaqiramiz. O‘zini hurmat qilgan, mehnatini qadriga yetadigan, o‘zini mulkini ehtiyot qilib asraydigan haydovchilar ish tashlashga qo‘shildilar, dedi Samariddin.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda MyTaxi va Yandeks.Taksi agregatorlaridan tashqari O‘zbekiston poytaxtining o‘zida Millenium, Alyans, GoTaksi kabi 20 yaqin taksi shirkatlari mavjud.

Samariddining aytishicha, MyTaxining 100 dan ziyod haydovchisi boykot davom etayotgan kunlari boshqa agregatorlarga qo‘shilib ishlamoqda.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan boshqa bir guruh haydovchilar MyTaxi rahbariyati mehnat sharoiti yaratib bermagani bois, ular ish vaqti oshgani, avariya holatlari ko‘paygani, oilaviy qiyinchiliklar kelib chiqayotganidan arz qildi.

- 18-20 soatlab ishlayapti bolalar! Chunki ko‘pchilik haydovchilar arendaga mashina olib haydaydi. Arenda pulini chiqarish uchun kam pul topayotgan haydovchilar ko‘p ishlashga majbur bo‘lyapti. Kam pul topgan haydovchilar oilalarida janjal, ajrashib ketishlar ko‘paydi. Farzandlarimizga vaqt ajrata olmayapmiz - dam olish kunimiz ham yo‘q bo‘ldi! dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan haydovchilardan biri.

Haydovchilar ko‘p ishlashga majbur bo‘lgani sababli rulda charchab qolgan taksichilar bilan bog‘liq avariya holatlari ko‘payib borayotganini ham aytmoqda.

Haydovchilar MyTaxi direktor o‘rinbosari va ayni paytda Bosh marketologi Abdullo Hidoyatovning Xalqaro press-klub ko‘rsatuvlaridan birida “MyTaxi haydovchilari kuniga 300 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha daromad oladi” degan gapiga ham jiddiy e’tiroz bildirib, narx-navo oshayotgan bir paytda ularning kunlik ish haqi 150-200 ming so‘m atrofida ekanini bildirishdi.

MyTaxi haydovchilari O‘zbekiston prezidenti va mutasaddi idoralarga maxsus murojaatnoma ham tayyorlab, o‘z xatini “Oilangizni yoki yaqinlaringizni shu charchagan haydovchi manzilga eltib qo‘yishi mumkin!” jumlasi bilan yakunladi.

Shirkatning “MyTaxi – Novosti i obnovleniya” deb nomlangan Telegram kanalida 15 avgust kuni yonilg‘i narxlari oshgani bois "stavkalar" ham oshirilgani to‘g‘risida xabar chiqdi.

“Yonilg‘i narxi oshirilishi munosabati bilan shahar doirasida “Ekonom” tarifida 1 km uchun stavka 1300 so‘mga ko‘tariladi. Shahar tashqarisiga stavka 1600ga chiqdi. O‘zgartishlar 15.08.19da soat 14:00dan kuchga kiradi. Qolgan stavkalar o‘zgarishsiz qoladi!”- deyiladi rasmiy xabarda.

Haydovchilar 1200 so‘m turadigan “Ekonom” stavkasining atigi 100 so‘mga ko‘tarilishini “kulgili” deb atadi.

MyTaxi shirkati direktori muovini, Bosh marketolog Abdullo Hidoyatov haydovchilar e’lon qilgan boykotga munosabat sifatida Ozodlikka bunday dedi:

Haydovchilar ayblovlarini asossiz deb hisoblayman. Tariflarda narxlarni pasaytirish ortidan ko‘proq zakaz olishni boshlagan haydovchilar haftalik daromadini o‘rtacha 15-20% oshirdi. Undan tashqari, bizning servisimizga ular ixtiyoriy ravishda qo‘shiladi. Bizning sistemamiz eng yaqin bo‘lgan buyurtmalarni qabul qilishga va harajatlarni kamaytirishga ko‘maklashadi”, deb javob qaytardi MyTaxi shirkati direktori muovini.

Abdullo Hidoyatov yaqin orada tariflarga o‘zgartishlar kiritilishi kutilayotganini ham bildirdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, MyTaxi 2015 yilda CityTaxi servisi negizida paydo bo‘lgan.

O‘zA xabar qilishicha, 2018 yilda O‘zbekiston bo‘ylab 13 trillion marta taksi xizmati ko‘rsatilgan va 53 milliard so‘mlik soliq puli byudjetga kelib tushgan.

XS
SM
MD
LG