O‘zbekistonning ayrim hududlarida 14 sentabrdan boshlab paxta terimiga start berildi.
Mulozimlar joriy yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligiga va’da qilganiga qaramay, ishchi-xodimlar paxtaga majburan haydalmoqda.
Andijondagi ayrim tashkilotlar xodimlaridan "o‘z xohishi bilan paxtaga chiqishi" haqida majburiy tilxatlar olindi.
Farg‘onalik ishchilarga ko‘ra, ularga paxtaga chiqmasa, ishdan haydalish bilan tahdid qilinmoqda.
Namanganlik bankirlarga esa paxta terimi uchun o‘rniga odam yollash yoki kuniga 50 ming so‘m to‘lab paxtadan qolish tavsiya qilindi.
Paxta terimi boshlandi
14 sentabr kuni Andijonda ayrim tashkilotlar ishchi-xizmatchilari paxta terimiga safarbar qilindi. Ozodlikka yo‘llangan suratlarda ishchilardan iborat hasharchilarni dalaga olib ketayotgan avtobuslar kolonnasi aks etgan.
Majburiy tilxatlar
Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi xodimlaridan dalaga haydalishdan avval "paxtaga ixtiyoriy ravishda chiqayotgani" borasida majburiy ravishda tilxatlar olindi.
“O‘z xohishim bilan paxta terimiga chiqaman” deb majburiy ariza yozdirib olishdi”, deya o‘z ismini ochiqlamaslikni so‘ragan ishchi tilxatga oid rahbariyat bilan yozishma nusxasini ham Ozodlikka yo‘lladi.
“Hurmatli hamkasblar, bugun idoraga kelib, 2019 yil paxta yig‘im-terimiga o‘z xohishinglar bilan ariza yozib beringlar”, deya talab qilinadi 6 sentabr kuni ishchilarga yo‘llangan rahbariyat xatida.
“Majburiy mehnat yo‘q edi, shekilli. Lekin biz majbur borishimiz
Paxta ter yoki 500 mingdan 1 million so‘mgacha pul to‘lab qo‘y” deyishdi
kerak ekan. Erkaklar bir amallaydi, ayollar oilasini tashlab 15 kunlik paxta terimiga jalb qilinayapti. Bu qanday gap? Ayollar bola-chaqasini qanday tashlab ketadi? “Paxta ter yoki 500 mingdan 1 million so‘mgacha pul to‘lab qo‘y” deyishdi. O‘zi oylik maoshimiz 1 million bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik?”, deyiladi Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ishchilari nomidan Ozodlikka yo‘llangan maktubda.
“Paxtaga chiqmaganlarni ishdan haydashmoqchi”
“Farg‘onaazot” korxonasining Ozodlikka bog‘langan ishchilariga ko‘ra, mulozimlar paxtaga chiqmagan ishchilarni ishdan haydash bilan tahdid qilishmoqda.
Ishchilarni majburlab, “o‘z ixtiyorim bilan chiqayapman deysan, aks holda ishdan ketasan” deyapti
“Majburiy paxtaga chiqasan, deyapti. Ishchilarni majburlab, “o‘z ixtiyorim bilan chiqayapman, deysan, aks holda ishdan ketasan” deyapti. O‘zlari yaxshi ovqat eydi. Biz esa Jizzaxdagi molxonada 3,5 oy makaron va atala ichamiz. Bu qachon tugaydi? Sabrimiz tugayapti”, deyiladi “Farg‘onaazot” korxonasi ishchilari nomidan deya Ozodlikka yo‘llangan maktubda.
Bankirlar ham dalaga haydaldi
Namangandagi Xalq banki bo‘limlari xodimlari ham dalaga haydaldi.
“Namangandan yozayapman. Xalq banki xodimlari nomidan. Bizda paxta boshlandi. Bir guruh ketdi dalaga. Ketmaganlar kuniga 50 ming so‘mdan pul to‘lashi aytildi”, dedi ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan Xalq banki xodimi.
O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi qonunlar qabul qilinganiga qaramay¸ joriy yilda ham talaba va byudjet tashkiloti xodimlarini paxtaga majburlash davom etmoqda.
10 sentabr kuni O‘zbekiston IIV akademiyasi¸ Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti kursantlariga paxtaga o‘z ixtiyori bilan borish haqida tilxat yozdirib olindi.
Andijonning Bo‘z tumanida esa oddiy aholi vakillaridan paxtaga chiqish borasidagi tilxatlar iyul oyidayoq olindi.
Ayni kunlarda Yoshlar ittifoqi xodimlari paxta terish uchun “Fidokor yoshlar” otryadlarini tuzishmoqda.
Paxtaga chiqarmaslik va’dalari
Joriy yilning 12 avgust kuni prezident Mirziyoyev “Bu yil paxta terimida maktab, institut, umuman, birorta byudjet tashkiloti xodimlari olib chiqilmasligi”ni ta’kidladi.
Prezidentning bu gapidan so‘ng Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzayev bu yil paxtani to‘liq "ko‘ngilli hasharchilar terishi”ni aytib, hasharchilar uchun "Dala hasharchilari shaharchasi" hozirlaganini ma’lum qildi.
Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov esa “paxta terimiga birorta byudjet tashkiloti xodimini yaqinlashtirmaslik”ka qasam ichdi.
Kuni kecha Toshkent viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatov “Paxtani 10 kun kech terib olsak ham, ijtimoiy soha xodimlari terimga olib chiqilmaydi” deya va’da qildi.