Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:11

Xorazm viloyat hokimi barcha tashkilotlarni 3 kunga paxta terimiga safarbar qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanovning topshirig‘i bilan viloyatda 18 sentabrdan boshlab 3 kunlik zarbdor terim kampaniyasi boshlandi. Topshiriqqa binoan viloyatdagi barcha korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari paxta terimiga safarbar qilindi. Safarbar qilingan va qilinadiganlar orasida tibbiyot va xalq ta’limi xodimlari ham bor.

Paxta terimiga ommaviy safarbarlik e’lon qilingani to‘g‘risidagi bu xabarni viloyat hokimligining Ozodlik telefon qilib bog‘langan xodimi tasdiqladi.

Viloyatning Shovot tumani esa, hokim Hakimboy Otaxonovning buyrug‘i bilan "qamal holatiga" keltirildi.

Ozodlik suhbatlashgan shovotlik taksi haydovchisining aytishicha¸ tuman hududidagi barcha ishchi-xizmatchilar tizimli ravishda terimga jalb qilingan.

Ayni paytda respublika prokuraturasi tergovchilari Xorazm viloyatida paxta terimi jarayonidagi qo‘shib yozishlar bilan bog‘liq vaziyatni tekshirmoqda.

Viloyat miqyosida favqulodda holat

Xorazm viloyat IIB tizimida xizmat qiluvchi gurlanlik safdorning Ozodlik muxbiriga bildirishicha¸ viloyatda paxta terimi xarbiy safarbarlikni eslatadi:

- Uchastka inspektorlari va safdorlarni paxtaga tashlashdi. Lavozimi kattalar esa, boshqalarni paxtaga chiqarishda qatnashmoqda. Norma qo‘yilgan. Albatta, men bu normani bajara olmayman. O‘rnimga paxta teradigan odam yolladim. To‘rtko‘ldan kelgan gunlikchi (mardikor) xotin pul evaziga men uchun teradi. Lekin men ham otizda (dalada) yurishim kerak. Birov so‘rasa, paxtaga chiqqanlar osoyishtaligini ta’minlab turibman deb aytaman. O‘zimiznikilar yoki vakil kelsa o‘zimni paxta terganday qilib ko‘rsataman.

“Qirg‘in” guruhlari

Shovot tumani Beshmergan qishlog‘idagi qurilish shirkati direktori Madrimboy Nurillayevning aytishicha¸ u bu yil o‘z shirkati xodimlari o‘rniga maxsus gruppa yollab paxtaga chiqargan:

- Oldingiday paxtaga borib, 8 kilo terib, terdingmi-terdim endi yo‘q. Bizdan aniq kilo talab qilishadi. Hozir Shovot tumanida paxtani proffesional usul bilan kosmik tezlikda teradigan ayollardan iborat zarbdor gruppalar bor. “Qirg‘in” gruppasi deyishadi ularni. Qimmat yuradi. Shularni yollab o‘rnimga yubordim. Lekin hokimlikdan o‘zingiz ham dalada etak bog‘lab yuring degan topshiriq bo‘ldi.

Shovot tumani qamal holatiga keltirildi

17 oktabrda Xorazm viloyat, Shovot tuman hokimligida paxta terimi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimi Xakimboy Otaxanov ommaviy paxta terimiga jalb qilish bo‘yicha 10 kunlik karantin e’lon qildi. Bu yig‘ilishda qatnashgan va o‘zini Shonazar Ro‘zmetov deb tanishtirgan fermerning aytishicha¸ “karantin -bu o‘n kunlik qamal” holatidir:

-Tumanga kirish-chiqish to‘xtatiladi. MFYlar¸ idora va tashkiotlar eshigiga qulf uriladi. Hamma paxta dalasida bo‘lishi kerak. Tumandagi barcha tashkilotlar yopilib 10 kun mobaynida 100% xodimlar paxtaga chikariladi. Mana sizga majburiy mehnat.

Xorazm viloyat, Bog‘ot tumanidagi 43 ta mahallaga paxtaga odam yuborish bo‘yicha majburiyat yuklangani haqidagi hokimlik imzolagan hujjat Ozodlikda mavjud.

Paxtaga chiqishga majburlashga oid hujjat
Paxtaga chiqishga majburlashga oid hujjat

Planni bajarish uchun paxta qo‘shib yozayotganlar ushlandi

“Xorazmpaxtasanoat” MChJ vakilining Ozodlikka bildirishicha¸ paxta rejasini tezroq bajarish uchun qo‘shib yozish¸ pritsepdagi paxta ichiga yuk va odam yashirish kabi holatlar kuzatilgan. Mulozimga ko‘ra¸ viloyatga bu ishlarni taftish qilish uchun respublika Bosh prokuraturasidan tergovchi kelgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Qo‘shko‘pir paxta tozalash» zavodida 2.490 kg paxtani qo‘shib yozmoqchi bo‘lgan ikki rahbar xodim qo‘lga olingan. Bu tezkor amaliyot haqida Bosh prokuratura rasmiy saytida ham ma’lumot berilgan.

“Xorazmpaxtasanoat” vakilining Ozodlikka aytishicha, viloyat kamida 250 ming tonna paxta topshirishi kerak. Rejaga ko‘ra 400 tonna paxta terim mashinasida terilishi lozim. Ammo 18 oktabr xolatida bu reja bajarilmadi. Viloyatdagi paxta safarbarligi shu bilan bog‘liq deydi mulozim.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligida yuborilgan ishchi guruh joriy oy boshida Xorazm viloyati xususan Bog‘ot tumanida paxtani majburiy terdirish holatini aniqlagan edi.

Mehnat vazirligi axborotida ta’kidlanishicha¸ Bog‘ot tuman hokimi O.Xolboyev, Bog‘ot tumani moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov hamda Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 2 230 000 so‘mdan 6 690 000 so‘mgacha, jami 15 610 000 so‘m miqdorda jarima tayinlangan.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev 2017 yili paxta topshirish bo‘yicha davlat rejasini bajargan Xorazm viloyatiga safar davomida majburiy mehnat holatlarini tanqid ostiga olgan edi.

XS
SM
MD
LG