Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:35

Bolgariya josuslikda gumon qilinayotgan rossiyalik diplomatga mamlakatdan chiqib ketish uchun 24 soat muhlat berdi


Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi
Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi

Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi josuslikda ayblanayotgan rossiyalik diplomatga 24 soat ichida mamlakatdan chiqib ketishni buyurdi. Bunga uni 28 oktabrgacha chaqirib olish to‘g‘risida Moskvadan qilingan iltimos bajarilmagani sabab bo‘ldi.

Vazirlik dastlab Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi 9 nafar birinchi kotibidan biri 28 oktabrda Bolgariyadan chiqib ketganini e’lon qilgan edi.

Rossiya elchixonasi 30 oktabrda gumon qilingan rus josusi persona non grata – nomatlub shaxs deb e’lon qilingani va 24 soat ichida Bolgariyadan chiqib ketishiga oid xat olganini tasdiqladi. Elchixona o‘z xodimining ushbu muhlatga rioya qilishini bildirdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko Moskvada mamlakati elchixonasi xodimini Bolgariyadan chiqarib yuborilishiga javob qaytarishini aytdi.

Gumon qilinayotgan josus nomini na Bolgariya tashqi ishlar vazirligi, na Sofiyadagi bosh prokuratura va na Rossiya elchixonasi ochiqladi.

Rossiya elchixonasi xodimiga nisbatan suddan oldingi tergov ishlari uning diplomatlik immuniteti borligi sabab 28 oktabrda to‘xtatildi.

Rossiyalik gumonlanayotgan shaxs bolgariyalik yuqori lavozimli amaldorlar, jumladan, Bolgariya, NATO va Yevropa Ittifoqiga oid maxfiy ma’lumotlarga ega bir shaxs bilan fitnali uchrashuvlar o‘tkazgan.

Sofiyadagi bosh prokuraturaga ko‘ra, rossiyalik gumonlanayotgan shaxs ma’lumotlarni bir chet mamlakatga uzatmoqchi bo‘lgan.

Bolgariya 2004 yil martida NATO ga, 2007 yilda esa Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan edi.

Bu Bolgariyadan Rossiya elchixonasi xodimining chiqarib yuborilishi 2001 yildan beri kuzatilayotgan ilk holatdir, deya xabar qildi Bolgariyaning Mediapool axborot agentligi.

2018 yilda Britaniyada rossiyalik sobiq josusga asabni falajlovchi gaz bilan hujum qilinganidan so‘ng Bolgariya Rossiya diplomatlarini chiqarib yuborish masalasida NATO va YIdagi ittifoqchilariga qo‘shilmagan edi.

Bolgariya sentabrda mamlakat sotsialistik partiyasidan sobiq parlament deputati, ayni damda rossiyaparast nodavlat tashkilot rahbari Nikolay Malinovni Rossiyaning ikkita tashkiloti foydasiga josuslik qilish va pul yuvishda ayblagan edi.

Bolgariya prokuraturasi Malinov Sofiyaning G‘arb bilan Rossiyaga nisbatan siyosatiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida “Ikki boshli burgut” jamiyati va Rossiyaning strategik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik qilganini aytmoqda.

Sofiya, shuningdek, Rossiyaning ta’sir kuchiga ega oligarxi Konstantin Malofeyevga ham josuslik mojarosi bilan bog‘liq tarzda ushbu Bolqon mamlakatiga kirishni 10 yilga taqiqlab qo‘yganini ma’lum qildi.

Malofeyevga Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlarga kirish ham taqiqlangan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG