Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:26

OzodTa’sir:“Adolat” partiyasi o‘zbek ishchilarini so‘kkan “Lukoyl” shirkati amaldorini jazolashni talab qildi


O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 13 noyabr kuni «LUKOIL UZBEKISTAN OPERATING COMPANY» amaldori – bosh energetik Ivan Aleksandrovich Shilov Qashqadaryo viloyat, Dehqonobod tuman, Jarquduq gaz tayyorlash majmuasi ishchilarini haqorat qilgani yuzasidan tashvish bildirdi.

Partiya matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotda “oliy qadriyat hisoblangan inson qadriyati toptalgan” bu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi mas’ul davlat organlar munosabatini so‘ralgan.

Bayonotda yozilishicha¸ bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga ziddir.

“O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi videotasvirda gavdalangan holat yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borish, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqqan mansabdor shaxsning jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik masalasini muhokama qilish, natijasi haqida ommaga xabar berish zarurligini qayd etadi” deyiladi bayonotda.

“Adolat” partiyasining 13 noyabrdagi bayonotiga sabab bo‘lgan voqea haqida Ozodlik 11 noyabr kuni quyidagi chop qilgan edi:

Rossiyaning “Lukoyl” shirkati amaldori Dehqonoboddagi o‘zbek ishchilarni “qo‘y podasi” deya haqorat qildi

O‘zbekiston «LUKOYL» OAJ (Ommaviy Aksiyadorlik Jamiyati) amaldori Qashqadaryo viloyat, Dehqonobod tuman, Jarquduq gaz tayyorlash majmuasi ishchilarini haqorat qildi.

Haqoratlangan ishchilardan birining Ozodlikka aytishicha, voqea ikki hafta oldin yuz bergan. Ishchilar mahalliy mulozimlarga qilgan shikoyati natija bermagani bois, Ozodlikka murojaat qilishga qaror berganini aytishdi. Ular iddaolarining tasdig‘i sifatida Ozodlikka video ham taqdim etdi.

Ozodlik gaplashgan Jarquduq gaz tayyorlash majmuasida ishlaydigan ​dehqonobodlik boshqa ishchilar ham "rus amaldor ularni haqoratlaganini" tasdiqladi.

Ishchilarni haqorat qilayotgan kishining "Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani" bosh energetigi Ivan Aleksandrovich Shilov ekanligini Ozodlik aniqladi.

Tilga olingan korxona rasmiysi Kamoliddin Nosirov Ozodlik savollarini diqqat bilan eshitdi.

Mulozim Ivan Aleksandrovich Shilovning “Lukoyl” shirkatining Toshkentdagi ofisida o‘tiradigan bosh energetik ekanligini tasdiqladi.

Voqeani inkor qilmagan mulozim shikoyat yozgan dehqonobodlik ishchilarning ism-familiyasi bilan qiziqdi. Bu ma’lumotni ola olmagan Nosirov “Bunday shikoyatlar ko‘p. Videoni ham qo‘shib elektron pochtamizga ariza bersangiz, javob beramiz” degan gap bilan muloqotga yakun yasadi.

Video haqiqati

Ozodlik tasarrufidagi 1 minutu 47 sekundlik videotasvirda yaydoq dalada atrofi tikanli sim bilan o‘rab olingan ma’muriy bino ko‘rinadi.

Boshiga "Lukoyl" logosi tushirilgan oq kaska kiygan rus tilida gapiruvchi ko‘zoynakli kishi¸ xudddi shunday kaska kiygan ishchilarni so‘kayotgani aks etgan.

Avvaliga videodagi odam kompyuter yonida o‘tirgan va gapirishidan o‘zbek ekani tushunilgan xodimni tergaydi. Xaitov degan xodimga chora ko‘rilishini aytadi.

Xodim qo‘lidagi hujjatlar kadrda ko‘rinadi. Xujjatlar kattalashtirilganida O‘zbekiston «LUKOYL» OAJ degan yozuvlar ko‘rindi.

Xodimni tergayotgan amaldor bino eshigidan chiqib ko‘chada ancha vaqt baqirib-chaqirib turadi. Amaldor uning oldida turgan mahalliy ishchilarni “tolpa baranov" ("qo‘y podasi”) deya haqorat qiladi. Shuningdek, amaldor mahalliy ishchilarga qarata “Idite domoy b...d, na x... v svoy kishlak” deya dag‘dag‘a qiladi.

"Lukoyl" logotipli kaska kiygan amaldor 1 minutu 47 sekundlik videotasvir mobaynida “fohisha” va “jinsiy a’zo” mazmunini beradigan so‘kish so‘zlarni 20 martadan ko‘proq ishlatgan.

O‘zbekiston «LUKOYL» OAJ kadrlar bo‘limi mulozimi, vazifasida matbuotga gapirish huquqi bo‘lmagani bois, ismini aytmasdan, videoni Ozodlik uchun sharhlashga rozi bo‘ldi.

Suhbatdoshga ko‘ra videoda “Lukoyl O‘zbekistan Opereyting Kompani”ga oid Hisor gaz ishlab chikarish sexi aks etgan:

- Video Qashqadaryo viloyat, Dexkonobod tuman, Jarquduq gaz tayyorlash majmuasida olingan.Videodagi so‘kinayotgan kishining ismi Ivan Aleksandrovich Shilov. U Rossiyaning Perm shaxridan kelgan. Toshkentda ofisda o‘tiradi. "Lukoyl O‘zbekistan Opereyting Kompani" bosh energetigi lavozimida ishlaydi.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu video ishchilar orasida tarqalgan. Uning yana aytishicha¸ video tashqariga chiqib ketmasligini ta’minlash uchun shirkat rahbariyati ishchilardan tilxat olgan.

Mahalliy ishchilardan birining aytishicha¸ “shirkatda rus tilini yaxshi bilmaydigan mahalliy ishchilarning ustidan kulib kamsitish va arzimagan sabab bilan ishdan bo‘shatish” praktikasi mavjud.

O‘zbekistonlik ishchilarini haqoratlagan bosh energetik Ivan Shilov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Uning voqea yuzasidan har qanday shakldagi izohini Ozodlik eshitishga va eshittirishga tayyor.

Gaz ishlab chiqaruvchi Rossiya shirkati

Gaz ishlab chiqarish O‘zbekiston «LUKOYL» OAJ (Ommaviy Aksiyadorlik Jamiyati) faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb hisoblanadi.

«LUKOYL» OAJ O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini «Kandim-Xauzak-Shadi», «Janubi-G‘arbiy Gissar» va «Orol» loyihalari bo‘yicha Mahsulotni taqsimlash kelishuvlari (MTK) asosida amalga oshirmoqda. «O‘zbekneftegaz» Milliy xolding kompaniyasi (MXK) mazkur loyihalar bo‘yicha Kompaniyaning strategik hamkoridir.

XS
SM
MD
LG