"Consort xususiy bandlik agentligi Yaponiyaga ishga yuborish va’dasi bilan shu yilning aprelida 2000 dollarimni olib, haligacha na ishga yubordi, na pulni qaytardi".
Xususiy bandlik agentliklaridan yana biri ustidan bu shikoyat Ozodlikka o‘zini "samarqandlik Zulfizar" deb tanishtirgan ayoldan keldi.
Ozodlik Consort xususiy bandlik agentligining telefonlari ishlamayotgani tufayli Zulfizarning shikoyati yuzasidan izoh ololmadi.
Ayni paytda Bandlik va mehnat vazirligi turli qalloblik sxemalarining oldini olish maqsadida “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritmoqchi.
Samarqandlik Zulfizarning Ozodlikka aytishicha, u 2000 dollarni Consort agentligiga tanishidan qarz ko‘tarib to‘lagan:
- 19 aprelda pulni to‘ladik, ishga jo‘natamiz deyishdi. Birinchi yig‘ilishlarda “150 odamimiz bor”, degandi. Ular Yaponiyaga o‘zlarining odamlaridan kimnidir yuborishdi. 100 ga yaqin odam ishsiz-pulsiz qoldik! 8 oy bo‘ldi – Agentlik direktori Mehriddin yomon odamga o‘xshamaydi – beramiz deyapti, kimlargadir qaytaryapti ekan, lekin ololmaganlar juda ko‘p.
Zulfizar o‘zi va boshqalar bergan pullarni uddaburon tadbirkorlar “oborotga” qo‘yganini iddao qildi:
- Ular pulimizni qanaqadir biznesga tashlab, o‘sha biznesdan keladigan daromaddan biz bilan raschyot qilmoqchi, tushunishim bo‘yicha. Yaponiyaga borasiz deb 150 odam pul bergan, undan tashqari yana boshqa davlatlarga deb olgan pul qancha! Milliardlarku?!
Zulfizar Yaponiyaga borish uchun qo‘shimcha pul va vaqt sarflab, yapon tili darslariga ham qatnaganini bildirdi. Aytishicha, qo‘shimcha harajatlari 300 dollardan oshib ketgan.
“Rossiyaga o‘zim ketganimda bu vaqt ichida mashinaga pul ishlab kelardim!” dedi Zulfizar.
Ozodlik Consort Xususiy bandlik agentligining Samarqanddagi ofisi telefonlariga qo‘ng‘iroq ilib izoh ololmadi – raqamlar ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi.
Bandlik agentliklari soni 90 taga yetdi
Bandlik va mehnat vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Isaqulovdan olingan ma’lumotga tayanib, Rossiyadagi nashrlarning xabar qilishicha, joriy yil davomida xorijga ishlashga 2375 muhojir yuborilgan va ulardan 1262 nafari (yoki 53%) – Rossiya korxonalariga joylashtirilgan.
Xizmatlar asosan Farg‘ona (14,2 ming kishi), Andijon, Namangan, Samarqand (4,3 mingdan), Buxoro (2,8 ming) Qashqadaryo (2,4 ming) va Samarqand (3,7 ming) viloyatlarida ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan tashqari Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, BAA, Isroil va boshqa mamlakatlarga ishga yuborilgan.
Aytilishicha, bugunga kelib O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari soni 90 taga yetgan va ulardan 58 tasi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish litsenziyasiga ega. Bu litsenziyalar O‘zbekiston Mehnat vazirligi tomonidan beriladi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning 33,5 millionlik aholisidan 2,3 millioni rasman mamlakat tashqarisida mehnat muhojiratida yuribdi. Biroq, norasmiy manbalar ular soni 3 milliondan ziyod ekanini aytib keladi.
Ozodlik oxirgi bir yilda O‘zbekistonda paydo bo‘lgan o‘nlab xususiy bandlik agentliklari va ular faoliyatidan norozi bo‘lgan fuqarolar shikoyatlari to‘g‘risida xabar berib keladi.
Bandlik va mehnat vazirligi 2019 yilda kamida 1424 nafar respublika fuqarosi bunday tuzilmalar tomonidan aldanib, puli qaytarilmayotganini rasman tan oldi. Bunday tuzilmalarning ayrimlariga nisbatan jinoyat ishlari ochildi, yana bir qanchasi litsenziyalaridan mahrum etildi.
Ommaviy noroziliklar va stixiyali mitinglar soni ko‘payishi ortidan O‘zbekiston Bandlik va mehnat vazirligi turli qalloblik sxemalaring oldini olish maqsadida “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritmoqchi.
O‘zgartishlar kiritilgach, xususiy bandlik agentliklari jabrlangan tarafning barcha xarajatlarini qoplashga majbur etiladi.
- Biroq, bu loyiha hayotga tatbiq qilingunga qadar O‘zbekistonda ayrim agentliklar ustidan Ozodlikka shikoyatlar kelishi to‘xtamayotir.
- Ozodlik Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining chet davlatlarda ishga joylab qo‘yish haqidagi va’dalariga ishonib, shu tashkilotga millionlab so‘m to‘lab qo‘ygan o‘nlab o‘zbekistonlik pullarini qaytarib berishni talab qilayotgani to‘g‘risida yozgandi.
- Bundan oldin “Human” xususiy bandlik agentligi mansabdorlari Chexiya, Yaponiya, Germaniya, Bolgariya kabi davlatlarga ishga jo‘natish va’dasi bilan o‘zbek fuqarolarining 20 milliard so‘mdan ziyod pulini o‘zlashtirgani va litsenziyasi olingan tashkilot rahbarlari jinoiy javobgarlikka tortilgani xabar qilingan edi.
- Ko‘tarilgan shov-shuvga qaramasdan, ishga jo‘natilmasdan aldanib qolgan mehnat muhojirlari “Human” xususiy bandlik agentligi olgan pullarini qaytarmagani to‘g‘risida Ozodlikka ma’lum qilgan.
- Avgust oyida O‘zbekistonda ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan Toshkent, Samarqand, Navoiy va Farg‘ona viloyatidagi 8 ta xususiy agentlik faoliyati taftish etilgani xabar qilingan edi.