Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:47

2019 yil yakunlari: Gaz va elektr bu yil ham taqchil. Lekin aholi noroziligini bildira boshladi


Andijon Odamlar gaz yo‘q paytida vaqtinchalik pechkalarda ovqat pishirishadi
Andijon Odamlar gaz yo‘q paytida vaqtinchalik pechkalarda ovqat pishirishadi

O‘zbekistonda bu yilgi qishki mavsum ham ko‘p yillardan beri kuzatib kelinadigan energetik bo‘hron bilan boshlandi.

Ammo, avvalgi yillardan farqli bu yil gaz, elektr yo‘qligidan charchagan aholi o‘z noroziligini ochiqroq bildira boshladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu oy boshidagi hukumat majlisida islohotlar real hayotda o‘z aksini topmayotganini e’tirof etib, odamlar gaz va elektr tizimidagi uzilishlarga haqli ravishda norozilik bildirayotganini ta’kidladi. ​

So‘nggi 1 1,5 oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda gaz va svet yo‘qligidan shikoyat qilgan odamlarning o‘nlab videolari paydo bo‘ldi.

Noyabr va dekabrning boshlarida mamlakatning bir qancha viloyatlari tumanlarida aholi gaz va svet yo‘qligiga norozilik bildirib avtomagistral yo‘llarini to‘sib qo‘ygani haqida Ozodlik xabar qildi.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida aholi noyabr o‘rtalarida gaz talab qilib ko‘chaga chiqdi.

27 noyabrda esa Qoraqalpog‘istonning Nukus tumani Sho‘rtanboy qishlog‘ida yashovchi 70ga yaqin odam tabiiy gaz berilmay qo‘yilganiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini bir necha soat to‘sib qo‘ydi.

Noyabrning oxirlarida Farg‘ona, Sirdaryo, Xorazm va Andijon viloyatlarida ham aholi svet va gaz o‘chishiga qarshi avtomagistral yo‘llarini to‘sib qo‘yish bilan norozilik bildirdi.

Andijondagi noroziliklarda qatnashgan yigit Ozodlikka:

- Pichoq suyakka borib taqaldi, aka. O‘sha kuni hokimiyatdagilar kelib va’dalar berib ketishdi. Agar va’da bajarilmasa yana chiqamiz deyishyapti. Chidab bo‘lmayapti buyog‘iga, - degan edi.

Namanganlik bloger Abbos Asad aholi norozilik chiqishlar bilan gaz va svet muammosiga qisman bo‘lsa-da hukumat e’tiborini qaratishga muvaffaq bo‘lganini aytadi.

Aslida, aholining bu chiqishlari Karimovning yovuzlik davri tugab yorug‘lik kunlari kelgani belgisi. Karimov davrida yo‘l to‘sganning urug‘ini yo‘q qilib yuborar edi. Odamlar dadilroq norozilik bildirdi. Hozir hokimlar kelib uchrashyapti, hukumat e’tibor qaratyapti. Demak odamlarda ishonch hosil bo‘lyapti.

- Aslida, aholining bu chiqishlari Karimovning yovuzlik davri tugab yorug‘lik kunlari kelgani belgisi. Karimov davrida yo‘l to‘sganning urug‘ini yo‘q qilib yuborar edi. Odamlar dadilroq norozilik bildirdi. Hozir hokimlar kelib uchrashyapti, hukumat e’tibor qaratyapti. Demak odamlarda ishonch hosil bo‘lyapti hukumat ularni ovozini eshitishiga. Prezident Mirziyoyev ham o‘z chiqishida norozilik chiqishlariga munosabat bildirdi, odamlar haqli e’tiroz bildirayotganini aytdi. Mana men yashayotgan joyda hal bo‘ldi muammo, bilishimcha Andijonda ham xalqni chiqishlaridan so‘ng gaz va svet berilgan, - deydi Abbos Asad.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu oy boshida o‘tkazilgan hukumat majlisida energetika sohasidagi islohotlar real hayotda o‘z aksini topmayotganini e’tirof etib, odamlar gaz va elektr tizimidagi uzilishlarga haqli ravishda norozilik bildirayotganini ta’kidladi. ​

Mirziyoyev o‘z chiqishida tabiiy gazni qazib olish, transportirovka qilish va taqsimlashda haqqoniy hisobga olish tizimi mavjud emasligini aytib o‘tdi.

"Ayniqsa, gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar odamlarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda", - degan Mirziyoyev.

Saylov arafasida gaz ham bo‘ldi, elektr ham

Ismi ochiqlanmasligini istagan andijonliklardan biri gaz va svetdan dekabrning ikki haftasi bahramand bo‘lganliklari, 22 dekabr kungi saylovdan so‘ng yana svet o‘chish boshlangani va gaz bosimi pasayganini Ozodlikka aytdi.

- Saylov arafasi ikki haftacha yaxshi bo‘lib turdi. Saylov o‘tganidan so‘ng yana avvalgi xoliga qaytdi. Hozir odamlar yana ko‘chaga chiqamiz deb turishibdi, chunki mahalliy hokimiyat va’dasini bajarmadi.

Ayrim viloyatlarda esa yirik korxonalar, oshxona va novvoyxonalar gaz yo‘qligidan ishlamay qoldi.

Shu oy boshida O‘zbekistonning mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi eng yirik "Farg‘onaazot" korxonasida gaz yo‘qligidan ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtagani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

2016 yilda prezident Islom Karimovning vafoti ortidan hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimidagi birinchi kunlardanoq mamlakat energetika sohasini takomillashtirishga qaratilgan dasturni qabul qilgan, ammo uch yil o‘tib ham mamlakat gaz va elektr ta’minotida ko‘p narsa o‘zgarmagan.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Nodir Yusupov mamlakat iqtisodiyotidagi tizimli muammolar bu sohada odamlar kutgan natijani bermayotganini aytadi.

Gaz, elektr iste’moli oldingi yillarga solishtirganda yana ham ortdi. Mamlakat bu talabni qondirolmayapti. Katta korxonalarga gaz, elektr bersa xalqqa yetmay qolyapti, xalqqa bersa zavodlar to‘xtab qolyapti.

- Gaz, elektr iste’moli oldingi yillarga solishtirganda yana ham ortdi. Mamlakat bu talabni qondirolmayapti. Katta korxonalarga gaz, elektr bersa xalqqa yetmay qolyapti, xalqqa bersa zavodlar to‘xtab qolyapti. Elektr energiyasini, gazni, elektrni tejash mexanizmlari yo‘q, ayrim joylarda haddan ziyod ko‘p isrof bo‘lmoqda. Bu sohada tizimli islohotlar o‘tkazilishi kerak, - deydi Yusupov.

“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, miliy xolding shirkati “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish “imkonini beradi va O‘zbekiston gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11 o‘rinni egallaydi.

O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi va 2016 yili O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz yetkazib berish haqida shartnoma imzolagan.

O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir.

O‘zbekistonning tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyojiga oid raqamlar esa jamoatchilikka e’lon qilinmay kelinadi.

Elektr quvvati ishlab chiqarish esa O‘zbekistonning davlat-aksionerlik kompaniyasi - "O‘zbekenergo" tasarrufidadir.

"O‘zbekenergo"ga ko‘ra, har yili mamlakatda 56 milliard kVt/soat miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning 90 foizi issiqlik elektr stansiyalaridan olinadi.

O‘zbekistonda tabiiy gazda ishlovchi o‘nta issiqlik Elektr stansiyasi va o‘ttizdan ortiq GES bor.

"O‘zbekenergo" mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirayotganini aytib keladi.

Unday bo‘lsa o‘zbekistonliklar o‘zlarining kundalik turmushida elektr va gaz taqchilligiga nega duch keladi?

Bu savolga Ozodlik "O‘zbekenergo" dan ham “O‘zbekneftegaz” dan ham izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG