Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:21

Xususiy agentlikka aldanganlar chiqindixonada jon boqayapti. Migratsiya agentligi yordam va’da qildi (VIDEO)


Ўзбекистонда яна бир хусусий меҳнат агентлиги одамларни алдади. Бу галгисининг номи "Амили Бахора"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:25 0:00

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentligi Ozodlik radiosi taqdim etgan ma’lumot asosida Litva poytaxti Vilnyusda qullik sharoitiga tushib qolganini iddao qilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari muammosini o‘rgana boshladi.

25 dekabr kuni Ozodlik radiosiga Vilnyusda ishlayotgan bir guruh o‘zbek muhojirlari uchta videodan iborat murojaatlarini jo‘natgan edi.

Videoni jo‘natgan mehnat muhojirlaridan biri Telegram orqali Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentlik rasmiylari ular bilan 26 dekabrda bog‘langanini tasdiqladi.

O‘zbekistonning Latviya poytaxtida joylashgan Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘yicha elchixonasi ham Ozodlik radiosiga mazkur masala nazoratga olinganini bildirdi.

Ozodlikka kelgan uchta videoda, muhojirlar Samarqanddagi “Amili Bahora" xususiy bandlik agentligi” ularni aldaganini iddao qilgan edi. Muhojirlar videoda agentlik rahbarini Jahongirboy deb ataydi:

-“Amili Bahora” agentligi tomonidan Germaniyaga jo‘natilishimiz kerak edi. Ammo 15 avgustdan beri Litvada sarson-sargardon bo‘lib, qarzga botib yuribmiz. Biz Jahongirboyga ishonmaymiz. Bizlarga o‘xshab “Amili Bahora” tomonidan jo‘natilganlar yuzlab kishilarni tashkil etadi.

Yana bir muhojir videoda:

- Prokuraturaga yozdik, elchixonaga yozdik, Samarqand hokimiyatiga yozdik, birortasi yordam bera olmayapti, - deb iddao qildi.

Boshqa bir muhojir esa:

- Bizning kelganimizga uchinchi oy bo‘ldi. 2230 yevroni mendan “Amili Bahora” dollarda olgan. Hozir bu yerlarda och-yalang‘och yuribmiz. Hozir bu yerda yuzdan ortiq odam to‘planib qolganmiz. Yordam berasizlar, degan umiddamiz, - deb aytdi.

Videoda muhojirlarning ahlatxonada ishlayotganini ko‘rish mumkin. Ular bu ishlari uchun kuniga 10 yevrodan haq olayotganlarini va bu pul qorin to‘ydirishdan oshmayotganini ham aytganlar.

O‘zini Ozodlikka Jamol Nabiyev deb tanishtirgan muhojirga ko‘ra, bir necha oylik sarson-sargardonlikdan so‘ng imkoniyatini topgan sheriklari, shu jumladan, u ham o‘n kun avval O‘zbekistonga qaytishga muvaffaq bo‘lgan:

- Vilnyusda ham qolganlar ko‘p. Kim imkoniyatini qilsa, qaytib kelayapti. Masalan, menga uyimdagilar qarz olib pul jo‘natishgandi. Men qaytib keldim. Ertaga yana ikki kishi qaytib kelayapti.

Vilnyusdan qaytishga muvaffaq bo‘lgan muhojirlardan biri samarqandlik Farmon Marupov ayni paytda Litva poytaxtida O‘zbekistonga qaytish uchun moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lmagan 50 nafar o‘zbekistonlik qolganini, ular asosan Samarqand, Jizzax, Xorazm va Kattaqo‘rg‘ondan ekanliklarini bildirdi.

Unga ko‘ra, ularning har biri “Amili Bahora xususiy bandlik agentligi”ga Germaniyaga ishga jo‘natilishlari uchun kamida 40 million so‘mdan pul berishgan.

“Amili Bahora xususiy bandlik agentligi”ga aldanganini bildiriayotgan Jamol Nabiyev Samarqandga qaytgach, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganlarini, biroq ularning arizalari natijasiz qolib ketayotganini aytdi.

Bu masalada Ozodlik muxbiri Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentlikka bog‘landi. Agentlikning xususiy bandlik agentliklari faoliyatini litsenziyalashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Islombek Ibragimov bundan avval ham “Amili Bahora" xususiy bandlik agentligi”dan aldangan odamlar Youtube tarmog‘ida bu kabi videolarni joylashtirganidan xabari borligini aytdi.

- Bu masalada biz “Amili Bahora” bilan gaplashganmiz. O‘shanda agentlik o‘sha odamlarni O‘zbekistonga qaytarishga yoki boshqa bir Yevropa davlatidan ish topib berishga va’da bergandi. O‘tgan haftada biz “Amili Bahora”ga odamlarni qaytarish jarayonini boshlanglar deb qat’iy talab qo‘yganmiz. Bu haqda tegishli tashkilotlarga ma’lumotlar berganmiz. “Amili Bahora” haqida Ichki ishlarning ham xabari bor. “Amili Bahora” har biri 15 kishidan iborat uchta guruhni ishga jo‘natgan. Uch kun oldin Litvadagilardan ayrimlarini Poьshaga ishga joylashtiriganlari haqida ma’lum qilishgandi. Biz siz bergan ma’lumotlar asosida zudlikda tekshiruv ishlarini boshlaymiz va uning natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot beramiz, - dedi Islombek Ibragimov.

Ayni paytda Vilnyusda bo‘lgan muhojirlardan biri agentlik rasmiylari o‘zlari bilan bog‘langanini tasdiqladi.

O‘zbekistonning Latviya poytaxti Rigada joylashgan Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘yicha elchixonasi ham Ozodlik radiosiga mazkur masala nazoratga olinganini bildirdi. Elchixonaninig o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi Ozodlikka muhojirlarni O‘zbekistonga qaytarish masalasida ish olib borilayotganini ta’kidladi.

“Amili Baxora xususiy bandlik agentligi” bilan bog‘lanish uchun qilgan harakatlarimiz samara bermadi. Mazkur agentlik telefon raqamlariga kun bo‘yi telefon qildik, lekin hech kim javob bermadi.

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari xorijga ishlagani bormoqchi bo‘lgan odamlarni aldash holatlar so‘nggi paytda ko‘p uchramoqda.

Navoiy shahridagi Navoiy xususiy bandlik agentligi 211 nafar odamni 633 million so‘mga aldadi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 25 noyabr kuni xabar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ish qidirayotgan shaxslarga chet eldan ish topib berish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30tasi birorta ham fuqaroni xorijiy davlatlarga ishga yubormagani ma’lum qilingan edi.

Bundan tashqari Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining uch rahbari hibsga olingani aytilgan.

Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, Korean&Migrations ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan har bir kishidan 32 million 400 ming so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.

Oldinroq esa, 70 ga yaqin o‘zbekistonlik Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi Germaniya va Chexiyaga jo‘natish uchun to‘lovlarni olgani, ammo jo‘natmaganidan Ozodlikka shikoyat qilgandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG