Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:31

Fermerlar o‘z mahsulotini Yangi yil yarmarkalarida tannarxdan arzonga sotishga majburlanmoqda


Ozodlik gaplashgan chekka viloyatdagi fermerlar¸ mahsulotini arzonga sotish ustiga uni Toshkentdagi yarmarkagacha o‘zi yetkazib berishga majburlanayotganini bildirdi.
Ozodlik gaplashgan chekka viloyatdagi fermerlar¸ mahsulotini arzonga sotish ustiga uni Toshkentdagi yarmarkagacha o‘zi yetkazib berishga majburlanayotganini bildirdi.

Bir necha viloyatdagi fermerlardan Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra¸ mahalliy hokimliklar fermerlarni 10-31 dekabr kunlari Toshkent shahri¸ viloyatlar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan Yangi yil yarmarkalarida o‘z mahsulotini arzon sotishga majburlamoqda.

Bu majburlashga esa¸ Vazirlar Mahkamasining 4 dekabr kungi yig‘ilishi asosida qabul qilingan 01-03-23-2 sonli bayonnoma asos qilib keltirilmoqda. Bu hujjatda yarmarkalarga yetkazib beriladigan asosiy iste’mol mahsulotlariga qat’iy narx o‘rnatilgan.

Chekka viloyatlardagi chorvador fermerlar¸ Toshkentga o‘z hisobidan go‘sht olib borib¸ kilosini 40 ming so‘mdan sotish talabini nafaqat bozor qonunlari¸ balki amaldagi huquqiy normalarga ham zid harakat sifatida baholamoqda.

Vazirlar Mahkamasi fermer mahsuloti uchun narx belgiladi

Ozodlikka nusxasi kelgan bayonnoma “Yangi yil bayrami arafasida va bayram kunlari ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli to‘ldirish va narx-navolarni barqaror saqlanishini ta’minlash maqsadida hududlarda tashkil etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan.

4 dekabr kungi yig‘ilish bayonida viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashiga yarmarkalarga yetkaziladigan bir dona tuxumni 700 so‘m¸ bir kilo tovuq go‘shtini 18 ming so‘m¸ mol va qo‘y go‘shtini 40 mingdan sotish belgilab berilgan.

Fermerlarga majburlab go‘shtni arzon sottirishdan oldin chorva uchun arzon yem (shrot, sheluxa) beramiz¸ deb aldagan edilar. Bu safar to‘g‘ridan-to‘g‘ri¸ hech narsasiz tadbirkorga mahsulotingni arzon sot¸ deyapti. Toshkentda go‘sht 55-60 ming so‘m, 40 mingdan sotasan¸ deyapti. Vazirlar Mahkamasining bu qarori qaysi qonunchilikka to‘g‘ri keladi?”¸ deydi Qoraqalpog‘istondan Toshkentga arzon go‘sht yuborishga majburlangan fermerlardan biri.

Ozodlikka yuborilgan rasmiy hujjatlardan mahalliy hokimlarning 10 dekabrdan 31 dekabrga qadar tuman va viloyat markazlari barobarida Toshkentdagi Yangi yil yarmarkalariga qaysi fermer xo‘jaligining belgilangan arzon narxda qachon va qancha mahsulot etkazib berishi aniq belgilab qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Biz hozir o‘z hisobimizdan barcha xarajatlarni to‘lab Toshkentga olib boramiz, o‘zimiz molni so‘ydiramiz va bozorga olib borib topshiramiz. Prokuratura va boshqa komissiya topshirganimizni surat va videoga oladi, keyin toshkentlik qassoblar sotib shu kuni pulini beradi 40 ming so‘mdan. 40 mingga topshirayotgan go‘sht bizga 50 ming so‘mdan tushayapti”¸ deydi Toshkentga go‘sht yetkazib berishga majburlanayotgan janublik fermerlardan biri.

“Arzon bozor an’anasi fermerni sindirmoqda”

10 dekabrdan beri aksar shaharlar¸ xususan¸ poytaxt Toshkentda Yangi yil yarmarkalari tashkil qilingan va mahalliy matbuot hukumatning bu harakati olqishlangan xabarlar bermoqda.

Xususan¸ O‘zA 24 dekabr kuni “yarmarkada 40 ga yaqin turdagi oziq-ovqat mahsulotlari aholiga bozorga nisbatan arzonligi bilan manzur bo‘lmoqda”¸ deb yozdi.

Ozodlik gaplashgan fermerlar hukumatning bayram oldi xalqqa yoqish uchun qilayotgan populistik harakatlari tovonini o‘zlari to‘layotganini aytadi.

Tadbirkorning mahsulotini tannarxidan arzon sotasan deb aytishga hech kimda huquq yo‘q. Bozorda go‘shtni arzonlatish uchun arzon olgan paxtadan chiqqan em, yoki arzon bug‘doydan chiqqan kepakni bozorga arzonlatib sottirsin xukumat, keyin chorva ko‘payib¸ go‘sht arzon bo‘ladi. Tadbirkorga tegma deb katta gapiradida¸ orqasidan bunaqa ishlar qiladi. Fermer ham tadbirkor, NDSni birinchi bo‘lib to‘laydi. Aholi NDS to‘lamaydigan go‘shtni 55 mingdan sotsa-da¸ fermer 15 foiz NDSlik go‘shtini 40 mingga sotsa¸ qanday qilib raqobat bo‘ladi. Biz sinib ketamizku!"

Ozodlik chorvador fermerlar e’tirozlari bo‘yicha izoh so‘rab¸ ular tilga olgan ayrim tuman hokimliklariga bog‘landi.

Hokimlik rasmiylari¸ Yangi yil yarmarkalari Vazirlar Mahkamasining buyrug‘i bilan har yil tashkil etib kelinayotgani va aholi bundan mamnun ekanini bildirdi.

Har bir rayonga Toshkentdagi yarmarkalar biriktirib qo‘yilgan. Bizga hech kim norozilik bildirgan yo‘q”¸ dedi Ozodlik gaplashgan tuman hokimliklaridan biri rasmiysi.

Toshkentdan belgilangan narxda o‘z zarariga mahsulotini o‘zi Toshkentga olib borib berayotgan fermerlar Ozodlik bilan suhbatda “ochiq norozilik bildirmayotganini” e’tirof qildi.

Hokimliklarda tashkil etilgan komissiyalarga prokuror¸ soliqchi kiritilgan. Yo‘q deb ko‘ringchi¸ bir kun ham ishlatmaydi”¸ deydi fermerlardan biri.

“Bozorni buyruq emas¸ monopolistni yo‘qotish orqali arzonlatish mumkin”

27 dekabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan chorvador fermerlar¸ xalqning e’tiroziga sabab bo‘layotgan go‘sht narxining oshishiga fermer emas¸ qishloq xo‘jalik sektorini ham o‘z changaliga olgan monopolistlar aybdor¸ deydi.

Qaysidir mahsulot arzon bo‘lishi uchun ko‘p yetishtirilishi kerak. Talab va taklifni muvozanatga soladigan haqiqiy bozor munosabatlari bo‘lishi kerak. Eng asosiysi¸ monopoliyani yo‘qotish kerak. Hozir fermer oladigan narsalarini hammasini monopolistlardan ular belgilagan qimmat narxda olishga majbur. Mineral o‘g‘it va yonilg‘idan tortib yemgacha faqat bir ta’minotchi korxona sotadi. Fermer erkin bo‘lishi kerak. Tepadan aralashish bo‘lmasligi kerak. Me’yoriy hujjatlarda barqarorlik bo‘lishi kerak. Hozir bugungi qarorga ishonib ish boshlaysiz¸ keyingi yili boshqa qaror chiqadi shu bilan rejalaringiz barbod bo‘ladi. Ey¸ bu gaplarni yillardan beri aytamiz¸ o‘zgarish yo‘q”¸ deydi joriy hukumatning qishloq xo‘jalik siësatidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmagan fermer.

Fitch reyting agentligi hisobicha¸ 2019 yilda O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasi 14,9 foiz¸ kelasi yil esa¸ 16 foizni tashkil etadi.

Asosiy iste’mol mahsulotlari narxining muttasil qimmatlab borayotgani aholi nozoriligiga sabab bo‘layotgani fonida hukumat katta bayramlar oldida ma’muriy bosim vositasida narxlarni sun’iy ravishda arzonlatishga urinib kelmoqda.

Xususan¸ joriy yil iyulida go‘sht narxining 60 ming so‘mga chiqishi ortidan Toshkentda go‘sht narxini sun’iy ravishda tushirish uchun maxsus tashkil etilgan rastalarda 1 kg mol go‘shti 34-39 ming so‘mdan sotilgan edi.

Ammo bu va boshqa shunday urinishlar ko‘p o‘tmay arzonlatilgan mahsulotlarning taqchillashishi va ular narxining yanada ko‘tarilishi bilan yakun topmoqda.

XS
SM
MD
LG