Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:31

OzodTa'sir-2019: Hokimlar tanbeh oldi, IIB boshlig‘i ishdan ketdi, MIB boshlig‘i uzr so‘radi


Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev (chapda) va Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov.
Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev (chapda) va Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

2019 yil davomida Ozodlikda nashr etilgan yuzdan ortiq xabar va maqolalarda keltirilgan faktlar joylardagi mahalliy idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘rganib chiqildi va qonunbuzarlik holatlariga baho berildi.

Xodimlarini haqorat qilgan hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, MIB boshliqlari va boshqa amaldorlar o‘z xodimlaridan, aholidan, prezidentdan kechirim so‘radi.

“Sizdan Telegram” loyihasida nashr etilgan o‘nlab xabarlarda tilga olingan muammolar esa, odatda bir kundayoq hal etildi.

OzodTa’sir ruknidagi quyidagi maqolada rezonansi kuchli bo‘lgan ba’zi maqolalar va ularga rasmiylarning munosabati qanday bo‘lganini eslab o‘tamiz.

Hokimlar jazo oldi, lekin tahdid davom etmoqda

Avvalo, O‘zbekistondagi ba’zi viloyat va tuman hokimlari bilan voqealarga to‘xtalamiz. Ozodlikka yuborilgan audiolarda viloyat va tuman hokimlarining qo‘l ostidagi xodimlarini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani, shaxsini tahqirlagani, hatto blogerlarning “janozasini o‘qish” bilan tahdid qilgani haqida gap bordi.

Shuhrat G‘aniyev
Shuhrat G‘aniyev

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ro‘mol o‘ragan ayollarga “ro‘molini og‘zingga tiqaman” degan tahdidi uchun Senatda kechirim so‘ragan, Senat hokimga o‘zini o‘nglashi uchun uch oy muddat bergan bo‘lsa ham, lekin Shuhrat G‘aniuev 2 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Quvada gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sish voqeasini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan shaxsning “janozasi o‘qilmagani” uchun Quva tumani hokimini tergaydi.

Hokimning uch oylik tarbiyalanish muddati tugamay turib, yana tiliga erk bergani va blogerni o‘ldirish bilan tahdid qilganini bu safar Bosh prokuratura e’tiborsiz qoldirmadi.

Bosh prokuratura Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 14 dekabr kuni Farg‘ona viloyat hokimi Sh.G‘aniyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qaerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotgani haqida xabar berdi.

Shuhrat Abdurahmonov
Shuhrat Abdurahmonov

Ozodlik Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov iyun oyida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni vazirlikka shikoyat qilgani uchun umumiy majlisda “iflos, hayvon, shakal, hezalak, karranda, maymun” deb haqorat qilgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatga munosabat bildirdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, viloyat aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun dori vositalari va boshqa zarur tibbiy buyumlar sotib olinishi uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari tibbiy sertifikati bo‘lmagan shprits va qo‘lqop sotib olishga majburan yo‘naltirilgan.

Prezident esa Andijon viloyat hokimiga faqat tanbeh berdi: “Seni hurmat qilaman. Lekin internetdagi gaplar dilimni og‘ritdi. Og‘ir-bosiq bo‘l. Sadoqat boshqa, amal boshqa”,degan so‘zlaridan Kun.uz. iqtibos keltirgan.

Viloyat hokimlarining so‘kong‘ichlik estafetasini 2019 yilda tuman hokimlari ham davom ettirdi.

“Dumbul mojarosi” bilan tanilgan Qashqadaryo viloyat, Mirishikor tuman hokimi Ravshan Komilov fermerlarni paxtani kultivatsiya qilmagani, dorilamagani va sug‘ormagani uchun tahqirlaydi, uradi, so‘kadi.

Mirishkor tumani sobiq hokimi Ravshan Komilov
Mirishkor tumani sobiq hokimi Ravshan Komilov

Ozodlik hokimning mushtumzo‘rligi va so‘kong‘ichligi aks etgan audioni nashr etgach, Ravshan Komilov bu xatti-harakatlarini viloyat prokuraturasi tekshirdi va hokim ishdan olindi.

Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev¸ buldozerchi buyrug‘ini bajarmaganidan so‘ng, o‘zi buldozerga chiqib, uni ishlab turgan do‘kon ustiga haydagan, do‘kon egasi esa uning ustiga benzin sepib yoqib yuborgan edi.

Mansur Tuymayev
Mansur Tuymayev

Ozodlikning bu haqdagi maqolasi e’lon qilingach, prokuratura tekshiruv boshladi va noqonuniy ish tutgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi.

Tergov davomida Yakkabog‘ tumani xokimining o‘rinbosari M.Tuymayevning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, unga nisbatan JKning 192[1]-moddasi 3-qismi “a” bandi va 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilingan hamda munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi “tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

So‘kong‘ich MIB boshliqlari ham uzr so‘radi

O‘z xodimlarini “hayvon, suka, b...d, j...b, iflos, p...z, k...t, chmo, q...q kabi shaxsni tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgan Samarqand, viloyat, Payariq tumani Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Zafar Qosimov Ozodlik maqolasidan so‘ng uzr so‘radi.

MIBning Samarqand viloyat boshqarmasi xabarida aytilishicha, ayni paytda Zafar Qosimovning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi harakatlari olib borilmoqda va tekshiruv natijalari qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

МИБ бошлиғи деб ишонилаётган амалдорнинг ўз ходимларини ҳақоратлаётгани яширин камерага тушди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:33 0:00

Bundan avval esa Namangan viloyati Uychi tumani Majburiy ijro byurosining boshlig‘i Sherali Mamarizayev qo‘l ostidagi xodimlarining onasini yoppasiga haqorat qilgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng boshliq ishdan bo‘shatilgan edi.

Fermerlarni tahqirlagan IIB boshlig‘i ishdan haydaldi

19 iyul kuni Ozodlik Kasbi tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovning buyrug‘i bilan fermerlarning qo‘liga kishan solinib, avtobusga ikki soat qamab qo‘yilgani haqida xabar bergan va bu zo‘ravonlik aks etgan videoni ham taqdim etgan edi.

Қашқадарёда ИИБ бошлиғи жазирамада фермерларни икки соат автобусга қамаб жазолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:31 0:00

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi “Kasbi tumani IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovning fermerlarga nisbatan harakati yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot” e’lon qildi.

Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra¸ Kasbi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Ch.Ko‘charov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari ishdan olindi

24 oktabr kuni Toshkent viloyat, Yangiyo‘l tuman Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi katta inspektori Usmon Zamonov ham lavozimidan chetlatildi.

Таксичиларни "сўккан замначальник” аудиодаги овоз уники эмаслигини иддао қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

Zamonovning ishdan olinishiga 22 oktabr kuni Ozodlik yozgan maqola ham sabab bo‘ldi. Ozodlikka yuborilgan audioda o‘zini “GAI zamnachalnigi Usmon” deb tanishtirayotgan shaxs “Yangiyo‘lliklar” Telegram kanalida haydovchilarning bir-birini YHXH inspektorlari qaerda turganligi haqida ogohlantirgani uchun uyatli so‘zlar bilan so‘kkan.

Ozodlik savollariga javob bergan Usmon Zamonov Telegram kanalida tarqatilgan ovoz uniki emasligini iddao qilgandi.

Sudya ham javobgarlikka tortildi

Ozodlik radiosi Navoiy viloyat ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi raisi joriy yil fevral oyida qo‘l ostida ishlovchi 31 yoshli xodimi Dilshod Norovni ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida yerga yotqizib tepkilagani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Navoiy viloyat ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi raisi Otabek Toshevga nisbatan jinoyat ishi ochib, tergov harakatlari olib bordi.

Bu haqda 23 may kuni Oliy sud rasmiy bildiruvida aytilishicha, Oliy sud Plenumining 20 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Navoiy viloyat ma’muriy sudi raisi Otabek Toshevni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risidagi taqdimnoma ma’qullangan.

Fermerlar faoliyati yil davomida Ozodlik nigohida bo‘ldi

O‘zbekistonlik fermerlarning haq-huquqlari mahalliy hokimlar tomonidan toptalgani haqida Ozodlik yil davomida muntazam xabar berib keldi.

Chirigan urug‘lik kartoshka
Chirigan urug‘lik kartoshka


Andijon viloyatidagi 31 nafar fermer 5 aprel kuni o‘tgan yili urug‘lik kartoshka olish uchun “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi tarkibidagi “Gold Atlas Global” MChJga o‘tkazgan jami 685 million so‘m pulini qaytarib ololmayotgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng, bir hafta ichida fermerlar hisob raqamiga pul o‘tkazib berildi.

Ozodlik maqolasidan so‘ng Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashtirilgan “To‘lqin Dang‘ara ravnaqi” fermer xo‘jaligiga tuman hokimi qarori bilan 32,5 gektar yer ajratib berildi.

"To‘lqin Dang‘ara ravnaqi" chorvachilik fermer xo‘jaligi
"To‘lqin Dang‘ara ravnaqi" chorvachilik fermer xo‘jaligi


Ozodlik fermerning 37,5 gektar yeri asossiz ravishda olib qo‘yilib, boshqa fermerga qo‘shib berilgani haqida 2 aprel kuni xabar bergan edi.

Ozodlikka javob bermagan mulozimga jazo berildi

23 may kuni O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati 22 may kuni Ozodlikda chop etilgan “Qashqadaryolik tadbirkorlar Jizzaxdagi obodonchilik ishlariga pul o‘tkazishga majburlanayapti” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, “Yakkabog‘ tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari Asliddin Rustamovdan “Ozodlik” radiosi muxbiri qo‘ng‘iroq qilganda nima uchun javob berishdan bosh tortganligi so‘ralganda, aynan o‘sha vaqtda u tog‘li hududda o‘tkazilayotgan tadbirda ishtirok etayotgani va aloqa sifati yaxshi bo‘lmaganligi uchun javob bera olmagani sabab qilib ko‘rsatildi.

Ammo shunga qaramasdan, inspeksiya rahbari Asliddin Rustamov ommaviy axborot vositalarining murojaatiga tezkorlik bilan munosabat bildirmaganligi bois, Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan unga nisbatan “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Ko‘zbo‘yamachilikka javob

Ozodlik yil davomida prezident boradigan hududlarda obodonlashtirish ishlari ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinayotgani haqida maqolalar yozib bordi.

Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari
Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari


Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bo‘kaga qilgan 1 iyun kungi tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinikadan 25 may kuni Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga "ijara"ga olib ketilgan mebellar Ozodlik maqolasidan so‘ng poliklinikaga qaytarildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan vrachlarning aytishlaricha, 18 iyun kuni maqola e’lon qilinganidan so‘ng, o‘sha tun soat 2 da ikkita yuk mashinasida mebellar Bo‘kadan olib kelingan.

Shuningdek, Ozodlikning Sizdan Telegram loyihasida chop etilgan o‘nlab maqolalarda joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tanqid qilingan, mahalliy rasmiylar esa bu muammolarni hal qilganligi haqida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG