Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:40

Turkman prezidenti diskoteka uyushtirib, dijeylik qildi (VIDEO)


Turkman nashrlari prezident o‘tkazgan Yangi yil bazmini «erkin ijod tantanasi” deb alqadi.
Turkman nashrlari prezident o‘tkazgan Yangi yil bazmini «erkin ijod tantanasi” deb alqadi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Yangi yil tadbirlaridan birida ijrochi, dijey va lektor sifatidagi «mahoratini namoyish qildi».

Ozodlik radiosi turkman xizmatining yozishicha, 27 dekabr kuni Ashxoboddagi «Mizan» markazida Turkmaniston rahbari bir soat davomida qo‘shiq aytgan, dijeylik qilgan va yig‘ilganlarga musiqa asboblarining turliligi borasida leksiya o‘qigan. Bu konsert davlat televideniyesi orqali ko‘rsatilgan.

Hukumat nashrlari bu tadbirni «erkin ijod tantanasi” deb alqadi. Tadbirda hukumat a’zolari, deputatlar va taniqli san’at namoyandalari ishtirok etdilar. Ular prezident aytayotgan qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lishdi va raqslarga tushishdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Chori Gilijov, parlament raisi Gulshat Mamedova va boshqa mansabdor shaxslar qiziqchilar Tikgi, Shemka, Podtish bilan bir qatorda Gurbanguli Berdimuhamedov chiqishini o‘rinlaridan turib, gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.

Tadbir davomida prezident o‘zi yozgan bir nechta qo‘shiqni ham ijro etgan. Ular orasida “Rovach” laqabli otga bag‘ishlangan rep uslubidagi qo‘shiq ham bor edi.

Bu tadbirdan tashqari, Yangi yil arafasida Gurbanguli Berdimuhammedov Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan Yangi yil bazmida ham ishtirok etgan. Lekin bu tadbirda u “o‘z mahoratini ko‘rsatmagan”, ya’ni qo‘shiq aytib, musiqa chalmagan edi. Uning o‘rniga hukumat a’zolari “san’atlarini namoyish” qilganlar.

O‘sha tadbirda parlament raisi Gulshat Mamedova ishtirokida to‘y sahnasi, bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Gurbanmurod Mezilov ishtirokida kurash sahnasi, Ashxabod xokimi Shomuhammed Durdiliyev ishtirokida lezginka raqsi ijro etildi.

Hukumat nashrlari bu tadbirlarni yoritar ekan «2020 yil o‘zgacha bir yorqin tarzda mamlakatimiz hayotiga kirib keldi”, deb yozdi.

Turkmanistonda Yangi yil tadbirlari davom etmoqda. Turkman matbuotining bildirishicha, 1 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasida shaxsan Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z otalig‘iga olgan bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun bazm o‘tkazilgan. Unda tarbiyalanuvchilarga prezident sovg‘alari topshirilgan.

XS
SM
MD
LG