Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:46

Eron AQShning Iroqdagi qo‘shinlariga raketa hujumi uyushtirdi, qancha kishi qurbon bo‘lgani aniq emas


Iroqdagi AQSh bazasiga berilgan raketa zarbasi.
Iroqdagi AQSh bazasiga berilgan raketa zarbasi.

Eron mashhur harbiy qo‘mondoni o‘tgan haftada o‘ldirilgani ortidan o‘ch olish maqsadida AQShning Iroqda joylashgan qo‘shinlariga ballistik raketalar bilan zarba berdi.

Eron davlat televideniyesi Iroqdagi AQSh nishonlariga 8 dekabr tong qorong‘isida 15 ta raketa uchirganini xabar qildi. AQSh harbiylari bildirishicha, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya harbiy xizmatchilari joylashgan kamida ikkita inshootga zarba berilgan.

Odamlar qurbon bo‘lganmi-yo‘qmi - hozircha ma’lum emas.

Eron Islom inqilobi soqchilari korpusi (IISK) hujum uchun mas’uliyatni zimmasiga oldi, deya xabar tarqatdi mamlakatning davlatga qarashli telekanallari va axborot agentliklari.

IISK ma’lum qilishicha, hujum “Quds” maxsus qo‘shini qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘tgan haftada Bag‘dodda o‘ldirilgani uchun o‘ch olish maqsadida uyushtirilgan.

AQSh qo‘shinlari joylashgan “Ayn al-Asad” bazasiga hujum “to‘liq muvaffaqiyatli” bo‘ldi, deyiladi IISK bayonotida.

AQSh prezidenti raketa hujumidan ko‘p o‘tmay, Tvitterda “Barchasi joyida!” degan izoh qoldirdi, talofat haqida gapirmay, “Hozircha hammasi yaxshi”, deya qo‘shimcha qildi.

− AQShning Iroqdagi bazalariga hujum qilingani haqidagi xabarlardan voqifmiz, − dedi Oq Uy vakili jurnalistlarga. − Prezident Donald Trampga bu haqda qisqacha axborot berildi, u vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassislar bilan kengashmoqda.

Eron davlat televideniyesi isbot keltirmay iddao qilishicha, o‘sha hujum oqibatida “AQShning kamida 80 nafar terrorchi askari o‘ldirilgan”, yana “Ayn al-Asad” bazasidagi vertolyotlar, dron va boshqa vositalarga zarar yetgan.

Iroq harbiylari 22 ta raketa uchirilganini aytdi. Aytishlaricha, “Iroq harbiy xizmatchilari orasida qurbon bo‘lganlar yo‘q”.

Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy televideniye orqali gapirib, hujumni Qo‘shma Shtatlar yuziga tortilgan “shapaloq” deb atadi.

Eron mudofaa vaziri Amir Hotamiy davlat televideniyesi muxbiriga, mabodo Vashington o‘ch oladigan bo‘lsa, Eron shunga “mutanosib” kuch bilan javob berishini aytdi.

‒ Biz qisqa masofaga uchuvchi raketalarni ishga soldik... Bu Amerikaga esidan chiqmaydigan saboq bo‘ladi, deb umid qilaman, ‒ dedi Hotamiy.

Hujumdan so‘ng tarqalgan xabarlarda Fransiyaning Air France va Germaniyaning Lufthansa singari bir qancha yirik aviakompaniyalari Iroq va Eron ustidan o‘tadigan marshrutlariga o‘zgartirish kiritishi aytilmoqda. AQSh aviakompaniyalariga ham o‘sha joy ustidan uchish taqiqlandi.

Hujumlar Sulaymoniy 7 yanvarda dafn etilgandan so‘ng uyushtirildi.

Eronning harbiy rahbarlari va Iroqdagi eronparast kuchlar qo‘mondonning o‘limi uchun o‘ch olishga va’da bergan edi.

Bir kun oldin AQSh mudofaa vaziri Mark Esper Vashingtonda jurnalistlarga Eron Sulaymoniyning o‘limi uchun “qandaydir yo‘l yoki shaklda” o‘ch olajagini kutayotganini aytgan edi.

− Biz har qanday holatga tayyormiz. Ular nima qilsa ham, tegishli tartibda javob beramiz, − deya ogohlantirdi u.

Jon Hopkins universiteti professori Stiven Devid “Amerika ovozi” radiosiga Eronning o‘ch olishi kutilmagan holat bo‘lmaganini, biroq Tehron raketadan ancha kuchli bo‘lgan ballistik raketalar bilan o‘z hududidan zarba berganidan hayron qolganini aytdi.

− Men Eron o‘z hududidan zarba berganidan hayron qoldim... − dedi Devid. – Hujum manbai qayer bo‘lgani aniq edi; ular buning uchun ballistik raketalardan foydalanayotgani odamni hayron qoldirdi va bu vaziyatni og‘irlashtirishi aniq”.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG