Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:29

Tramp Eron bilan urush jari yoqasidan qaytmoqda, tahdid tugadimi?


Tramp 8 yanvardagi murojaatida Eronning terrorizmni qo‘llayotganiga bo‘lgan nafratini tinchlik va hamkorlik so‘zlari bilan qorishtirib yubordi. Oq uy, 2020, 8 yanvar.
Tramp 8 yanvardagi murojaatida Eronning terrorizmni qo‘llayotganiga bo‘lgan nafratini tinchlik va hamkorlik so‘zlari bilan qorishtirib yubordi. Oq uy, 2020, 8 yanvar.

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan mojaroni keskinlashtirmoqchi emasligini aytdi. U AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga berilgan raketa zarbalari ortidan o‘ch olish uchun harbiy kuchdan foydalanmasligini ma’lum qildi.

Tramp 8 yanvardagi ancha kutilgan murojaatida Eronning terrorizmni qo‘llayotganiga bo‘lgan nafratini tinchlik va hamkorlik so‘zlari bilan qorishtirib yubordi. Jahon ahli Yaqin Sharqdagi urush chiqib ketishidan xavotirda edi.

Tramp Qo‘shma Shtatlar Eronning raketadan hujumiga javoban Erondagi nishonlarni “yirik, qudratli, aniq, ko‘p talofat keltiradigan va tezuchar” raketalar bilan yo‘q qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, iqtisodiy qudrati bilan zarba berishini ma’lum qildi.

− Buyuk harbiy qudrat va qurollarga ega ekanimiz ulardan foydalanishimizni anglatmaydi. Biz ularni ishlatishni istamaymiz, − dedi Tramp.

Prezident Eron bilan uning yadro dasturi bo‘yicha yangi bitim tuzmoqchi ekanini aytdi. Ayni shu masala ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Prezidentga ko‘ra, bunday bitimga erishish Eronning jadal rivojlanishi va gullab-yashnashiga sabab bo‘ladi.

Eron buyuk mamlakat bo‘lishi mumkin, − dedi u.

Vashingtondagi Yaqin Sharq institutining yetakchi xodimi Aleks Vatanka “Ozodlik” muxbiriga Tramp Eron bilan mavjud muammoga diplomatik yechim topish uchun “eshikni ochiq qoldirgani”ni aytdi. Fikricha, Eron ham raketalar bilan hujum qilgan bo‘lsa-da, hech kim qurbon bo‘lmagani Trampga vaziyatni yumshatish uchun imkon berdi.

Eron 8 yanvarda Iroqdagi AQSh va uning ittifoqchilari qo‘shinlari joylashgan ikkita harbiy bazaga o‘nlab raketalar bilan zarba bergan edi. Vatanka Eron ataylab odamlar qurbon bo‘lishini istamaganini taxmin qildi.

Tramp hech kim qurbon bo‘lmagani va kam talofat ko‘rilgani sababli “Eron chekinayotganga o‘xshaydi”, deb aytdi. Uning ushbu nekbin so‘zlaridan so‘ng neft narxi 5 foiz pasaydi.

Biroq ekspertlar AQSh bilan Eron o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotgan masalalar hali ko‘rib chiqilmagani va vaziyat yanada taranglashishi mumkinligini aytmoqda.

Sulaymoniyning o‘limidan oldin, 27 dekabrda AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga raketa hujumi sabab 1 kishi halok, 4 kishi esa yarador bo‘lgan, undan bir kun oldin esa eronparast jangarilar AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga bostirib kirgan edi.

Tramp bu ishlarni Sulaymoniy uyushtirganini iddao qilib, uning o‘ldirilishi sababini go‘yo “amerikaliklar hayotiga tahdid qilgani” bilan oqlamoqchi bo‘ldi.

Demokratlar bu hodisani o‘ylamay qilingan ish deb atadi hamda Trampning Eronga nisbatan siyosati mamlakatni urush domiga itarayotganini, Sulaymoniy amerikaliklarga tahdid qilgani isbotlanmaganini aytdi.

Demokrat senator Kris Merfi Sulaymoniyning o‘ldirilishi Qo‘shma Shtatlar uchun “falokatli” oqibatlarga olib kelganini, ya’ni Iroq AQSh qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yubormoqchi bo‘layotganini, Eron esa yadro dasturi bo‘yicha bitimdan chiqib ketishi mumkinligini aytdi.

Tramp nutqida Eron bilan AQShning munosabatlari buzilgani uchun aybni o‘tmishdoshi Barak Obamaga to‘nkadi. Amaldagi prezident Obamani Eronning uranni boyitish dasturi ustidan xalqaro nazoratni kuchaytirish hisobiga sanksiyalarni yengillatishga rozi bo‘lgani uchun aybdor deb bilishini aytdi.

O‘sha kelishuv sabab bank hisoblarida milliardlab dollarlik mablag‘lar Eronga qaytarilgan edi.

‒ O‘tgan kechasi raketalar bizga va ittifoqchilarimizga qarata o‘t ochdi, buning xarajatlari oldingi ma’muriyat ruxsat bergan mablag‘lar hisobidan to‘landi, ‒ dedi Tramp.

Lekin ko‘pchilik tahlilchilar Vashington bilan Tehron o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuviga Trampning AQShni Eronning yadro dasturi bo‘yicha erishilgan bitimdan chiqarib olgani sabab bo‘lganini aytmoqda.

Tramp nutqini Eronga hech qachon yadro dasturiga ega bo‘lish imkonini bermasligini aytish bilan boshladi.

Eron oziq-ovqat yetishmovchiligi va norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan sanksiyalar uchun neft tankerlariga, AQShning Iroqdagi bazasiga, Saudiya Arabistonining neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish bilan o‘ch oldi.

Ekspertlar fikricha, Trampning Eronga qarshi boshqa sanksiyalar qo‘llash haqidagi bayonoti AQShning bu boradagi siyosati o‘zgarmasligini ko‘rsatadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG