Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:34

"Shuhrat Dombrabadskiy" "masjid faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikda" ayblanib 4 yilga qamaldi


Shuhratilla Nosirov
Shuhratilla Nosirov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining 2019 yil 24 dekabr kuni chiqarilib¸ joriy yilning 20 yanvaridan kuchga kirgan ajrimiga binoan 62 yashar Shuhratilla Nosirov 4 yil qamoqda jazo o‘taydigan bo‘ldi.

Nosirov ayni sudning 2019 yil 13 sentabridagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 145-moddasining 1-qismi ("Vijdon erkinligini buzish"), 165-moddasi 3-qismining “a” bandi ("Tovlamachilik"), 227-moddasi 2-qismining "a" bandi ("Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish") da aybdor deb topilgan edi.

Nosirov advokatlari kiritgan appelyatsiya shikoyati bo‘yicha¸ sud o‘zidan avvalgi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. Sud hukmiga ko‘ra¸ Shuhratilla Nosirov Zarafshon shahridagi qattiq rejimdagi koloniyaga etap qilingan.

Koloniyada uni ko‘rib kelgan yaqinlarining Ozodlikka 20 yanvar kuni aytishicha Nosirov prezident tarafidan afv qilinishiga umid qilmoqda.

Nimada ayblandi?

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan va maxfiy degan grif yopishtirilgan ayblov xulosada Shuhratilla Nosirov “masjidning diniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikda” ayblanadi.

Nosirov hibsga olinishidan uch hafta o‘tib¸ 2018 yil 1 iyulida "O‘zbekiston-24" telekanali u haqida "Manmanlikning oxirgi bekati" nomli hujjatli filmni namoyish qilgan edi.

YouTube tarmog‘iga joylashtirilgan filmda Shuhratilla Nosirov va uning akasi o‘ta og‘ir jinoyatchi sifatida tasvirlanadi.

Tergov materiallari asosida tayyorlangan mazkur filmda da’vo qilinishicha, aka-uka Nosirovlar Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi "Nosirxon" jome masjidini "muqaddam o‘z hisoblaridan qurdirganliklarini aytib, uni o‘zlarining shaxsiy mulkiga aylantirishga uringan".

Marhum prezident bilan hajga borgan avtoritet

Toshkentliklar orasida "Shuhrat Dombrabadskiy" nomi bilan tanilgan Shuhratilla Nosirov 90-yillarda "o‘g‘irlangan mashinalarni topib beradigan" avtoritet sifatida tanilgan.

Nosirov 1992 yili O‘zbekiston prezidenti bilan bir guruhda hajga borgani bilan mashhur bo‘lgan.

U 1993 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va ikki "raskrutka" bilan jami 23,5 yil qamoqda o‘tirgan.

Dastlabki hukmda ta’kidlanishicha, Shuhratilla Nosirov "avtomobil vositalarini olib qochish, boshqalar mulkini tortib olish, tamagirlik, o‘g‘rilik, mol-mulkka qasddan ziyon yetkazish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish mollarini noqonuniy o‘zlashtirish"da aybdor deb topilgan.

Nosirov 2016 yil 18 avgustda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi qarori bilan, muddati tugagani bois qamoqdan ozod qilingan edi.

Ozodlik gaplashgan yaqinlari, qamoqdan chiqqandan keyin Shuhrat Nosirovning "hech kimga qo‘shilmay, osuda" hayot kechirib kelganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG