Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:32

OzodTa'sir: Maktablar ishiga asossiz aralashgan hokim muovini hayfsan oldi


O‘zbekistondagi maktablardan birining sinfxonasi.
O‘zbekistondagi maktablardan birining sinfxonasi.

O‘rta Chirchiq tumani hokimining o‘rinbosari maktablar faoliyatiga asossiz aralashganligi uchun “hayfsan” oldi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati​ 31 yanvarda xabar qildi.

22 yanvar kuni Ozodlik “Hokimlik Prezident qaroriga zid ravishda maktablarda tekshiruv o‘tkazmoqda” mavzusida maqola e’lon qilgan edi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazirlikning Nazorat-huquqiy xizmati "Ijtimoiy tarmoqlarda" (O‘zbekistondagi idoralar Ozodlik materiallariga munosabat bildirar ekan, odatda "Ijtimoiy tarmoqlarda" degan iborani ishlatadi) Ozodlik ko‘targan holat yuzasidan o‘rganish ishlarini tashkil qilgan va quyidagilarni aniqlagan:

"Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Sultonov Farhod Akromovichning buyrug‘i asosida tuman moliya, DSENM va Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, dars mashg‘ulotiga xalal bergan holda tumandagi 6 ta umumta’lim maktablarida tekshiruv o‘tkazilgan.

Ishchi guruh a’zolari dars mashg‘ulotlariga xalaqit bergan holda o‘qituvchilarning konspekt daftarlari, darsga tayyorligi, kundaliklar, maktabda ijro va mehnat intizomiga rioya qilinishi hamda o‘quvchilarni darsdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb etilish holatlarini tekshirgan", - deyiladi Xalq ta’limi vaxirligi matbuot xizmati bildiruvida.

Shundan so‘ng vazirning Nazorat-huquqiy xizmati xodimlari ishtirokida 27 yanvar kuni O‘rta Chirchiq tumani hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, tuman hokimining o‘rinbosari F.A.Sultonovning noqonuniy harakati muhokama etilgan.

"O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimida boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3931-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi 352-sonli qarori talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi ta’kidlandi.

Muhokama yakuniga ko‘ra tuman hokimining o‘rinbosari F.A.Sultonovga umumiy o‘rta ta’lim maktablar faoliyatiga asossiz aralashganligi, pedagog xodimlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimi O.Nurmatovning 19-F sonli farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq “Hayfsan” intizomiy jazosi e’lon qilindi", - deyiladi Xalq ta’limi matbuot xizmati bildiruvida.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatda O‘rtachirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Sultonov tekshiruvlarni tumandagi barcha 63 ta maktabda o‘tkazish haqida buyruq bergani aks etgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil iyul oyidagi hukumat majlisida o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligini ta’kidlagan edi.

Xalq ta’limi vazirligi rasmiylari agar o‘qituvchilar va xalq ta’limi muassasalari xodimlarining ishiga noqonuniy aralashuvlar bo‘lsa va ularning qonuniy huquqlari buzilsa “Ustoz ovozi” virtual inspektoriga murojaat qilishlarini tavsiya etmoqda.

XS
SM
MD
LG